Bu Prezidentning “Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni taʼminlash choralar-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.
Hujjatga koʻra, loyiha sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish, suv resurslarini koʻpaytirish, qoʻshimcha yer maydonlarini oʻzlashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Qaror asosida 2027–2030 yillarda Jizzax viloyati Baxmal tumanida Tangatopdisoy, Samarqand viloyatida Gʻijduvonsoy, Choshtepasoy va Oqtepasoy, shuningdek, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida Oqsokotasoy sel-suv omborlari barpo etiladi.
Ushbu inshootlar qurilishi hisobiga Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yerlarning suv taʼminoti yaxshilanishi kutilmoqda. Shuningdek, Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yer maydonlari oʻzlashtiriladi.
Qaror ilovasiga koʻra, mazkur 5 ta loyihaning umumiy dastlabki qiymati 997 milliard soʻm etib belgilangan.
Loyihalarni moliyalashtirish respublika byudjeti mablagʻlari, “Agrobank” ATB mablagʻlari, shuningdek davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilinadigan xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.
Xususan, Jizzax viloyatidagi Tangatopdisoy hamda Toshkent viloyatidagi Oqsokotasoy sel-suv omborlarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish rejalashtirilgan.
Qarorda sel-suv omborlari atrofida turistik-rekreatsion hududlar tashkil etish, baliqchilikni rivojlantirish va qoʻshimcha xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Hujjat ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Prezident administratsiyasi rahbariyati zimmasiga yuklatilgan.