«Zhejiang Red Dragonfly Shoes» kompaniyasi mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarda hamkorlik qiladi

    Biznes 1 Dekabr 2024 496

    Ayni kunlarda O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib turibdi. Delegatsiya tarkibida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi ham Xitoyning Chendu shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida ishtirok etdi. Ushbu tashrif davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilyapti.

    «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi A.Sultonov Xitoyga tashrif doirasida bir qator kompaniyalar bilan charm sanoatidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildi. Shuningdek, A.Sultonov Xitoyning taniqli «Zhejiang Red Dragonfly Shoes» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, yangi investitsion loyiha haqida muzokara o‘tkazdi.

    Ma’lumot uchun: «Zhejiang Red Dragonfly Shoes» kompaniyasi Xitoyning mashhur poyabzal brendi hisoblanadi. Kompaniya erkaklar va ayollar uchun har xil ishbilarmon, kundalik va sport poyabzallarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning asosiy ishlab chiqarish joyi Xitoyning Chjejiang viloyatida joylashgan. «Red Dragonfly» brendi yuqori sifatli materiallardan foydalanish va zamonaviy dizaynga e’tibor qaratganligi bilan tanilgan. Kompaniya mahsulotlari nafaqat Xitoyda, balki butun dunyo bozorlarida ham talabgir sanaladi.

    «Muzokarada O‘zbekistonda tashkil etilgan charm sanoati sohasiga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Mamlakatimizda «Red Dragonfly» brendi ostida poyabzal mahsulotlarini, charmni qayta ishlash, mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama etildi. Kompaniya bu borada hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.

    Shu maqsadda kompaniya vakillari dekabr oyida O‘zbekistonga kelib, loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan kichik sanoat zonalari bilan tanishadi.