Shuningdek, jahon andozalari talablariga javob beradigan shirinliklar xorij davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Shu kungacha mahsulotlar Tojikistonga yuborilyapti. Bugungi kunda ularni Qozogʻiston va Afgʻoniston davlatlariga ham joʻnatish yuzasidan kelishuv shartnomalari imzolangan.

Oʻtgan yili may oyida foydalanishga topshirilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 11 mlrd. soʻmdan iborat boʻlib, jamiyat Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi «Mos pekar» masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi yirik qandolat mahsulotlari korxonasi bilan hamkorlik qiladi.

Jamiyatdagi sexlar Yevropa davlatlari yetakchi korxonalaridan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, yiliga 150 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Rossiya, Daniya, Gollandiya davlatlarining zamonaviy texnologiyalari asosida mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Korxonada mahsulot tayyorlash hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, oʻtgan yili 1 milliard soʻmga yaqin turli pechenye va pishiriqlar tayyorlangan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirish koʻzda tutilgan.

Korxonada bugungi kunda 150 nafar ish oʻrni yaratildi. Ishchi-xodimlarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Jamiyat tadbirkorlari kelgusida ish oʻrnini yana-da kengaytirib, xalqimiz dasturxoni va eksport uchun yangi turdagi shirinlik mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirishgan.

Ayni paytda korxona tarkibida kuniga 15 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan sex faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, sut mahsulotlari (tvorog, quyultirilgan sut) ham tayyorlanib, isteʼmolchilarga yetkazib berilyapti.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, korxonaning asosiy yutugʻi ish koʻlamining koʻpligida boʻlib, bu mahsulot hajmining oshishiga va tuman iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganligi bilan ham ahamiyatlidir.