Karvonning tuyalarga yuklangan ipak, ziravorlar, tilla, kumush va boshqa qimmatbaho mollari koʻzni qamashtiradi.

XI asrda Skandinaviyadan ancha yiroqda — Buxoro yoki Samarqandga xos manzara boʻlsa-da, bu aslida ilk oʻrta asrlarda Yevropani Markaziy Osiyo bilan bogʻlab turgan ulkan xalqaro savdo tarmoqlarining bir koʻrinishi edi.

Vikinglar davri (IX–XI asrlar)dayoq hozirgi Shvetsiya hududidan odamlar Yevroosiyoning daryo tizimlari boʻylab Sharqqa harakatlanib, Buyuk ipak yoʻlining yirik markazlariga, jumladan, Samarqand va Buxoroga intilgan. Shvetsiya hududidan somoniylar sulolasi davrida ishlab chiqarilgan yuzlab kumush tangalarning topilishi mamlakatimizning Oʻzbekiston bilan uzoq tarixiy aloqalariga guvohlik berib turuvchi dalildir. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga koʻra, Buxoro va Samarqanddan keltirilgan kumush tangalar nafaqat savdo munosabatlarini rivojlantirish, balki oʻsha davrdayoq Skandinaviyada kumush va boshqa metallarni qayta ishlash texnologiyalari rivojiga ham hissa qoʻshgan.

Tarix davomida xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar turli shakllarda namoyon boʻlib kelgan. XVIII asrdagi Poltava jangidan keyin shvedlar sharqiy hududlar bilan yangicha usulda aloqa oʻrnata boshladi. XX asr boshlarida Sven Xedin kabi tadqiqotchi va geograflar Yevropada Markaziy Osiyo haqidagi bilimlarni yanada boyitishga xizmat qilgan.

Ushbu tarixiy nigoh bizga muhim bir haqiqatni eslatadi: mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz oʻrtasidagi munosabatlar kecha paydo boʻlmagan, ular chuqur ildizlarga tayanadi.

Bugun Oʻzbekiston va Shvetsiya mana shu ming yillik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro eʼtibor va eʼtirofga sazovor boʻlgan muhim islohotlarni amalga oshirdi. ­Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, ijtimoiy sohani isloh etish hamda davlat institutlarini takomillashtirish yoʻlida izchil qadamlarni davom ettirmoqda.

Shvetsiyada ham bu taraqqiyot oʻz eʼtirofini topmoqda. Buni, xususan, shved kompaniyalarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib, oʻzaro delegatsiyalar almashinuvi kengayib borayotganida koʻrish mumkin. Taʼlim, migratsiya va reintegratsiya sohalarida grant dasturlari orqali yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatlarimiz migratsiya sohasida keng qamrovli hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga juda yaqin turibdi. Ushbu hujjatning ahamiyati shundaki, Oʻzbekiston Shvetsiya bilan bunday turdagi kelishuvni imzolaydigan ilk sherik davlat boʻladi.

Oʻzbekistondagi keng ijobiy oʻzgarishlar Markaziy Osiyodagi jarayonlarga ham bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Mintaqa bugun sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muhim koʻprik sifatida qayta namoyon boʻlmoqda. Yuz yillar davomida global almashinuv markazi boʻlgan Markaziy Osiyo XXI asrda savdo, energetika, transport va hamkorlikning muhim markaziga aylanib bormoqda.

Oʻzining strategik joylashuvi, islohotlarga yoʻnaltirilgan taraqqiyot strategiyasi va kuchli intilishi bilan Oʻzbekistonning mazkur jarayonlar tizimidagi ahamiyati, ayniqsa, muhim. Mintaqa qoq markazida joylashgan mamlakat Markaziy Osiyoning barqaror va konstruktiv ishtirokchisi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik hamda barqaror taraqqiyotni izchil ilgari surayotgan aktor sifatida oʻzini tobora ishonchli namoyon etmoqda.

Yevropa, jumladan, Shvetsiya uchun bu teran va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyatdir. Yanada chuqur va amaliy hamkorlik, xususan, savdo, investitsiya, innovatsiya va barqaror rivojlanish sohalarida yangi imkoniyatlarni yaratishimiz mumkin. Bunday hamkorlik ikki tomon uchun ham amalda oʻzaro manfaatli boʻlishi tabiiy: uning bir tarafida aniq taraqqiyot strategiyasiga ega va bardavom iqtisodiy oʻsishdagi, katta inson kapitali va boy tabiiy resurslarga ega Oʻzbekiston boʻlsa, ikkinchi tarafda yuqori texnologiyali kompaniyalar va ilgʻor bilimlarga ega Shvetsiya turibdi.

Ishonchim komilki, global miqyosda eʼtirof etilgan shved kompaniyalari Oʻzbekistondagi sanoatni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishga sezilarli hissa qoʻsha olishga qodir. Xususan, ushbu masalalar shu yil 13-mart kuni Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligida ikki mamlakatning konchilik sohasi korxonalari oʻrtasida oʻtkazilgan biznes seminarida qizgʻin muhokama qilindi.

Biroq bizning munosabatlarimiz faqat iqtisodiyotga asoslanmaydi. Hamkorligimiz insonlar oʻrtasidagi aloqalar orqali yanada mustahkam boʻlishi mumkin. Bu borada biz hali toʻliq oʻrganib ulgurmagan va oʻz muddatini kutib turgan katta salohiyat mavjud. Buning sababi shuki, yaqin davrga qadar biz bir-birimiz haqida juda kam maʼlumotga ega boʻlganmiz va baʼzan haqiqatdan ancha yiroq tasavvur va stereotiplar bilan yashab kelganmiz.

2024-yili Oʻzbekistonga ilk bor tashrifim davomida yuqori darajadagi mehmondoʻstlik va samimiyat guvohi boʻldim. Bu menda chuqur va unutilmas taassurot qoldirdi. Ushbu mamlakatning boy tarixi, Buyuk ipak yoʻlining muhtasham shaharlaridan tortib, rang-barang anʼanalarigacha — bularning barchasi kuchli milliy oʻzlik va iftixor madaniyati inʼikosi ekanini angladim.

Safarim davomida men yana bir muhim haqiqatni anglab yetdim: Oʻzbekiston nafaqat qadimiy oʻtmishga ega yurt, balki ishonch bilan kelajak sari intilayotgan davlatdir.

Soʻnggi yillarda Shvetsiya va Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqalarimiz oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida faol ishlash sharafiga muyassar boʻldim. Shu bilan birga, Toshkentda Shvetsiya elchixonasi ochilsa, aminmanki, bu nafaqat Shvetsiyaning diplomatik va siyosiy, balki ushbu strategik mintaqadagi iqtisodiy manfaatlariga ham xizmat qiladi.

YEXHT Parlament assambleyasi doirasida biz Shimol-Boltiq mintaqasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi muloqotni ancha faollashtirishga muvaffaq boʻldik. Muntazam uchrashuvlar va qoʻshma tashabbuslar orqali tajriba almashish hamda chuqur hamkorlik uchun platformalar ishlab chiqdik. Bu esa bir-birimizni yanada yaxshi anglash va tushunishga yordam berib kelmoqda.

Shvetsiya parlamentidagi Markaziy Osiyo boʻyicha doʻstlik guruhi rahbari sifatida Riksdagda biznes-seminarlar ham oʻtkazib kelaman. Ushbu tashabbuslar shved kompaniyalarining Oʻzbekiston va butun mintaqa bozoriga kirib kelishi uchun investitsiyaviy va texnologik hamkorlikning yangi formatini kashf qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Hamkorligimiz kun tartibini Oʻzbekistonning boy va jozibador sayyohlik salohiyatini Shvetsiyada keng targʻib qilish orqali yanada mustahkamlashga kelishib oldik. Yaqin orada biz ushbu mavzuga bagʻishlangan yirik tadbir oʻtkazishni rejalashtirdik.

Shu yil 24-mart kuni “Shvetsiya — Markaziy Osiyo” guruhi Stokgolmda — Riksdag binosida Oʻzbekistonning diniy ekstremizmga qarshi kurashish, dinlararo muloqotni rivojlantirish va terroristik tashkilotlarning sobiq aʼzolarini reintegratsiya qilish borasidagi ­saʼy-harakatlariga bagʻishlangan seminarga mezbonlik qildi.

Oʻta qiziqarli kechgan ushbu tadbirda Oʻzbekistondan nufuzli delegatsiya, jumladan, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar va boshqa diniy konfessiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar Shvetsiyada yuqori baholandi va Oʻzbekistonning tinchlik, barqarorlik, muloqot va ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yanada chuqur va teran anglash imkonini berdi.

Mazkur tadbir “Tinchlik, avvalo, uydan boshlanadi” degan haqiqatni yana bir marta namoyon qildi: Oʻzbekistonda 130 ga yaqin millat va elat 16 ta diniy konfessiya vakillarining tinch-totuv yashashini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar, ayniqsa, mamlakatning murakkab geosiyosiy joylashuvini hisobga olganda, alohida eʼtirofga loyiq.

Seminar Shvetsiya va Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi “Biz bir-birimizdan oʻrganishimiz mumkin boʻlgan jihatlar juda koʻp ekan” degan xulosani ham olish imkonini berdi.

Shvetsiya va Oʻzbekiston bir-biridan uzoq geografik makonlarda joylashgan hamda oʻz taraqqiyot yoʻlidan borayotgan mamlakatlar boʻlsa-da, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlikka intilish kabi maqsadlarimiz mushtarak. Siyosiy muloqot, biznes, taʼlim, madaniyat va xavfsizlik kabi sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish orqali uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli, turli stereotiplar va narrativlardan xoli sheriklikni barpo etishimiz mumkin.

Bugun biz sheriklik, oʻzaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan yangi koʻpriklarni qurish uchun ajoyib imkoniyatlarga egamiz. Ezgu gʻoyalar va qoʻshma saʼy-harakatlar orqali mamlakatlarimiz manfaatlariga birdek xizmat qiladigan ijobiy natijalarga erisha olishga ishonchim komil.

Biz buni qoʻldan boy bermasligimiz zarur.

Byorn SYODER,

Shvetsiya parlamenti (Riksdag) aʼzosi,

Riksdagning “Shvetsiya — Markaziy Osiyo”

doʻstlik guruhi ahbari,

Shvetsiyaning YEXHT Parlament

assambleyasidagi delegatsiyasi rahbari