Shuni qayd etish o‘rinliki, mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Turkiyaning mutasaddi vazirlik va idoralari bilan holat yuzasidan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Ular bilan hamkorlikda shu kunga qadar qator eʼtiborga molik ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2023 yil 14 fevral holatiga zilzilalar oqibatida nobud bo‘lgan 6 nafar yurtdoshimizning biri Turkiyada dafn etildi, 4 nafarinig jasadlari O‘zbekistonga yuborildi, hozirgi paytda yana bir nafar vatandoshimiz hujjatlari rasmiylashtirilmoqda, qidirilayotgan jami 75 nafar vatandoshimizdan 66 nafari topilib, ular bilan aloqa o‘rnatildi, 27 kishi esa tabiiy ofat hududidan evakuatsiya qilinib, O‘zbekistonga yuborildi.

Shuningdek, 30 nafardan ziyod vatandoshimiz zilzila sodir bo‘lgan viloyatlarda moddiy yordamga muhtoj holatda ekanligi aniqlanib, ularga ko‘mak ko‘rsatish uchun tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bosh konsulxona tomonidan ofat sodir bo‘lgan shaharlarga insonparvarlik yordami yuborish, jabr ko‘rgan vatandoshlarimizga ko‘maklashish jarayonlarini markazlashtirgan holda tashkil etish, ularning manzilga ishonchli yetib borishini taʼminlash maqsadida maxsus bank hisob-raqami ochildi. Unga faol vatandoshlar va homiylardan kelib tushgan mablag‘lar jabrlangan fuqarolarimizni Istanbul shahriga olib kelish, ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, mehmonxonalarga joylashtirish va O‘zbekistonga yuborish uchun aviachiptalar xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun maqsadli sarflanmoqda.

Nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ofat natijasida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida homiylik manbalar hisobidan generator, isitgich, kiyimlar, oziq-ovqat, gigiyena mahsulotlari va boshqa insonparvarlik yuklari Xatay, Kahramanmarash va Gaziantep shaharlariga yuborildi.

Shuningdek, Kahramanmarash viloyatida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan 8 nafar o‘zbekistonlik talaba aniqlanib, ularga homiylik mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar va talabalar bilan hamkorlikda fojea ro‘y bergan shaharlarda mamlakatimizdan kelgan bir guruh taniqli oshpazlarning har kuni 500 kg miqdorida 6 ta doshqozonda ikki mahal palov va boshqa milliy taomlarni pishirib tarqatilishiga yaqindan yordam ko‘rsatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxslar tomonidan vafot etganligi noto‘g‘ri eʼlon qilingan O‘zbekiston fuqarosi –Namangan viloyatida 1975 yilda tug‘ilgan Shohista Niyozova Bosh konsulxona saʼy-harakatlari bilan qidirib topildi. U hamda zilzila vaqtida birga bino ostida qolib ketgan Marg‘ubaxon Miraliyeva voqea joyidan Istanbul shahriga keltirilib, shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilgani barobarida ularga bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi taʼminlandi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga asosan, fojea sodir bo‘lgan ilk kundan boshlab mamlakatimiz tomonidan Turkiya xalqiga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordamlari qardosh davlat tomonidan yuksak qadrlanayotir. Xususan, zilzila ro‘y bergan hududlarda ishlarni tashkillashtirish jarayonida tunu-kun mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik qutqaruvchi va yordamga kelgan vatandoshlarimiz bilan uchrashgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafo Shentop va mudofaa vaziri Xulusi Akar o‘zbek xalqining bu yordami hech qachon unutmasligi haqida bildirgan fikrlari barcha OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritildi.

Turkiya IIV Xalqaro hamkorlik xizmati va Migratsiya xizmati bosh boshqarmalari rahbariyati ham ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun O‘zbekiston rahbariyatiga IIV va turk xalqi nomidan o‘z minnatdorligini bildirdi.