“Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat”

    27-noyabr kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur oʻtkazildi.

    Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Butunjahon ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni munosabati bilan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” xalqaro kampaniyasi doirasida joriy yilning 27-noyabr kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur oʻtkazildi.

    Press-tur davomida jurnalistlar reabilitatsiya markazi faoliyati, bu yerda zoʻravonlik va turli tazyiqlarga uchragan ayollar uchun yaratilgan sharoit, yoʻlga qoʻyilgan kasb-hunar oʻrganish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

    Masʼullar OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

    Hozirgi vaqtda davlat tomonidan ijtimoiy himoya koʻrsatish tizimini takomillashtirish, maishiy zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilishni taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Soʻnggi yillarda tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish sohasida qator normativ-huquqiy hujjatlar imzolanib, ijroga qaratilmoqda. Shuningdek, raqamli xizmatlar yoʻlga qoʻyilib, ijtimoiy himoya markazlari tizimi tashkil etildi.

    Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy, psixologik va ijtimoiy xizmat koʻrsatish maqsadida shoshilinch qabul boʻlimi mavjud shifoxonalarda birlamchi koʻmak xonalari tashkil etildi. Birlamchi koʻmak xonalariga tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlari qabul qilinadi.

    Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga Birlamchi koʻmak xonalarida birinchi navbatda tez tibbiy yordam koʻrsatiladi. 3 kungacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi, huquqshunos va ijtimoiy xodimi tomonidan tegishli yordam va xizmatlari koʻrsatiladi. Agar xotin-qizlarga chuqurlashtirilgan reabilitatsiya dasturini oʻtash zarur boʻlsa, ular Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga yoʻnaltiriladi.

    Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, boshqa jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan tazyiq va zoʻravonlik holati toʻgʻrisida quyidagi tartibda murojaat qilinadi:

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimga;

    ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga yoki bevosita profilaktika inspektorlariga;

    “112” yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga.

    Murojaat boʻyicha 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

    xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq va zoʻravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat oʻtkaziladi;

    ijtimoiy xodim xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining holatini dastlabki tarzda baholash choralarini koʻradi;

    profilaktika inspektori tomonidan xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtiriladi hamda zaruratga koʻra birlamchi koʻmak xonalariga joylashtirish uchun tegishli dalolatnomani rasmiylashtirishga doir choralarni koʻradi;

    ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori tomonidan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ularning roziligi asosida birlamchi koʻmak xonasiga joylashtiriladi.

    Xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar “Inson” markazlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlari tomonidan koʻrsatiladi.

    Darhaqiqat, tazyiq va zoʻravonlikka uchraganlarning ijtimoiylashuvi hamda jamiyatga integratsiyasini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va ular uchun ijtimoiy yordam hamda xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.

    Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish toʻliq raqamlashtirilib, jabrlanuvchilarni tezkor aniqlash va ijtimoiy xizmatlarni oʻz vaqtida tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Zoʻravonlikka uchraganlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha yangi elektron modul ishga tushirilib, himoya orderlari va jabrlanuvchilarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida yetkazib berilishi taʼminlandi.