Zarbdorda katta kurash bayrami bo'ladi

    Unda mutloq vazn toifalari g'oliblarini avtomobillar kutmoqda.

    Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joriy yil 13-14 may kunlari Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi markaziy stadionda kurash va belbog'li kurash bo'yicha “Polvonlari ko'p yurt — qudratli bo'lur” shiori ostida xotira turniri bo'lib o'tadi.

    Jizzax viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi tashabbusi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi, Belbog'li kurash va Kurash federatsiyalari, shuningdek, qator tashkilotlar hamkorligida o'tkaziladigan mazkur turnirda kurash sport turi bo'yicha erkaklar -60, -66, -73, -81, -90, +90 kg. vazn toifasida kuch sinashsa, belbog'li kurash bo'yicha -55, -60, -66, -73, -81, -90, -100, +100 kg. vazn toifasida bellashadi. Ayollar esa kurash bo'yicha -48, -52, -57 kg. vazn toifasida gilamga chiqadi.

    Shuningdek, har ikkala sport turi bo'yicha erkaklar mutloq vaznda ham g'oliblik uchun kurash tushadi. Kurash va belbog'li kurash bo'yicha har bir vazn toifasida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan polvonlar 5 million so'mdan, ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan polvonlar 3 million so'mdan, ikkita uchinchi o'rinni qo'lga kiritgan polvonlar 1,5 million so'mdan, mutloq vaznda g'olib bo'lgan sportchilarga 2 ta avtomobil`, ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan polvonlarga 30 million so'mdan hamda uchinchi o'rinni band etgan kurashchilar 10 million so'mdan pul mukofotiga ega bo'ladi.

    Ilhom Rahmonov