WSJ: Isroilning Eron ballistik raketa zarbalaridan himoya qiluvchi mudofaa vositalari tugab bormoqda

    Isroilning Eron ballistik raketa zarbalaridan himoya qilish uchun zarur bo'lgan Arrow (“Xets”) tutuvchi raketalarining zaxiralari mojaro chuqurlashgani sari kamayib bormoqda va “yaqin kelajakda” tugashi mumkin.

    Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) AQSh mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

    Isroil va AQSh tomonidan birgalikda ishlab chiqarilgan Arrow tizimlari ballistik raketalarni tutib olishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi, agar ularning zaxiralari tugasa, Isroilning Eron zarbalarini qaytarish qobiliyati sezilarli darajada pasayadi. Nashrning qayd etishicha, Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) rahbariyati Eron tomonidan o'qqa tutilishining jadalligini hisobga olib, bundan juda xavotirda.

    Gazetaning ta'kidlashicha, AQSh bahorda yahudiy davlatiga qo'shimcha raketaga qarshi va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bilan yordam bergan. Biroq, agar janglar davom etsa, Arrow zaxiralarining tugashi muqarrar bo'ladi, chunki uzoq vaqt davomida har kuni ballistik raketa zarbalarini qaytarish mumkin emas. Shu nuqtai nazardan, SAXAL o'z faoliyatini tezlashtirishi kerak. Isroil armiyasi matbuot xizmati WSJga har qanday o'zgarishlarga tayyorlanayotganliklarini aytdi, biroq ular o'q-dorilar bilan bog'liq vaziyatni izohlay olishmayapti.

    13-iyunga o'tar kechasi Isroil Eron yadroviy dasturiga qarshi qaratilgan “Ko'tarilayotgan sher” operatsiyasini boshladi. Oradan bir kun o'tmasdan Eron Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron yana zarbalar almashishdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma'lum qilishdi, o'z hududidagi bir qator ob'ektlarga zarba berilganini tan olishdi, ammo ko'p miqdorda zarar yetmaganini ta'kidlashdi, deb xabar beradi tass.ru.