Zangiotada o't yoqilsa, Poytaxtda tutuni

    Ona tabiata zarar etmoqda...

    Ayrim fuqarolarning nojoiz hatti-harakati bois, boqibegʻamligi tufayli atrof-muhitga zarar yetkazish holatlari juda ham koʻplab kuzatilmoqda.

    Zangiota tumani hududidagi chiqindixonaning yoqib yuborilishi ijtimoiy tarmoqlardagi koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.

    Holat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha Zangiota tumani inspeksiyasi inspektorlari hamda “Ulugʻbek” MFY masʼullari ishtirokida joyiga chiqib oʻrganildi.

    Oʻrganishlar natijasida, “Ulugʻbek” MFY hududida aholi tomonidan noqonuniy qurilish chiqindixonasi tashkil etilganligi va hududda yashovchi fuqoro tomonidan chiqindilarga oʻt yoqib yuborilganligi aniqlangan.

    Mutasaddi xodimlar tomonidan maxsus texnikalar jalb qilinib, noqonuniy chiqindixonada rekultivatsiya ishlari amalga oshirilgan.

    Huquqbuzar fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari boʻyicha javobgarlik belgilangan.

    Ammo bizni boshqa savol qiynaydi. Nega koʻra bila turib ham ona tabiatni ham oʻzimizni zaharlayveramiz. Koʻrib koʻrmaganga, bilib bilmaganga olamiz. Faqat Zangiota tumanida emas, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bunday voqealar afsuski roʻy berib turmoqda. Ogoh boʻlaylik. Ona tabiatni va sogʻligimizni asraylik!

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri