Ilk she’rim chiqqanda, uzoq-yaqindagi tengdoshlarimdan ko‘plab xat olganim, ayrimlari bilan hanuzgacha qo‘ng‘iroqlashib turishim ham rost gap. O‘sha kezlari oilamizga ikkita “G‘uncha”, uchta “Gulxan” va bitta bolalar gazetasi kelardi. Ustozlarimiz bot-bot matbuotda e’lon qilingan maqola va xikoyalardan so‘rab qolishardi. Oqibatda tilimiz burrolashib, xotiramiz mustahkamlanib borardi.
Meni o‘ylantirgani – bugun farzandlarimiz oltin davrini smartfon, kompyuterdagi turli ko‘ngilochar o‘yinlar, yuzaki ma’lumotlar, oldi-qochdi safsata va yolg‘on xabarlarga sarf etayapti. Bolalar jurnallari, gazeta, kitoblar kirib boradigan xonadonlar soni avvalgidek emas. Yangi asr bizdan o‘zgacha fidoyilikni, mutolaa uchun jon kuydirishni talab qilmoqda. Go‘yoki XX asr boshlarida millat fidoyilari — jadid bobolarimiz fikrini band etgan masala bugun bizning ham oldimizda ko‘ndalang turgandek.
Uch yil davomida maktabda ma’naviyatchi bo‘lib ishladim. Qaysar, o‘zibilarmon, telefon o‘yinlariga sho‘ng‘igan bolalarni ko‘rib, rosti dilim og‘ridi. Bugun ota-onalar mutolaa uchun mablag‘ni qizg‘onadigan bo‘lib qolgan. Uyali aloqa, undagi internet o‘yinlari uchun haq to‘lash oddiy holga aylandi. Ammo har maktabga bitta (har sinfga bitta qayoqda!) gazeta-jurnalga obuna bo‘ling, deb eshik taqillatib kelganlarni ko‘rib, rosti uyaldim. Bolalikda obuna bo‘lgan jurnallarimizning yangi soni keladigan kunga intiq bo‘lib yo‘l qaraganimiz yodimga tushdi. Bugunning aksariyat bolasida mana shunday hayajon, shirin tashvish yo‘qligini o‘ylab yuragim achishdi.
Kichkinagina Singapur davlatining yuksalib, dunyolarga chiqishida bilimdon bolalari rol o‘ynagan ekan. Chet o‘lkalarning vaqtli matbuoti bilan ham tanish ekan ular. “Tong yulduzi” gazeta sahifalarini bir varaqlab ko‘ring. “Ingliz tilini o‘rganamiz” rukni ostida muntazam dars saboqlari bor. Qolaversa, ravon o‘qish, mustaqil fikr qilish uchun insholar tanlovi uyushtiriladi.
Sal kam bir asrlik nashrlar qancha bo‘lajak olimu oqillarni tarbiyalagan! Millionlab nusxada chop etilgan bolalar nashrlari kosmonavt bo‘laman, alpinist bo‘laman, degan bolalar orzusiga qanot bo‘lgandi.
Yuqorida jadidlar davrini bejiz yodga olmadim. XX asr boshlarida millat fidoyilarining sa’y-harakati bilan g‘aflat uyqusidagi Turkiston uzra zamonaviy ilm-fan, ta’lim, madaniyat epkinlari esa boshlagan. Tan olish kerakki, jadid ma’rifatparvarlari kichik bir muddatda ulkan ishlarni amalga oshirgan.
Buni birgina Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy hayoti misolida ko‘rish mumkin. XX asr boshida ularning sa’y-harakati bilan ochilgan maktablar, yaratilgan darslik, xrestomatiya, adabiyotlar, nashr etilgan gazeta va jurnallar, sahnalashtirilgan dramalar — barchasi zamirida bir maqsad yotardi: Turkiston xalqini uyg‘otish, axloq kasalliklariga chora topish, ilm-ma’rifat ziyosi bilan ongu shuurni nurlantirish. Biz ham mutolaani kuchaytirish orqali bugungi kun bolalarining gadjetlarga bo‘lgan e’tiborini kitobga qarata olamiz.
Bugun milliy uyg‘onish davri ma’rifatparvarlari yo‘lidan borishimiz, ular ilgari surgan g‘oyalarga tayanishimiz lozim. Jadid ma’rifatparvari o‘z davrida “islohi makotib, islohi madoris, islohi idorai ruhoniya, islohi axloq, islohi hukumat zaruriyati aql, naql, shar’ va zamon muqtazosi” ekanini chuqur anglab butun harakatlarini shunga yo‘naltirgan. Xususan, Abdulla Avloniy maktab va madrasa, usuli ta’lim va tadris islohiga katta kuch sarflab “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan qarashda sobit bo‘lgan.
Xalqimizda “Zehn qo‘ysang bilimga, ilm tomar dilingga” degan maqol bor. Kelajak avlodning qalbi ilm nuri bilan to‘lishi uchun amalga oshirilgan ishlar, albatta, kelajakda o‘z mevasini beradi. Bolalar nashrlari har bir xonadonga kirib borsa, kelajak avlodning telefon, kompyuter qaramiga aylanib borayotgani haqidagi xadiklar kamayar, qo‘rquv o‘rnini ishonch hissi egallar edi. Ular “online do‘sti” bilan emas, kitob, gazeta, jurnallar bilan dillashadigan bo‘lardi. Quvonarlisi, yana nashrlarga o‘quvchilar tomonidan xatlar kela boshlaydi. Bolalar yozishmalariga suyangan gazeta va jurnallar esa jonlanadi. Kitobxonlikka yo‘l ochiladi. Tezroq bolalarimizga o‘z gazeta va jurnallarini beraylik. Bu ezgu maqsadga qunt va izchillik bilan yondashib erisha olamiz.
Umida ABDUAZIMOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi