Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliy taʼlim muassasalari soni 127 taga yetkazildi. Xorijiy oliy oʻquv dargohlarining 26 ta filiali ochildi. Albatta, bu yoshlarimiz uchun juda katta imkoniyat.
Shu oʻrinda bir jihatga eʼtibor qaratish kerak: tashkil etilayotgan oliy oʻquv yurtlarida yigit-qizlarga kimlar taʼlim beradi?
Sir emas, koʻp oliy taʼlim muassasalarining oʻzida malakali pedagoglar yetishmaydi. Bu, ayniqsa, matematika sohasida koʻproq seziladi. Yaqinda ochilgan Yangi Oʻzbekiston universitetiga germaniyalik taniqli professor rektor sifatida tanlandi. Albatta, u oʻz imkoniyatidan foydalanib chet elning nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan mutaxassislarni jalb qiladi. Lekin milliy kadrlarsiz ish bitmaydi. Shuning uchun pedagog kadrlar tayyorlash masalasiga eng muhim ish deb qarash kerak.
Davlatimiz rahbari Yoshlar kuniga bagʻishlangan marosimdagi maʼruzasida navqiron avlodning bandligini taʼminlash masalasiga alohida toʻxtaldi. Boʻsh ish oʻrinlari koʻp, ammo diplomsiz yigit-qizlar unda ishlay olmayotgani haqiqatan ham afsuslanarli. Koʻpgina kasblarda diplom talab qilinishi yoshlarimizning bilim emas, diplom uchun oʻqishiga olib kelgani ham ayni haqiqat. Shu bois, koʻpgina kasblarga nisbatan oliy maʼlumotli boʻlish talabi bekor qilinishi ayni muddao boʻldi.
Matematika va shunga oʻxshash tabiiy fanlarni oʻqitish maktabgacha taʼlimdan boshlanadi. Inson besh yoshgacha boʻlgan davrda umri davomidagi eng katta maʼlumotni qabul qiladi. Demak, maktabgacha taʼlimga bolalarni koʻproq qamrab olish, matematika, mantiqiy fikrlashga oʻrgatish muhim masala.
Yana bir tashabbus — yozda yoshlar uchun oromgoh tashkil qilish masalasi qoʻyildi. Bu oromgoh faqat dam olish uchun emas, balki unda iqtidorli yoshlar uchun yozgi maktablar tashkil etish ham nazarda tutilgan. Oromgohda mamlakatimizning barcha hududidan koʻplab sohalar boʻyicha eng iqtidorli bolalarni yigʻib, bir oy davomida shugʻullantiriladi. Bu avvaldan bor tajriba. Shuni hozir Prezidentimiz davlat siyosati darajasiga koʻtarmoqda. Men oʻz tajribamda buning samarasini koʻrganman. Mustaqillikning ilk yillarida har yili institutimiz xodimlari tashabbusi bilan Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda, Namanganning Gʻovva qishlogʻida yozgi fizika-matematika maktabi tashkil qilinardi. Unga yurtimizdagi iqtidorli, matematika fani olimpiadalarida gʻolib chiqqan bolalar taklif qilinib, ular bilan mashgʻulotlar olib borilardi. 10-15 nafar matematik olim yuqori sinflarning 60 ga yaqin oʻquvchisiga matematikadan dars berar, turli tanlovlar, olimpiadalar orqali ragʻbatlantirilardi. Bu tajriba xorijiy mamlakatlarda ham bor. Masalan, AQSH universitetlarida yozgi semestr degan tushuncha mavjud. Yozgi taʼtil paytida talabalar universitet yoki boshqa biror joyda yigʻilib, masalan, matematikaning biror yoʻnalishiga bagʻishlab leksiyalar oʻtadi. Bu qoʻshimcha bilim olish, ilmiy ish qilish uchun asos boʻladi. Pandemiya boshlanguncha har yili Amerikadan 10 nafar talaba AQSH milliy ilm-fan jamgʻarmasi yordamida institutimizga kelib, semestr oʻtkazardi. Olimlarimiz ularga fan sirlarini oʻrgatar, ular ilmiy ishini shu yerda yakunlab ketardi. Xorijlik talabalarning kelib-ketishi, bu yerda yashashi va oʻqish xarajatlari AQSH tomonidan qoplanardi. Ana shu tajriba ayni paytda yurtimizda yoʻlga qoʻyilmoqda. Davlatimiz rahbari shu maqsadda Boʻstonliq tumanida — Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining “Yoshlik” oromgohi negizida yil davomida faoliyat yuritadigan respublika iqtidorli yoshlar oromgohini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Biz bu tashabbusni mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlaymiz. Institutimizning yetakchi olimlari zamonaviy matematika fanidan yoshlarga saboq berishga tayyor. Bu tashabbus yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va kelgusida ilmiy izlanish qilishi uchun poydevor qoʻyishda katta yordam beradi.
Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika taʼlimi va fanlarini yana-da rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida institutimiz huzurida yosh matematiklar oʻquv markazi tashkil qilindi. Maktab oʻquvchisi yoki talabalarning shu yerda konsultatsiya, qoʻshimcha dars olishiga imkoniyat yaratish — eng asosiy maqsadimiz. Oʻquv markazi oʻtgan yili faoliyat boshladi. Bir necha oydan buyon barcha viloyatlardan iqtidorli bolalarni respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash borasida ish olib boryapmiz. Yosh matematiklarning xalqaro olimpiadalarda yuqori natija koʻrsatishiga erishish zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklamoqda.
Hozir Fanlar akademiyasi bilan Xalq taʼlimi vazirligi oʻrtasidagi bir vaqtlar uzilib qolgan aloqalar qayta tiklanayotgani eʼtiborga sazovor. Ixtisoslashtirilgan maktablarga direktor tayinlash, bolalarni respublika va xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda ham i nstitutimiz olimlari ishtirok etmoqda.
Taʼlim, ilm-fan shunday sohaki, unda bir-ikki yilda natijaga erishish qiyin, lekin shu qisqa vaqtda yoʻqotish oson. Deylik, 5 yoki 10 yil taʼlimga eʼtibor qaratilmasa, u, albatta, har tomonlama tanazzulga uchraydi. Eʼtiborsizlik yoshlarning fanga qiziqishini susaytiradi. Soʻnggi yillarda yoshlarning ilm-fanga qiziqishi, intilishi ortayotgan boʻlsada, xorazmiylar, beruniylar chiqishi uchun biroz vaqt talab etiladi. Bunga hozirdan tayyorgarlik koʻrmoq lozim. Biz — olimlar, pedagoglar bu ishlarda kamarbasta boʻlmogʻimiz shart.
Sir emas, pedagoglar ichida nomiga dars berib yurganlar ham yoʻq emas. Matematika shunday fanki, agar oʻqituvchi oʻz fanini yaxshi bilmasa, tinglayotgan oʻquvchilarda bu fanga nisbatan qiziqish susayadi. Qoʻrquv tugʻiladi. Savol berganida oʻqituvchidan javob ololmasa, bola darrov bu fan tushunarsiz ekan, deb hafsalasi pir boʻladi. Aksincha, pedagog oʻz fanini sevib, bolaga qiziqarli shaklda dars oʻtsa, matematikani yoqtirmaydigan bolalarda ham qiziqish uygʻonadi. Shuning uchun pedagoglarga, olimlarga juda katta masʼuliyat yuklanadi.
Yurtimizning deyarli barcha hududida Prezident maktablari tashkil etilayotgani Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyadigan yoshlarning kamolga yetishiga zamin yaratmoqda. Oʻzim ham Toshkentdagi Prezident maktabiga bir necha marta borib, bolalar bilan uchrashdim. Ular bilan mashgʻulotlar oʻtkazdim. Ikki oy oldin Nukusdagi Prezident maktabida boʻldim. Bu maktablarda juda iqtidorli, bilimli bolalar oʻqiyapti. Ularni hozirdanoq saralab olishimiz kerak.
Bu yil Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchining barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalariga grant asosida oʻqishga kirdi. Bu juda katta koʻrsatkich. Avvallari oʻgʻil-qizlarimiz chet el universitetlariga oʻqishga kirish qanday boʻlishini bilmasdi. Hozir ular ilm-fanning yuqori choʻqqilarini zabt etishga, dunyoning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlarida bilim olishga astoydil kirishgan. Bu chin maʼnoda Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbeklar yetishib kelayotganidan dalolat.
Haftada bir marta Oʻzbekiston Milliy universitetida seminar mashgʻuloti oʻtaman. Koʻplab magistrant va doktorantlar seminarlarda ingliz tilida maʼruza qiladi. Chunki matematika — xalqaro fan. Ilmiy izlanish natijasini oʻzbek tilida ham yozish mumkin, lekin u xalqaro darajada oʻqilmasligi, eʼtirof etilmasligi tayin. Binobarin, matematika sohasida qoʻlga kiritilgan natija tan olinishi uchun dunyo matematiklari eʼtirofiga sazovor boʻlish kerak. Shuning uchun magistrant va doktorantlar, yosh olimlardan ilmiy maqolalarni ingliz tilida yozishni talab qilaman. Chunki ular ertaga chet elning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilishi kerak. Buning uchun xorijiy tilni yaxshi bilishi lozim. Bu ham davlatimiz rahbarining oldimizga qoʻygan vazifalarini ado etishdagi yana bir qadam.
Bu yil “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda gʻolib boʻlgan yoshlarning aksariyati matematiklar — institutimiz olimlari ekani qalbimizda faxr uygʻotadi. Ularning oʻz sohasi bilimdoni boʻlishi bilan birga chet tilni bilishiga qaratilgan eʼtibor natija bermoqda. Ular chet elning nufuzli oliy oʻquv yurtida tahsil olganidan soʻng ish faoliyatini yurtimizda davom ettiradi.
Nima uchun yoshlarga bu qadar katta eʼtibor qaratilmoqda, degan haqli savol tugʻiladi. Chunki eng yaxshi gʻoya va takliflar, nostandart, kreativ fikrlar yoshlarda shakllanadi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, endigi muhim vazifamiz — mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulugʻbeklarini, xorazmiy va fargʻoniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat.
Shavkat AYUPOV,
Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi
matematika instituti direktori,
akademik