Zamonaviy texnikalar soni yana ikkitaga ko'paydi

    Transport 24 Noyabr 2020 1357

    Bugungi kunda mamlakatimiz temir yo'llarining uzunligi 7500 kilometrga etdi.

    Mazkur po'lat izlarda harakatlanayotgan yuk va yo'lovchi poezdlar soni, tashilayotgan yuklarning hajmi, shuningdek, yo'lovchilar soni ham yil sayin ortib bormoqda. SHu bois, soha xodimlarining oldida turgan eng birinchi vazifa harakat xavfsizligini ta'minlash hisoblanadi.

    Bugun Toshkent markaziy vokzalida taqdimoti o'tkazilgan, temir yo'llarni sozlashda ishlatiladigan zamonaviy texnikalar ham aynan harakat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bu texnikalar bilan har ikki soatda 1 kilometr temiryo'lni sozlash mumkin. Ahamiyatli jihati shundaki, bu texnika rel`s ustida yurgan holda po'lat izlarni tekislaydi, bir vaqtning o'zida rel`slarni ko'tarib, shpallar ostiga toshlarni joylashtiradi hamda tekislab, yo'lning sozligini ta'minlaydi. Har qanday ob-havo sharoitida ham po'lat izlarni bemalol ta'mirlash imkoniyatini beradi.

    Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda ayni kunda tarmoqda bunday texnikalar soni 20 tadan ortiqni tashkil qilib, respublikamizning barcha hududlaridagi temir yo'llarni sozlashda ishlatilib kelinmoqda.