Shu jumladan, gaz taʼminoti sohasida ham. “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali xodimlari tomonidan viloyat aholisiga tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash bilan birga markazdan olis, togʻli va chegara hududlarda yashovchilarni suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday olis qishloqlardan biri Oltinsoy tumanining Vaxshivor, Sariosiyodagi Sangardak qishlogʻi viloyat markazidan 250-270 km. uzoqlikda joylashgan.
Vaxshivor. Osmonoʻpar togʻlar qoʻynidagi bu goʻshaga qiya, tor, jarliklardan iborat yoʻllar orqali boriladi. Gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari ana shunday murakkab yoʻlni bosib, maxsus “Kamaz” va “MAN” rusumli avtotransport vositalari bilan aholiga oʻz vaqtida suyultirilgan maishiy gaz ballonlarini yetkazib bermoqda. Chosh, Karsh, Nilu, Hufar va Kundaijuvoz qishloqlari Sarisioyo tumanida joylashgan boʻlib, tumanga borish uchun Termiz shahri, Jarqurgʻon, Qumqoʻrgʻon, Shoʻrchi va Denov tumanlaridan oʻtib uch soatlik yoʻl bosib oʻtish kerak boʻladi. Sariosiyo tumaniga kelgach Chosh, Karsh, Nilu, Hufar va Kundaijuvoz qishloqlariga yetish uchun yana 80-150 km yoʻl bosib oʻtiladi. Bu hududlarga suyultirilgan gaz ballonlarni qishning qirovli kunida ham, jazirama yozda oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.
- Tumanimiz hududining katta qismi togʻ va adirlardan iborat,- - deydi boʻlim mutaxassisi Husan Mamatqobilov. - Ushbu hududlar aholisi avvallari suyultirilgan gaz ballonlari taʼmirlanmasdi. Bugungi kunda mazkur muammo bartaraf etilib, eng olis hududlarda 40-45 kunda gaz ballonlari yetkazish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hozirda bir kunda oʻrtacha 21 tonna 600 kg suyultirilgan gaz tarqatilmoqda.
Darhaqiqat, inson hayotda munosib yashashi uchun zarur boʻlgan birlamchi va eng muhim hayotiy ehtiyojlarining toʻkisligi juda ham muhim. “Davlat idoralari xalqimiz xizmat qilishi kerak”. Shunga koʻra, bevosita birinchi rahbarlarning eng ogʻir, eng chekka va eng olis hududlarga chiqqan holda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, aholi muammolarini oʻrganayotgani oʻz amaliy samarasini bermoqda. Xalq bilan bunday muloqot nafaqat murojaatlarni tinglash, balki aholining kundalik hayoti bilan tanishish, masalalarni joyida bartaraf etishga qaratilganligi bilan ham juda ahamiyatli.
– Turmushimiz yildan-yilga oʻzgarib, hayotimiz oʻzgacha mazmun bilan boyimoqda, – deydi Vaxshivor qishlogʻida yashovchi Bozor Muslimov – Masalan, bundan 5 yillar ilgari qishlogʻimizni suyultirilgan gaz bilan taʼminlashni umuman hayolimizga keltirolmas edik. Ovqat pishirish, choy qaynatish uchun ham togʻlarga chiqib, oʻtin yigʻar edik. Qishning sovuq kunlarida ayollarimiz har kun oʻchoq yoqish bilan ovora boʻlar edi. Buni qarangki, ballon gaz, degani huzuri jon ekan. Qishning kuni ham ovqat tayyorlash yoki choy qaynatishni oʻylab oʻtirmaymiz. Endi togʻ archalari ham kesilmayapti. Chunki, bunga ehtiyoj sezmayapmiz. Tabiatga ham ozor berilmayapti. Uzluksiz ravishda suyultirilgan gaz yetkazilayotgani esa ularning quvonchiga quvonch qoʻshmoqda.
Eʼtirof etish joiz, yildan-yilga aholiga yaratilayotgan sharoitlar koʻlami kengaymoqda. Sohadagi oʻzgarishlar shiddat bilan oshmoqda. Masalan, avvallari isteʼmolchi xonadonlariga gaz ballonlarini olib boradigan maxsus aravalar yoʻq edi. Bugun bunday ulov turining tashkil qilinishi fuqarolarimiz bilan birga soha xodimlari uchun ham qulay.
Azimbek Samadov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.