Bunda, birinchi navbatda, ichki bozorni oʻrganish, importni tahlil qilish va xomashyo bazasini aniqlash zarur. Keyingi bosqichda mahalliylashtirish loyihasi shakllantirilib, amalga oshiriladi.
Mahalliylashtirish loyihalarining maqsadi importni qisqartirish hisobiga valyuta mablagʻlarini tejash, yangi ish oʻrinlari yaratish, shuningdek, korxonalarning eksport salohiyatini oshirishdan iborat. Shu bois, tashqi bozorlardagi oʻzgaruvchanlik sharoitida iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash uchun ichki imkoniyatlarni ishga solish, import qilinayotgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Prezidentimizning 2021-yil iyul oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi chogʻida yangi barpo etilayotgan ishlab chiqarish obyektlariga zarur boʻladigan ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish asosida shu yerning oʻzida ishlab chiqarish vazifasi qoʻyilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2021-yilda 87 ta loyiha boʻyicha 217,2 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi yoki reja 134,5 foizga bajarildi. Natijada import oʻrnini bosish samaradorligi 20,1 million dollarga teng boʻldi. 2022-yilda esa 334,1 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, oʻsish surʼati 153,8 foizga, import oʻrnini bosish samaradorligi 29,7 million dollarga yetdi.
Kombinatning ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, tarkibiy boʻlinmalar tomonidan 2 ming 500 dan ortiq mahsulot import qilinishi aniqlandi. Ushbu ehtiyojmand tovarlar roʻyxati 2022-yil 11–12-oktyabr kunlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etildi. Tadbirda 300 dan ziyod ishlab chiqaruvchilar, ulardan 62 tasi oʻzlari oʻzlashtirgan 1000 dan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Yarmarka davomida “yuzma-yuz” formatda uchrashuvlar tashkil etilib, OKMK texnik talablariga javob bera oladigan mahsulotlarni oʻzlashtirish masalalari muhokama qilindi. 2026-yilgacha mahalliylashtirish dasturi doirasida innovatsion loyihalar, ilmiy sohadagi ixtirolar, mahalliylashtirilgan mahsulotlarning yangi turlarini tayyorlash boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 326 turdagi mahsulotni bosqichma-bosqich oʻzlashtirish yuzasidan 961,7 milliard soʻmlik memorandum va kelishuvlar imzolandi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish doirasida hamda import hajmini qisqartirish maqsadida jami 1,1 trillion soʻmlik mahsulotlarni xarid etish boʻyicha shartnomalar tuzildi, uning 727,3 milliard soʻmlik qismi kooperatsiya portali orqali tuzilgan bitimlar hisoblanadi.
Shu kabi ishlarning samarasi tufayli 2022-yilda kombinat boʻyicha import 120 million dollardan ziyodroqqa qisqartirildi. Jumladan, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish hisobiga 27,5 million dollardan ortiq importga boʻlgan ehtiyoj qondirildi.
2023-yilda dasturdagi 137 ta loyiha asosida 324,5 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish belgilangan boʻlib, aprel-iyul oylarida dasturga 3,7 milliard soʻmlik 6 ta yangi loyiha kiritildi. Natijada loyihalar soni 143 tani, prognoz koʻrsatkichi 325,4 milliard soʻmni tashkil etdi. Ushbu davrda 139 ta loyiha boʻyicha 202,4 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 116,8 foizga bajarildi, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 125 foizni tashkil etdi.
Yangi mahsulotlar orasida palladiy metali, nasos, flotamashina va shaxta elektrovozlari uchun ehtiyot qismlar, molibden va volfram tuzi, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, volfram karbidi, shamot gʻishtlari, sferali sharli tayanchlar, ferromolibden alohida oʻrin tutadi. Ularning hisobiga import 17,6 million dollarga maqbullashtirildi.
Avvallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosan ikki yoʻnalishda amalga oshirib kelinardi: mavjud va yangi quvvatlarda mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda ichki kooperatsiya aloqalarini kengaytirish. Bugungi kunda mazkur yoʻnalishlar yanada kengaytirilib, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda va shatakka olish tizimi asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilmoqda.
Masalan, Germaniyaning “Falk Porsche Technik GmbH” kompaniyasi bilan birgalikda Chirchiq shahridagi “Deutsche innovationen Technologie AGMK” qoʻshma korxonasida kimyoviy chidamkor geokompozit mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi va 60 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda ushbu korxona tomonidan rux zavodini modernizatsiya qilish uchun 60 milliard soʻmlik mahsulot yetkazib berildi.
Hozirda 50 ming tonna misni qayta ishlashga moʻljallangan, qiymati 20 million dollar va 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladigan “Misdan katanka va yangi turdagi kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish” quvvatlari barpo etilyapti. Uning yillik ishlab chiqarish hajmi 450 million dollarni tashkil etadi.
Yangi qurilayotgan Mis eritish zavodi tarkibida “Mis katodlari elektrolizlari uchun polimerbeton vannalar ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilyapti. Bunda 1 ming 500 dona elektroliz vannalari tayyorlanib, metallurgiya majmuasini qurishda ishlatiladi. Buning evaziga loyiha qiymati 10 million dollargacha qisqaradi.
“Yangi turdagi sanoat elektr dvigatellarini ishlab chiqarish” loyihasiga ham germaniyalik hamkorlar qiziqish bildirishdi. Loyiha ishga tushgach, import qilinayotgan elektr dvigatellarga ehtiyoj qolmaydi.
Qiymati 10 million dollar boʻlgan “Kimyoviy chidamkor shisha tolali mahsulotlar” loyihasini amalga oshirish orqali chet eldan xarid qilinayotgan quvur, rezervuar baklar va boshqa mahsulotlar mahalliylashtirilsa, “Avantec GP” qoʻshma korxonasida gorizontal tokarlik frezerli ishlov berish raqamli dastgohlari ishlab chiqariladi.
Shuningdek, Xitoyning 12 ta yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 50 ming elektromobil ishlab chiqarish, mis kabellari va folgasi, elektromobillarni zaryadlash uskunalari kabi qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni oʻzlashtirish, yuk avtomobillari va maxsus texnikalar uchun ehtiyot qismlar yasash, avtomatlashtirish va raqamlashtirish kabi loyihalar ustida ish olib borilyapti.
“Olmaliq quyuv mexanika zavodi” korxonasida qiymati 20 million dollar boʻlgan “Togʻ-kon sanoati uchun quyma mahsulotlar va ehtiyot qismlarni oʻzlashtirish” loyihasi boʻyicha qurilish ishlari yakunlandi va 200 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yana bir eʼtiborli jihati, kombinatda qiymati 500 million dollar, quvvati 55 ming tonna quyma mahsulotlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi mashinasozlik zavodi quriladi. “Mis klasterini rivojlantirish“ loyihasi doirasida 78 million dollarlik misdan lenta va listlar, folga, katanka, burchakli simlar ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Bugungi kunda “shatakka olish” tizimi asosida 10 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar kombinatga oʻz mahsulotlarini yetkazib bermoqda. “Nurafshon maxsus texnikalar” korxonasi bilan hamkorlikda 220 tonnagacha yuk koʻtaradigan avtosamosvallar ishlab chiqarish, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” jamiyatining “Quyuv mexanika zavodi” korxonasida temir yoʻl transporti uchun 100 ga yaqin turdagi quyma mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari oʻzlashtirilmoqda. “Karbon polimer” korxonasi tomonidan polimer, ftoroplast va grafitdan turli ehtiyot qismlar tayyorlash ustida ish ketayotgan boʻlsa, “Zhongtiang Chemical” qoʻshma korxonasida kombinat uchun zarur boʻlgan kimyoviy reagentlar tayyorlanmoqda.
Koʻrinib turibdiki, ichki talabni oʻrganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalar ishlab chiqish “zanjiri” asosida loyihalar yoʻlga qoʻyilsa, natijalar, albatta, ijobiy boʻladi.
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi