TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning maʼlum qilishicha, fuqarolar safar oldidan mezbon davlatlarning viza va migratsiya talablarini puxta oʻrganishi, barcha zarur hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirishi hamda ularning amal qilish muddatini tekshirishi lozim.
Shuningdek, pasport va boshqa muhim hujjatlarning asl nusxalari bilan birga elektron va qogʻoz koʻchirmalarini saqlash, mahalliy qonunchilik hamda jamoat tartibi qoidalariga qatʼiy rioya qilish tavsiya etildi.
TIV muxlislarga harakatlanish yoʻnalishlarini oldindan rejalashtirish, rasmiy transport va axborot xizmatlaridan foydalanish, gavjum joylarda shaxsiy xavfsizlik choralariga amal qilish hamda ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslikni tavsiya qildi.
Qayd etilishicha, favqulodda vaziyatlar, hujjatlar yoʻqolishi yoki boshqa muammolar yuzaga kelgan taqdirda mahalliy tezkor xizmatlar va Oʻzbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish zarur.
TIV barcha muxlislarni Oʻzbekiston milliy terma jamoasini munosib qoʻllab-quvvatlashga, mezbon davlatlar qonun-qoidalari, mahalliy anʼana va madaniyatiga hurmat bilan munosabatda boʻlishga chaqirdi.
“Har bir vatandosh xorijda nafaqat muxlis, balki Oʻzbekistonning munosib vakili ekanini unutmasligi lozim”, — deya taʼkidlandi vazirlik bayonotida.