Mingga yaqin tarixiy me'moriy obida va qadamjolar mavjud bo'lgan bizning mamlakatimizda turizm imkoniyatlari nihoyatda keng.

Mamlakatimizda ham iqtisodiyotning strategik tarmog'i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to'liq foydalanish, turizm tarmog'ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, sohaga innovatsion g'oya va texnologiyalarni joriy etish, mamlakatning boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosining mavjud resurslari va imkoniyatlaridan har tomonlama foydalanish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu kunlarda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibining ta'lim masalalari bo'yicha maslahatchisi Manana Ugulava boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonda bo'lib turibdi.

Tashrif davomida UNWTO delegatsiyasi Ilm-fan va ta'lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” fondida bir qator uchrashuvlar o'tkazdi. Ugulava xonim yurtimizdagi ta'lim sohasida katta yutuqlarga erishgan xususiy maktab rahbarlari bilan suhbat olib bordi. Qayd etilishicha, Lyutsern Amaliy fanlar va san'at universitetida (HSLU) davlat granti asosida ta'lim olish uchun har yili 100 ta o'rin ajratiladi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ushbu son 50 tani tashkil etadi.

Tashrifning navbatdagi kuni Manana Ugulava, Xalqaro turizm akademiyasi (ITA) hamkori Nino Lordkipanidze, Les Roches Marbella, Global Hospitality direktori Mano Solar hamda Lucern Turizm departamenti rahbari Urs Vagensey bilan “Ziyo Forum” jamoasi uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Ochiq va samimiy ruhda o'tgan muloqot davomida so'zga chiqqanlar so'nggi yillarda O'zbekistonda turizm barqaror rivojlanib kelayotgani, sohaga katta e'tibor qaratilayotgani va ko'p o'zgarishlar kuzatilayotganini e'tirof etishdi.

Tadbir yakunida “Ziyo Forum” fondi hamda UNWTO o'rtasida ishonch memorandumi imzolandi.

– Bizning oldimizdagi vazifa endi “Ziyo Forum” xalqaro fondi va Butunjahon turizm tashkiloti hamda boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan imzolangan shartnomani amaliyotga tezroq joriy etishdir, – deydi O'zbekiston Respublikasi ilm-fan va ta'lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” direktori Bobur Farmanov.

Endilikda talabalar almashinuv dasturlari, professor va tadqiqotchilarning tashriflarini qo'llab-quvvatlash, turizm sohasida yangi malakali kadrlar tayyorlash, kelgusida tashkil etiladigan ta'lim sohasida forum, konferensiya, ko'rgazma va ish yarmarkalari bo'yicha tomonlarni xabardor qilish va boshqa qator yo'nalishlar bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yiladi.

 

Zulxumor Akbarova