Bugun zamonaviy jamiyatni ilg'or texnologiyalarsiz, hayotimizni esa komp`yuterlarsiz tasavvur qilish qiyin. Internet davrimiz timsoli sifatida asta-sekin atrofimizni o'rab, hatto ruhiyatimizga ham jadal kirib kelyapti. YAqin kelajakda hayotimizni bulutli texnologiyalarsiz tasavvur qila olmay qolamiz.
Bunday deyishimizga sabab, bulutli texnologiyalar komp`yuterlashtirish jarayonining keyingi bosqichidir. YA'ni endi biz komp`yuter, planshet yoki telefonga dasturlarni ko'chirib olib o'rnatish zaruratidan xalos bo'lamiz. CHunki bizga barcha qulaylik internet tarmog'i orqali bulutli texnologiyalar asosida yaratib beriladi. Bunday texnologiyalar keyingi davrda davlat boshqaruvi, biznes, fan, ta'lim, xullas, hayotimizning barcha jabhasiga shiddat bilan kirib kelayotgan innovatsion internet texnologiyalaridir.
Bu jarayonda ma'lumotlar ustida ishlash texnologiyalari, komp`yuter resurslari va imkoniyatlari foydalanuvchiga internet xizmati orqali taqdim etiladi. Davlat organlari, yirik va kichik kompaniyalar, birja va savdolar, sog'liqni saqlashda kasallik tarixi, fuqarolarning barcha ma'lumoti, bizni o'rab turgan hayotimizdagi turfa voqea-hodisalar tafsiloti, butun axborot “bulutlar”da joylashgan bo'lib, ulardan Er sharining istalgan nuqtasida tezkor ravishda foydalanish mumkin bo'ladi.
Bu globallashuv jarayonining yanada tezlashishiga olib keladi. O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo'lib bulutli texnologiyalarni joriy qildi. Prezidentimizning 2018 yil 3 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida iqtisodiyotda bulutli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish asosiy yo'nalishlardan biri sifatida belgilangan.
“O'zbektelekom” AK tomonidan davlat organlari, muassasalar, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, aholining axborotni saqlash va uzatish bo'yicha ortib borayotgan talabini qondiruvchi UZCLOUD (videokonferentsaloqa va masofaviy ish xizmatlari ko'rsatuvchi) bulutli ma'lumotlar markazi yaratildi. SHuningdek, bulutli hisoblashga asoslangan zamonaviy xizmatlar keng joriy etilmoqda.
“O'zbektelekom” AK bulutli ma'lumotlar markazi negizida internet xizmatlari ko'rsatuvchi jahon kompaniyalari bilan hamkorlikda server uskunalarini mahalliylashtirish va IT gigantlarning ko'plab xizmatlari amalga oshdi. SHu yilning 17 may kuni O'zbekiston Fanlar akademiyasi YAdro fizikasi institutiga Rossiyaning Dubna shahrida joylashgan Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining Axborot texnologiyalari laboratoriyasi direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor V.Koren`kov keldi.
U “Parallel va taqsimlangan hisoblashlar. Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti a'zolari bo'lgan davlatlarning bulut infratuzilmasi” mavzusida ma'ruza qildi. Ushbu laboratoriyada ko'p funktsional axborot-hisoblash majmuasi loyihasi amalga oshirilgan bo'lib, bu har xil turdagi ilmiy va amaliy muammolarni hal qilish borasida optimal yondashuvlarni ta'minlash uchun superkomp`yuterlar, grid, bulutli majmualar va tizimlarni birlashtirgan axborot va hisoblash muhitini tashkil etadi.
Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti laboratoriyasining markaziy hisoblash majmuasi negizida yaratilgan RDIG tarmoq segmenti (Rossiyaning ma'lumotlar intensiv operatsiyasi uchun gridi), WLCG (LHC uchun jahon hisoblash gridi) hamda EGI (Evropa grid infratuzilmasi) tarmoq infratuzilmalarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
SHuningdek, xalqaro loyihalarning virtual tashkilotlarini, jumladan, LHC (katta adron kollayderi) tajribalari bo'yicha faoliyat ko'rsatadi. SHu kuni bo'lib o'tgan uchrashuvda joriy yilning 1 sentyabrigacha Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti grid tarmog'ining O'zbekiston Fanlar akademiyasi va YAdro fizikasi institutida ikkita alohida bulutli grid tarmog'ini tashkil etish va Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti tarmog'iga ulash to'g'risida kelishib olindi.
Bu mamlakatimiz olimlariga juda qimmat superkomp`yuterlarni sotib olmasdan, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti va Evropa bulutli tarmoqlarida katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlash va murakkab ilmiy hisob-kitoblar o'tkazish imkonini beradi. Bulutli texnologiyalar har bir fuqaroning, ishchi-xodimning, tadbirkor va bankirning, shifokor va o'qituvchining, huquqshunos va hisobchining, talaba va pensionerning asosiy maslahatgo'yiga aylanadi.
Bulutli xizmatlar maqsad va vazifalar, loyihalarimizga erishish uchun internet xizmatlari sifatida taqdim etiladigan masofaviy serverdagi ish platformamizdir. Bulutli xizmatning eng oddiy misoli elektron pochtadir. SHuningdek, hozir keng tarqalgan telegramm, feysbuk, instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar ham bulutli texnologiyalar asosida ishlaydi. Davlat xizmatlari agentligi sayti orqali ko'rsatib kelinayotgan xizmatlar ham bulutli texnologiyalarga misol bo'la oladi.
Zamonaviy tizim afzalliklari
Bulutli texnologiyalarga o'tish qator afzalliklar beradi. Jumladan, o'z serveringizni sotib olishingiz shart emas. Axborot infratuzilmasini o'rnatish va boshqarish uchun mutaxassislar yollash ham shart bo'lmaydi. CHunki server virtualizatsiyasi, gipervizorlar, virtual resurslarni ta'minlash, bulutli ma'lumotlar bazalari va boshqa platformalarni sozlash hamda saqlash kabi ishlarni provayderlarning o'zi bajaradi.
SHuningdek, serverlar, ma'lumotlar bazalari, platformalar va yuqori malakali mutaxassislarni talab qiladigan boshqa xizmatlar boshqaruvini provayderga topshirishingiz mumkin. Bu boshqariladigan xizmatlar deb ataladigan autsorsingning eng yuqori darajasidir. Ular tezda yangi loyihalarni yoki startaplar va tadqiqot bo'limlari uchun virtual platformalarni ishga tushirish imkonini beradi. Qolaversa, hisoblash resurslarini ijaraga olish va ulardan biznesga doir farazlarni sinab ko'rish uchun zarur mahsulotlarni tez ishlab chiqishda foydalansa bo'ladi.
Bu mobil` ilova va o'yinlar, haydovchilikni o'rganishga mo'ljallangan dasturlar, kompaniya mijozlarga sotadigan virtual dasturiy echimlar bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, bitta bulutli tarmoq serveridagi uzilish boshqa serverlarga ta'sir qilmaydi. Bu esa umumiy uzluksiz ishlashni ta'minlaydi. SHu bilan birga, bulutli texnologiyalar ortiqcha to'lovsiz, faqat biz foydalanadigan resurslarni tartibga solish imkonini beradi.
Bulutli texnologiyalar tavakkalchilik darajasi yuqori bo'lgan internet loyihalar uchun juda mos keladi. Bu loyihani tez ishga tushirish, uskunani tejash va faraz noto'g'ri chiqsa, katta yo'qotishlarga olib kelmaslik uchun ijobiy samara beradi. Bulutli tizimlarga ulangan turli avtomatik qurilmalar nosozlik va baxtsiz hodisalar xavfini dunyodagi barcha shunday voqealarni hisobga olish orqali kamaytirish yo'lini optimallashtiradi. Favqulodda holatlarning oldini olish uchun bulutli texnologiyalarda turli ofatlar stsenariylarini tuzish va salbiy ta'sirini imkon boricha kamaytirish mumkin.
Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, zamonaviy bulutli texnologiyalar biznes imkoniyatlarini kengaytiradi. Aniqrog'i, IT autsorsing tendentsiyasi kuchayadi. Hisoblash resurslari, ma'lumotlarni saqlash tizimi, qayta tiklash, axborot xavfsizligi xizmatlari, obunaviy dasturiy ta'minotlar, dasturiy boshqaruv va boshqalar shular jumlasidandir.
Mutaxassislarning prognoziga ko'ra, keyingi bir necha yil biz bulutli xizmatlar bozorining jadal o'sishini kuzatamiz. CHekka hududlarda ham bu jarayon yuqori tezlikdagi internet kirib borishi bilan bog'liq bo'ladi. SHu bilan birga, kompaniyalar axborot tizimlarining gibrid arxitekturalarida bulutli texnologiyalarning ulushi ortadi. CHunki bulutlardan foydalanish tajribasi, muvaffaqiyatli biznes keyslar soni va shunga mos ravishda ishonch darajasi oshib boradi.
YAngi kontseptsiya ishlab chiqilmoqda
Bulutli texnologiyalarni rivojlantirishning yana bir jihati bor. YA'ni ma'lumotlarning eksponentsial o'sishi saqlangan ma'lumotlarning asosiy qismi talab qilinmaydigan va o'chirilmaydigan arxiv nusxalariga to'g'ri keladi. Uzoq muddatli istiqbolga kelsak, bulutli xizmatlarning rivojlanishi mashinaviy o'rganish tizimlarini joriy etish bilan bog'liq.
Hozir bulutlarda hisoblash kontseptsiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu ma'lumotlarni saqlash va tahlil qilish uchun ma'lumotlar markazi tarmog'ining nafaqat markaziy manzillarida joylashgan serverlar, balki ko'p sonli geografik taqsimlangan shaxsiy qurilmalar (komp`yuterlar, planshetlar, gadjetlar, dronlar)ning resurslaridan foydalanishni o'z ichiga oladi.
Maishiy texnika va shu kabi boshqa keng tarqalgan qurilmalar, atrofimizdagi deyarli barcha qurilmalarga hisoblash quvvatini taqsimlash tamoyilini amalga oshirish imkoni bo'ladi. Bulutli texnologiyalar insoniyatning yaqin kelajagi bo'lib, barcha sohada globallashuvning asosiy elementidir. Bunday texnologiyalar onlayn faoliyatimizning eng yuqori pog'onasi bo'lgan virtual faoliyat rivojiga olib keladi. Virtual shifoxonalar, universitetlar, ish o'rinlari shular jumlasidandir.
O'zbekistonda bulutli texnologiyalar kelajagi tashqi internet tarmog'i tezligi bilan chambarchas bog'liq. Mamlakatimizda xalq xo'jaligining barcha sohasida bulutli texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyotimiz va ijtimoiy hayotimizda keskin rivojlanishga erishish mumkin. Hozir yurtimizda bu boradagi sa'y-harakatlar kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi.









