Zangiota tumanida “Mening birinchi uyim” dasturining birinchi bosqichi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi

    Ijtimoiy hayot 14 Noyabr 2023 725

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokama uchun qoʻyildi.

    Qaror loyihasiga koʻra, “Mening birinchi uyim” dasturini birinchi bosqichini tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

    Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi.

    Imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlangʻich toʻlov asosida 20 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash shartlarida beriladi.

    Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar boʻyicha boshlangʻich toʻlovining bir qismini qoplash uchun – qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorida, oylik toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qatʼiy belgilangan 1 million soʻm miqdorida Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar ajratiladi.