Bu haqda “Zamin” xalqaro jamoat fondi matbuot xizmati xabar berdi.
Fond koʻmagida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 180 ta maktab toza ichimlik suvidan bahramand boʻlishi uchun suv tayyorlash uskunalari bilan jihozlandi.
Loyihaning barqarorligini taʼminlash maqsadida maktablarda YUNISEF ekspertlari tomonidan suvni tejash, sanitariya va gigiyena boʻyicha treninglar oʻtkazilmoqda.
Maʼlumot uchun, “Toza ichimlik suvi” loyihasini amalga oshirish doirasida kelgusida Qoraqalpogʻistonning yana 52 ta maktabida suv tozalash tizimlari oʻrnatiladi, bu esa bolalarning taʼlim olish sharoitlari va salomatligini yaxshilash imkonini beradi.
Shuningdek, “Yosh fermer” loyihasi doirasida Nukusda biz oziq-ovqat xavfsizligi sohasida duch kelayotgan xavf-xatarlar, iqlim oʻzgarishi qishloq xoʻjaligiga qanday tahdid solishi, hosildorlikni pasaytirishi va ocharchilikni oshirishi haqida eslatib turuvchi kun — Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlangan “Daladan dasturxongacha” ekologik taʼlim festivali boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda “Eco-schools Uzbekistan” loyihasining asosiy ramzi boʻlmish Yashil bayroq tantanali ravishda koʻtarildi. Qoraqalpogʻistonlik gʻoliblarga Yashil bayroqni qoʻlga kiritgan Oʻzbekistondagi yana 8 ta maktab oʻquvchilari onlayn tarzda qoʻshildilar.
Ziroat Mirziyoyeva oʻquvchilarni mukofot bilan samimiy qutladi. Bu mukofot yoshlarning barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilishga boʻlgan sadoqatining ramzi hamda yosh avlodning global muammolarni hal etishda faol ishtirok eta olishining isbotidir. Qutlov soʻzlarini FAO bosh direktori oʻrinbosari Viorel Gutsu va FEE taʼlim masalalari boʻyicha katta direktori Pramod Kumar Sharma ham bildirdilar.