Qatar milliy muzeyi 2019-yilda ochilgan. U yerda Qatar Davlatining tarixi, qatarliklar urf-odati va anʼanalari hamda mamlakatdagi islom obidalari haqidagi maʼlumotlar oʻz aksini topgan. Mehmonlar Fors koʻrfazining tabiati va undagi turli noyob jonivorlarning hayoti bilan ham yaqindan tanishishlari mumkin.  

Islom sanʼati muzeyi Qatarning diqqatga sazovor joylari orasida alohida oʻringa ega.

Muzey Doha sohilidagi  sunʼiy orolda joylashgan boʻlib, 5 qavatdan iborat. 2008-yilda ishga tushirilgan.

Bu dargoh anʼanaviy madaniyat xilma-xilligini va islom sanʼati serqirraligini ifodalovchi ramziy vosita boʻlib xizmat qiladi. Unda Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida VII asrdan XIX asrga qadar mavjud boʻlgan islom sanʼati buyumlari oʻz aksini topgan. Muzey qoshida kutubxona va 200 oʻrinli oʻquv zali, restavratsiya laboratoriyasi va taqdimot oʻtkazish uchun qator xonalar mavjud.

Yana bir eʼtiborli jihati, bu muzeyda Samarqanddan keltirilgan Qurʼon sahifasi nusxasi ham bor. Bularning hammasi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, maʼnaviy mushtaraklikdan dalolat beradi.