Bugungi global sharoitda taʼlimni ratsional tashkil etish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jahonda shiddat bilan davom etayotgan toʻrtinchi sanoat inqilobi ilgʻor taʼlim texnologiyalarini yaratish, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan bogʻliq jarayonlarda jiddiy oʻzgarishlar talab qilmoqda.
Shu oʻrinda adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish taʼlim sohasidagi istiqbolli maqsadlarga intellektual salohiyatni safarbar qilishga zamin yaratadi.
Kuni kecha Prezidentimiz huzurida xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi. Videoselektorda davlatimiz rahbari qator vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, Toshkent davlat pedagogika universitetini Xalq taʼlimi vazirligi tarkibiga oʻtkazish, maktab oʻqituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantirish zarurligini qayd etdi.
Bunday masʼuliyatli vazifalarni bajarishda Toshkent davlat pedagogika universiteti muayyan tajriba jamlangan taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-maydagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan universitet oliy taʼlimning pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida respublikamizning bazaviy oliy taʼlim muassasasi etib belgilangan.
Ayni paytda universitetda taʼlimning kunduzgi, kechki, sirtqi shakllarida 41 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 29 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha, shuningdek, Belarus davlat pedagogika universiteti bilan toʻrtta, Moskva davlat pedagogika universiteti bilan bitta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 3+1 shaklida qoʻshma dastur asosida kadrlar tayyorlanmoqda.
Bugungi innovatsion rivojlanish pallasida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Keyingi besh yilda mamlakatimizdagi barcha islohot mana shu qatʼiy tamoyil asosida roʻyobga chiqdi.
Jumladan, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirishi borasida ham. Hozir universitetimizda 52 nafar fan doktori, professor hamda 293 nafar fan nomzodi, dotsent faoliyat koʻrsatyapti. Bu yil 1-mart holatiga koʻra, professoroʻqituvchilarning ilmiy salohiyati 45 foizni tashkil etdi. Biroq bugungi kun muvaffaqiyatlarga suyanib yashashni emas, berilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, faoliyatga tanqidiy nuqtayi nazardan baho berib ishlashni talab etmoqda. Shu maʼnoda, oliy taʼlim muassasamizda ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha joriy yil oxirigacha moʻljallangan istiqbolli reja ishlab chiqilgan. Jumladan, ilmiy tadqiqotini yakunlayotgan professoroʻqituvchi va izlanuvchilarga yetarli sharoit yaratilgani va amaliy yordam berilgani natijasida soʻnggi besh oyda 68 ta dissertatsiya yoqlangan.
Ilm-fan va innovatsiyalar yangilanayotgan Oʻzbekiston taraqqiyotida strategik ahamiyatga ega ustuvor sohaga aylandi. Jahon banki akademik innovatsiyalar fondining “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika va psixologiya fanini oʻqitish amaliyoti va ongosti sohasiga doir taʼlim berish jarayonini takomillashtirish” nomli grant doirasida psixofiziologiya hamda psixologik xizmat ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi.
Iqtidorli talabalar bilan olib borilgan ishlar samarasi ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, bu yil ikki nafar talabamiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi boʻldi. Bir nafar talabamiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasini hamda 9 nafar talabamiz nomdor stipendiyalarni qoʻlga kiritdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar koʻp demakdir.
Oʻzining qariyb 90 yillik tarixi va shonli anʼanalariga ega boʻlgan universitet bitiruvchilari bugun nafaqat mamlakatimiz, balki koʻplab xorijiy davlatlarda pedagogik faoliyat bilan mashgʻul.
Uzoq yillar mobaynida muassasada taʼlimning zamonaviy texnologiya va metodlarini ishlab chiqish, joriy qilish boʻyicha boy tajriba toʻplangan. Uzluksiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻini uchun yaratilgan oʻquv va metodik adabiyotlarning katta qismiga universitet jamoasi aʼzolari mualliflik qilganini alohida taʼkidlash joiz.
Kelgusi oʻquv yili uchun dunyoning yetakchi 500 taligiga kirgan pedagogika oliy taʼlim oʻquv rejalaridagi fanlar soni optimallashtirildi. Talabalarning kredit-modul tizimi boʻyicha taʼlim natijalarini baholash va nazorat qilish tartibi takomillashtirildi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab pedagogika sohasida tahsil olayotgan talabalarning 4+2 sxemasi asosida maktablarda boʻlishini nazarda tutgan oʻquv rejalar asosida taʼlim jarayoniga tatbiq etish moʻljallanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilgani taʼlim muassasalaridagi oʻqitish sifati va samaradorligini oʻrganish hamda ular reytingini tuzishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Universitetning mamlakatimizdagi milliy oliy taʼlim muassasalari reytingidan munosib oʻrin egallashini taʼminlash maqsadida ham tizimli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, 2022-yilda muassasaning xalqaro reytinglarda ishtirokini taʼminlash uchun QSHub (global reyting, mintaqaviy reyting va ish beruvchilar reytingi), Times Higher Education (THE) Impact RankingsUI GreenMetrics World University Ranfing xalqaro reyting yoʻnalishlari boʻyicha muayyan ishlar qilinmoqda.
Oliygohda talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida qator amaliy ishlarga qoʻl urilmoqda. Tizimda bugungi dolzarb vazifalardan biri boʻlgan talabalar bandligini taʼminlash boʻyicha ham salmoqli ishlar bajarildi. Kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 12306 nafar talabaning 3300 ga yaqini ish bilan taʼminlandi. Soʻnggi bir oyda universitetning oʻziga 150 nafar talaba, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalariga 600 nafar talaba ishga joylashtirildi.
Oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, nazariy bilimning ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviyligini taʼminlash, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda maqsadli hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, pedagogik koʻnikmalarni shakllantirishga eʼtibor kuchaytiriladi.
Muassasamizda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun talabalarning auditoriyada olgan nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotda must ahkamlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 80 dan ortiq kafedra filiali tashkil etildi. Halqaro hamkorlikni kengaytirish yoʻnalishida ham eʼtiborga loyiq ishlar bajarildi. Soʻnggi 4 oyda xorijiy mamlakatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasining 4 ta, Amerika Qoʻshma Shtatlarining 1 ta, Koreya Respublikasining 1 ta nufuzli oliy taʼlim muassasasi bilan xalqaro bitim va memorandumlar imzolandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya hamda Janubiy Koreya universitetlari bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. 2022-yil yakuniga qadar 20 dan ortiq bitim va memorandum imzolash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari oʻqitish tizimi, jumladan, maktab taʼlimini takomillashtirish boʻyicha soha xodimlari oldiga qoʻyayotgan vazifalar jamoamiz zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Yuqorida aytilganidek, Toshkent davlat pedagogika universiteti aynan maktab taʼlimi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi.
Talabalarning mustaqil bilim olishi uchun imkoniyatni kengaytirish, ijodiy tafakkurini rivojlantirish, zamonaviy muammolarni koʻrish va hal qilish, malakasini takomillashtirish boʻyicha amaliy ishlarni ilmiy izlanish bilan uygʻun olib borish talab etiladi. Taʼlim tizimidagi islohotlarning joylarga yetib borishi, kadrlarning bugungi kun talablarini toʻliq anglab yetishi va ularga javob berishiga erishishda ham universitet jamoasidan katta mehnat talab etiladi.
Prezidentimiz takliflari asosida qisqa muddatda universitetda inson kapitali resurslarini inventarizatsiya qilish va qayta taqsimlash, tashkil etilgan mobil-metodik guruhlar faoliyati samaradorligini oshirish, oʻqitishning ilgʻor metodikalarini mahalliy xususiyatlarga mos tarzda uygʻunlashtirish, ayniqsa, tabiiy va aniq fanlarni oʻqitishning muqobil metodikalarini yaratish borasida amaliy ishlar bajarila boshlandi.
Hozir biz zurriyodlarimizning farovon hayot kechirishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishga masʼulmiz. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda yangi Oʻzbekiston yangidanyangi yuksak marralarga erishishi, insoniyat baxtsaodati, farovonligi va ravnaqi uchun oʻrnak boʻlishiga shubha yoʻq.