Zoʻravonlikdan himoya qilishda idoralararo hamkorlik tizimini takomillashtirish davr talabi

    Oʻzbekistonda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti.

    Bu boradagi masalalar kuni kecha poytaxtimizda boʻlib oʻtgan «Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish» mavzusidagi davra suhbatida muhokama etildi.

    Unda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, bu jarayonda idoralararo hamkorlik tizimini takomillashtirish, oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurashishda taʼsirchan mexanizmlarni qoʻllash masalalari muhokama etildi.

    Davra suhbatini Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Д.Тошмуҳаммедова olib bordi.

    Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti, «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazi ekspertlari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlari, Toshkent shahar Olmazor tumanining tegishli tashkilot va idoralari masʼullarining sohaga oid mavzularda maʼruzalari tinglandi va suhbat yakunida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

    Ishtirokchilar va ekspertlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalardan xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishda, bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirishda foydalanilishi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.