Amir Temur! Buyuk ajdodimizning bemisl zafarlari, el-ulus farovonligi yoʻlidagi ulkan ishlari, bugun ham hayrat bilan boqadiganimiz yodgorliklar — mahobatli binolaru bunyod etilgan bogʻ-rogʻlar haqida qancha gapirsak, iftixor qilsak kam. Ayni vaqtda Sohibqirondan meros maʼnaviy xazina, adolat qomusi — “Temur tuzuklari” ham xalqimiz va vatanimiz uchun yuqoridagi sanalgan barcha ishlardan hech kam boʻlmagan ahamiyat kasb etadi.
Biz milliy davlatchiligimiz dasturi
deya eʼtirof etilayotgan asarning asl mazmun-mohiyati hamda tarixiy ahamiyati
haqida qiziqib soha mutaxassisiga yuzlandik. Savollarimizga javob berar ekan,
“Temur tuzuklari”ning milliy davlatchiligimizda tutgan oʻrni beqiyos, — deydi
suhbatdoshimiz, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid FAYZIYEV.
— U zotning qomusiy asarida bayon etilgan davlatchilik va diplomatiya,
harbiy mahorat va bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmorlikka
oid qarashlar, insonni ulugʻlaydigan ezgu ishlar, jiddiy va xolisona, adolatli,
ishonchli kengash va tadbirlar hamda ular qonun doirasida ado etilgani,
bajarilishi aniq yoʻlga qoʻyilgani haqidagi hikoyalar, dinu diyonat va maʼnaviy
barkamollikni koʻzlab yuritilgan siyosat, el manfaatini oʻylab ish tutish
bilan bogʻliq noyob fazilatlar alohida eʼtiborga loyiq. Eng muhimi, mazkur
asar tufayli temuriylar sulolasi dunyoda Ikkinchi Uygʻonish davrini yuzaga
keltirdi. Ular qoldirgan ulkan ilmiy va madaniy meros, xususan, “Temur
tuzuklari” asari hamon jahon ahlini hayratga solib kelmoqda”.
— “Temur tuzuklari”ning hayotiy ahamiyati
va mohiyatini qanday tushunmogʻimiz kerak? Harbiy qoʻllanmami, ijtimoiy-iqtisodiy
yoxud siyosiy asarmi?
— Mazkur savolni juda koʻp takrorlashadi. Gap
shundaki, “Temur tuzuklari”ga qiziqish bugungi kunda ham tobora ortib bormoqda.
Joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan
“Temur tuzuklari” Prezidentimizning asarga yozgan soʻzboshisi bilan uch tilda
nashr
etildi.
Oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur yangi nashr Sohibqiron ilgari
surgan davlat va jamiyat boshqaruvidagi tamoyillarni chuqur oʻrganish, ularni
dunyo hamjamiyati eʼtiboriga yetkazish, shuningdek, uni targʻib va tashviq
qilishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Sohibqiron Amir Temur jahon hukmdorlari orasida
davlatchilik tamoyillarining oʻziga xos jihatlarini ishlab chiqqan shaxs
sifatida maʼlum va mashhurdir. U shohona taxtda tugʻilmadi. Moʻgʻullarning
jabr-zulmi tufayli turli bekliklarga boʻlingan tarqoq jamiyatda tavallud topdi
va voyaga yetgach, xalqining ogʻir sharoitda kun kechirayotganini koʻrib,
javonmard bek sifatida oʻzini ulardan qarzdor deb bildi. Amir Temur siyosat
maydoniga kirib kelgan paytda Movarounnahr moʻgʻullar istibdodi ostida
ingramoqda edi. Darhaqiqat, Chingizxon va Botuxon bosib oʻtgan yerlarning kuli
koʻkka sovrulgan, shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari
buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan edi. Amir Temur
balogʻatga yetgach, vatanni moʻgʻul istibdodidan xalos qilish yoʻllarini qidira
boshlaydi. 1357-yillardan boshlab qariyb 13-14 yil davomida yurt ozodligi
uchun qattiq va keskin kurash olib bordi.
Movarounnahrda hukm surayotgan ogʻir siyosiy,
iqtisodiy sharoitda moʻgʻul istibdodiga qarshi ozodlik bayrogʻini baland
koʻtarib maydonga chiqqan va xalqning asriy ezgu niyati — mustaqillikni qoʻlga
kiritgan yetuk tarixiy shaxs Amir Temurdir.
Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxonga
Movarounnahrdagi soʻnggi voqealar, yaʼni mahalliy aholining hokimiyatga
intilib, joylarda vujudga kelayotgan xalq harakatlari tinchlik bermay qoʻygandi. Tugʻluq
Temurxon Chigʻatoy naslidan Duvaxonning nabirasi boʻlib, Movarounnahr —
Chigʻatoy ulusini oʻz tasarrufiga kiritishni rejalashtirgandi. Oʻsha paytda
oʻlkada kechayotgan siyosiy jarayonlar uning rejalarini amalga oshirishi uchun
turtki boʻladi. U 1359-yilda katta qoʻshin bilan Movarounnahrga bostirib
kiradi. Kesh viloyati hukmdori Hoji Barlos Tugʻluq Temurxonga bardosh bera
olmasligini fahmlab, oʻz yaqinlari bilan Xurosonga chekinadi. Tabiiyki,
amakisi Hoji Barlos bilan birga 24 yoshli Amir Temur ham safar taraddudida
edi. Ammo javonmardlik ruhida tarbiyalangan Amir Temurda oriyat, hamiyat
kuchli boʻlib, vatani, xalqi boshiga ogʻir kunlar soya solib kelayotgan bir
paytda yurtni dushman irodasiga tashlab, oʻzi chetda tomoshabin boʻlib
turolmasdi. U qatʼiy fikrga kelib, “Siz boravering, qiyin kunda men el ichida
boʻlishim kerak”, deya amakisi Hoji Barlosni Xurosonga kuzatib, oʻzi Keshga
qaytib keladi.
Amir Temurning mazkur mardona ishi butun bir yurtni
vayron boʻlishdan, aholining jabr-zulm koʻrishidan asrab qoldi.
Sohibqiron Amir Temur 1370-yilda chaqirilgan katta
qurultoyda hukmdor etib saylanganida davlatchilik, moliya, soliq tizimlari
barbod boʻlgan, na iqtisodiy oʻsish, na maʼnaviy barkamollik va na xalqning
beklarga ishonchi, na biror sohada olgʻa siljish boʻlmagan. Sohibqiron ana
shunday murakkab va ogʻir sharoitda qanday yoʻl tutgan deb oʻylaysiz? U,
birinchi navbatda, adolatga tayangan qonunlarni hayotga joriy etdi.
Bu qonunlar adolat va ishonch bilan yoʻgʻrilgan
koʻrsatmalardan iborat edi. Amir Temur avvalo kuch adolatga, iqtisodiyot maʼnaviyatga
uygʻun islohotlarni amalga oshirdi. Xalqdan hech narsani yashirmadi. Bu jahonning
hech bir hukmdorida kuzatilmaydigan, isbot talab etmaydigan haqiqatki, hamon
uning bunday adolati koʻplar uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqda.
Bu ulkan ilm, katta ummon yoʻq boʻlib ketmasligi kerak
va shart edi. Shu bois, ularni Sohibqiron oʻz paytida qogʻozga tushirdi. Bugungi
kunda “Temur tuzuklari” asari milliy davlatchiligimizning asoslaridan biri deya
baholanayotgani bejiz emas. Mazkur asar nafaqat qonunlar majmuasi, balki
asoslangan, ishonchli strategiya va amalda sinalgan taktika boʻlib, uning
nufuzi bugun ham kundan kunga oshib bormoqda. Shu bois, mazkur kitob siz aytgan
jihatlarning barchasini oʻzida mujassam etadi.
— Kitob qaysi tilda yozilgan?
— Bu muhim savol. “Temur tuzuklari” asari dunyoning
turli tillariga tarjima qilingan boʻlib, mutaxassislar tomonidan oʻrganib
kelinmoqda.
“Temur tuzuklari”ning asl nusxasi mumtoz oʻzbek tilida
yozilgan. Asarni oʻrgangan mutaxassislarning taʼkidlashicha, uning turkiy tilda
yozilgan nusxasi XVII asrga qadar Yamanda — Jaʼfar poshoning kutubxonasida
saqlangan.
Asarni fors tiliga tarjima qilgan Abu Tolib al-Husayniy
at-Turbatiy Makkaga ziyorati davomida Yamanda Jaʼfar poshoning kutubxonasida
asarning turkiyda bitilgan nusxasi bilan tanishadi. Biroq asarning mazkur
nusxasi davrimizgacha yetib kelmagan yoki hozirgacha topilmagan.
— Sizningcha, bu kitobni yozishdan koʻzlangan asl
maqsad nima edi?
— Sohibqiron Amir Temur oʻzidan keyin ham farzandlari,
mard va jasur avlodlari, sadoqatli zurriyotlari tomonidan Turon yurti
adolatli boshqarilishini istagan edi. Shu bois, u “Tuzuklar”, yaʼni qonunlar
majmuasiga tartib berdi. Bu haqda uning oʻzi “Saltanatni boshqarish uchun
qoʻllanma yozib qoldirdim, toki farzandlarim, avlodim va zurriyotlarimdan
boʻlganlarning har biri unga muvofiq ish tutsinlar”, deya qayd etgan.
Demak, “Temur tuzuklari” uzoqni koʻzlab yozilgan qomusiy asar. Uni hatto oʻz
davrining konstitutsiyasi deb taʼriflashadi.
“Temur tuzuklari” asari ikki kitobdan iborat boʻlib,
birinchi kitobda Sohibqironning tarjimayi holi, oʻsha davr ijtimoiy, siyosiy
voqeliklardagi oʻrni va roli, Movarounnahrda markazlashgan hokimiyat qurish
yoʻlidagi faoliyati, shuningdek, ulkan saltanatni barpo etish borasida
yuritgan siyosati, harbiy yurishlari, chora-tadbirlari, davlat asoslarini
mustahkamlash yoʻlida turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan munosabati kabi
masalalar sodda va ixcham tarzda bayon qilinadi.
“Temur tuzuklari”ning ikkinchi kitobida Sohibqironning
avlodlariga davlat boshqaruvi sir-sinoatlari, hukmdorning har qanday vaziyatda
ham muhim qarorlar qabul qila olish qobiliyatiga ega boʻlishi, bu borada
kimlarga tayanish, vazir va sarkardalarni qanday usullar bilan tanlash,
ularning burch va majburiyatlari, qoʻshinning tuzilishi va harbiy holat
davrida harakatlanish tartib-qoidalari, oddiy askar vazifalari va ularga
toʻlanadigan maosh, amirlar, vazirlar hamda boshqalarning davlat va hukmdor
oldida koʻrsatgan xizmatlarini munosib taqdirlash tuzugi kabi masalalar haqida
soʻz yuritiladi.
— Asarning ommalashuvi qanday kechgan
va qaysi mamlakatlarda kimlar tomonidan nashr etilgan?
— Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy “Temur
tuzuklari”ning asl turkiy nusxasi, yuqorida taʼkidlanganidek, Yamandagi Jaʼfar
posho kutubxonasida saqlangani va 1610-yilda uning ijozati bilan asarni turkiydan
forschaga oʻgirganini qayd etgan.
“Temur tuzuklari” asarining Abu Tolib Turbatiy
tarjimasidagi forsiy matni ingliz ofitserlari tomonidan
Angliyaga olib borilgan. Asar ingliz ofitseri, mayor Uilyam Devi va professor
Jozef Uayt tomonidan forscha matni va inglizcha tarjimasi bilan 1783-yilda
Buyuk Britaniyada chop etiladi.
Asarning mazkur nashri turli mamlakatlarga
tarqaldi va jahonning koʻplab shaharlarida, xususan, Kalkutta, Tehron, Bombeyda
nashr qilindi.
Mustaqillikdan avvalgi davrlarda va
istiqlol yillarida Oʻzbekistonda chop etilgan “Temur tuzuklari”ning oʻnlab
nashrlari ham mazkur Oksford forsiy matniga asoslangan.
1787-yilda mayor Uayt va Devi nashr
etgan forscha matn asosida L.Langle tomonidan asarning fransuzcha tarjimasi
Parijda bosmadan chiqdi.
1892-yilda esa N.P.Ostroumov boshchiligidagi Toshkent
gimnaziyasi talabalari tomonidan asarning fransuzcha nashri asosida rus tiliga
tarjimasi ham amalga oshirildi.
XX asrning 60-yillarida Alixontoʻra Sogʻuniy asarning Devi va Uayt
nashri asosida chiqarilgan toshbosma va nashrlardan biri asosida “Tuzuki
Temuriy”ni oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilgan. 1989-yilda esa mazkur nashrni Bombey
nashrining forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tiliga toʻliq tarjimasi sharqshunos olim Habibulla Karomatov
tomonidan ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi.
Bugungi kunda “Temur tuzuklari” asarini dunyoning
qator eʼtiborli kutubxonalarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH,
Finlyandiya, Daniya, Hindiston, Eron, Turkiya, Misr va Yaman qoʻlyozma xazinalarida
uchratish mumkin. U qimmatli va nodir asar sifatida jahonning koʻplab tillariga
tarjima qilingan. Olimlar, tarixchi tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilmoqda.
— Bugungi avlod nima uchun “Temur
tuzuklari”ni oʻqishi kerak?
— Bu toʻgʻrida uzoq va keng fikr bildirish mumkin.
Ammo bir-ikki misollar bilan cheklanaman. Ushbu kitob milliy
davlatchiligimizning noyob namunasidir. Asardagi har bir soʻz, jumladan, oʻn
ikki tuzuk, oʻn ikki qoida, oʻn ikki toifa haqidagi soʻzlar, vazirlar, amir va
beklar, qoʻshin boshliqlari, sipohlar, moliya ishlari boʻyicha xodimlar,
soliqchilar va boshqa soha vakillarini tanlash, taqdirlash, ular bilan muomala
qilish tuzuklari bugungi yoshlarning ish yuritish saʼy-harakatlarida muhim
qoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Shu oʻrinda asarda zikr etib oʻtilgan oʻn ikki
toifa haqidagi qaydlardan misollar keltirib oʻtishni joiz topdik.
Birinchi toifa — sayyidlar, ulamo, shayxlar va
fozillarni oʻzimga yaqinlashtirdim. Ular mening saroyimga doimo kelib-ketib,
majlislarimni bezab turardi. Diniy, huquqiy, aqliy masalalarni oʻrtaga tashlab,
qimmatli fikrlar bildirardi.
Ikkinchi toifa — aqlli kishilar va
kengash sohiblari, ehtiyotkor, qatʼiyatli arboblar, keyinini oʻylab, olisni
koʻrib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib,
ularning suhbatlaridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim.
Uchinchi toifa — duogoʻy kishilarni qadrladim.
Xilvatda ulardan duolar tilab, istaklarimning bajo etilishini oʻtinib soʻrardim.
Majlislarda, yigʻinlar, bazmlar va jang maydonlarida ulardan koʻp barakotlar
topdim.
Toʻrtinchi toifa — amirlar, sarhanglar,
sipohsolorlarga majlisimdan oʻrin berib, martabalarini yuqori koʻtardim. Ular
bilan suhbatlashib, maslahatlar oldim.
Beshinchi toifa — sipoh va raiyat boʻlib,
har ikkisiga bir koʻz bilan qaradim. Sipohiylardan chiqqan bahodirlar,
dovyuraklarga maxsus faxrli oʻtogʻ, kamar va oʻqdon taqdim etib, martabalarini
koʻtardim.
Oltinchi toifa — ishonchli, toʻgʻri
eʼtiqodli oqil-xiradmand kishilarkim, davlat sirlarini ularga ochib, saltanat
ishlari boʻyicha ulardan maslahat olishimga loyiq edilar. Bu toifa kishilar
bilan sirdoshlik qilib, oʻz maxfiy ishlarim va pinhoniy sir-asrorimni
oʻshalarga topshirdim.
Yettinchi toifa — vazirlar, devon kotiblari
va munshiylarki, saltanatim saroyini shular bilan bezatdim. Bularni menga tobe
mamlakatlarni koʻrsatuvchi koʻzgu deb bildim.
Sakkizinchi toifa — hakimlar, tabiblar,
munajjimlar va muhandislarki, ular saltanat korxonasiga rivoj beruvchilardir.
Ularni oʻz atrofimga toʻpladim. Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni
davolatar edim. Munajjimlardan sayyoralarning qutlugʻ-qutsiz kunlari, ularning
harakati va osmonda aylanishini aniqlab olardim. Muhandislar bilan ittifoqda
oliy imoratlar barpo etib, bogʻu boʻstonlarning tarhini chizdirardim.
Toʻqqizinchi toifa — muhaddislar,
(paygʻambar, uning avlodlari va sahobalari) haqida rivoyatlar naql qiluvchilar
hamda qissaxonlar boʻlib, ularni ham oʻzimga yaqinlashtirdim.
Oʻninchi toifa — mashoyixlar, soʻfiylar,
(Xudoni tanigan) oriflardir. Ularning xizmatlarida boʻlib, suhbatlar qurdim
va oxirat foydalarini oldim. Ulardan Tangri taoloning soʻzlarini eshitib, karomatlar
koʻrdim, moʻjizalarini mushohada etdim va suhbatlaridan rohatlanib, huzur
qildim.
Oʻn birinchi toifa — kasbu hunar egalaridir:
bularning har toifa va sinfidan boʻlganlarini davlatxonamga olib kelib, oʻz
oʻrdamdan oʻrin belgiladimki, safardayu turgʻunlikda sipohimga kerak yaroqlar
hamda boshqa jihozlarni hozirladilar.
Oʻn ikkinchi toifa — har mamlakat va diyor
sayohatchilariyu musofirlarining boshini siladim, ular turli mamlakatlardan
menga xabar keltirib turdilar.
Sohibqiron Amir Temurning mamlakatni boshqarishda amal
qilgan oʻn ikki tuzuki, davlat ishlariga jalb etilgan oʻn ikkita toifa va
boshqa tuzuk tamoyillari bilan sizni qayta tanishtirishdan maqsadimiz ularning
har biri bugungi kunimiz uchun ham benihoya muhim qoʻllanma ekanini
anglatishdir. Chindan ham biz qadrlaydigan, eʼzozlaydigan abadiy meros —
Sohibqiron Amir Temurdan qolgan koʻrsatmalar — tuzuklar adolat bilan ish
yuritishimizda, bagʻrikenglikni ulugʻlab, dunyoda doʻstlikni sharaflab,
tinchlik va taraqqiyot uchun xizmat qilishimizda, ayniqsa, yosh avlodni har
tomonlama bilimli, mard, jasur, vatanparvar, xalqparvar, yangi tashabbus va
gʻoyalarni ilgari suruvchi komil hamda barkamol shaxs sifatida
tarbiyalashimizda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Asliddin ABDURAZZOQOV suhbatlashdi.