Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir davomida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan poytaxtimizdagi 482-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti “Zukko Bolajon!” fotoalbomida aks etgan fotosuratlar asosida namunaviy tarzda bezatilib, “Maʼnaviyat burchagi” tashkil etilgani, bu bolajonlar hamda soha mutaxassislari tomonidan iliq kutib olinganini alohida taʼkidladi.
Mazkur jarayonda bolalarni maʼnaviy olamini boyitish, ularda milliy anʼanalarga qiziqish uygʻotish, sharqona tarbiyaning nodir va nozik jihatlariga alohida eʼtibor qaratilganini bildirdi. Shuningdek, “Zukko Bolajon!” fotoalbomini 36-sonli maktabgacha taʼlim muassasasiga hadya etib, jamiyat bolajonlarning maʼnaviy olamini yanada boyitishga xizmat qiladigan loyihalarni hayotga tatbiq etishda davom etishini bildirdi.
Maktabgacha taʼlim vaziri maslahatchisi Kamola Risqulova esa “Zukko Bolajon!” fotoalbomi va devoriy lavhalar katta sovgʻa boʻlganini, bu kabi loyihalar faqatgina farzandlarimiz manfaati uchun xizmat qilishini taʼkidladi.
Shundan soʻng sahnaga bolajonlar taklif etildi, ular baxtli bolalikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar hamda “Samarqand qizlari”, “Andijon polkasi” nomli shoʻx raqslar bilan ishtirokchilar kayfiyatini yanada koʻtardi.
Shuningdek, tadbir davomida soha xodimlari uchun shoʻbalarga boʻlingan holda bola tarbiyasi hamda uning maʼnaviy kamoloti xususida seminar-trening oʻtkazildi. Seminarni iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Obiddin Mahmudov, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori Javdat Poʻlatovlar olib bordi.
“Zukko Bolajon!” loyihasi doirasida fotokoʻrgazma hamda Samarqand qoʻgʻirchoq teatri tomonidan tomoshalar namoyish etildi. Kulolchilikka qiziqishi boʻlgan bolalar uchun ajoyib darslar tashkil qilindi, deb yozmoqda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati Axborot xizmati.