Unga koʻra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yoʻnalishlar boʻyicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.

Talabgorlar 8 ta yoʻnalish — fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati boʻyicha tanlovlar orqali saralanadi.

Mukofot ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga oʻqish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Yoʻnalishlar boʻyicha har bir oʻringa munosib talabgorlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • tuman (shahar) bosqichi — 2-sentyabrdan 20-oktyabrga qadar;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi — 21-oktyabrdan 30-noyabrga qadar;
  • respublika bosqichi — 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar oʻtkaziladi.

Mukofot har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 nafar talabgorga beriladi.

Sovrindorlarga mukofotlanganlik haqidagi diplom, koʻkrak nishoni hamda BHMning 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.