Respublikamizda bolalarning sanʼat va madaniyatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni tasviriy sanʼatga, badiiy ijodga boʻlgan qiziqish va eʼtiborini mustahkamlash maqsadida Markaz tashabbusi bilan bu yil ham respublikamizdagi maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Zaminda tinchlik bizning qoʻlimizda” mavzusida bolalar rasmlari koʻrgazmasini tashkil etildi.
Bolalarning ona zaminda tinchlik va osoyishtalik, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini bayon qilgan rasmlar omma eʼtiboriga havola qilindi.
Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonaning Mediya-markazida koʻrgazmasi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda gʻoliblar bilan bir qatorda ushbu koʻrgazmani tashkil etish va oʻtkazishda faol ishtirok etgan taʼlim muassasalari tarbiyachi va ustozlariga minnatdorlik xatlari topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Markaz hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi, “Barkamol avlod” Respublika bolalar maktabi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir yakunida Markaz tashabbusi bilan nashr etilgan va markazning 4 yillik faoliyatini aks ettiruvchi “Yurakdan-yurakka intiluvchi diplomatiya” kitob-albomi taqdimoti oʻtkazildi.