Zangiotadagi harbiy qismda harbiy xizmatni o'tayotgan qashqadaryolik yigit vafot etdi

    Tashvishli xabar 17 Yanvar 2023 2521

    Bosh prokuratura surishtiruv boshladi.

    Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda xizmat o'tayotgan 20 yoshli Mirjalol Imomov 12 yanvar kuni uyiga o'lik holda qaytarildi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Toshkent harbiy prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshlaganini ma'lum qildi.

    Aniqlanishicha, u 2003 yilda tug'ilgan va Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi «Xudoyzot» mahallasida istiqomat qilgan. Yigitning yaqinlariga uning vafoti haqida 11 yanvar` kuni xabar berilgan.

    Marhumning onasi yigit 2022 yil 4 may kuni o'z xohishi bilan harbiy xizmatga jo'natilganini bildirdi. U oxirgi marta oila a'zolari bilan YAngi yil kechasi telefon orqali suhbatlashgan. Yangi yil tongida telefon qilib, yaqinlarini tabriklagan. O'zining ahvoli yaxshi ekanini aytgan va xizmat muddati tugashiga 3 oygina qolgani, mart oyida uyga qaytishini ma'lum qilgan.

    «Qurolli kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy ekspertiza o'tkazilgan hamda Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o'tkazilmoqda. Tekshirish natijasi haqida qo'shimcha axborot taqdim etiladi», — deyiladi Mudofaa vazirligi rasmiy munosabatida.