Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar beruvchilarni himoya qilish kuchaytiriladi

    Xabar beruvchilarning xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va ularning hududiy organlari tomonidan taʼminlanadi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Qonun bilan xabar beruvchiga quyidagilar kafolatlanmoqda:

    • hayoti, sogʻligʻi, shaxsiy va ishchanlik obroʻsi hamda mol-mulkining himoya qilinishi;
    • shaxsiga oid maʼlumotlar yoki boshqa sir tutilishi zarur boʻlgan maʼlumotlarning uchinchi shaxslarga oshkor qilinmasligi;
    • zarur huquqiy yordam bilan taʼminlanishi;
    • xabar beruvchidan qasd olishga qaratilgan harakatlar, shu jumladan uni noqonuniy taʼqib qilish va jazolashga yoʻl qoʻymaslik;
    • xabar berganligi tufayli ishdan boʻshatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, bosim oʻtkazish va boshqa shakllarda taʼqib qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligining taʼminlashishi, mehnat qonunchiligida belgilangan holatlar bundan mustasno.

    Ushbu qonun tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashuvchi shaxslarni himoya qilish bilan bogʻliq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.

    Xabar beruvchi oʻz tanloviga koʻra korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida ish beruvchiga yoki korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmasiga yoxud Agentlik, davlat tashkilotlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qiladi.

    ▫️Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:

    • xabarni markazlashtirilgan roʻyxatga olish va tahlil qilish imkoniyatini beruvchi markazlashtirilgan elektron tizimini yaratadi;
    • xabar beruvchini himoya qilish bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlari aniqlanganda, qonunbuzilishi sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoit va sabablarni bartaraf etish hamda aybdor shaxslarga tegishli intizomiy choralar qoʻllash toʻgʻrisida tegishli davlat tashkilotiga taqdimnoma kiritadi, v.b.

    ▫️Ish beruvchining majburiyatlari:

    • xabar beruvchiga nisbatan asossiz intizomiy jazo qoʻllanishi, ishdan boʻshatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, bosim oʻtkazish va boshqa shakllarda taʼqib qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
    • xabar beruvchining lavozimini oʻzgartirish va unvonining koʻtarilishini cheklamaslik;
    • xabar beruvchining ish hajmini qayta taqsimlash, oʻtkazish, majburiyatlarni rad etish ishlarini amalga oshirmaslik;
    • xabar beruvchiga ish haqini toʻlashda va ragʻbatlantirishda kamsitmaslik;
    • xabar beruvchining taʼlim olishi, malaka oshirishi yoki oʻzining kasbiy rivojlanishi imkoniyatlarini cheklamaslik;
    • xabar beruvchini mavjud axborot yoki tashkilot ixtiyoridagi boshqa moddiy resurslaridan foydalanishini cheklamaslik;
    • xabar beruvchining ish sharoitlariga zarar yetkazmaslik.

    Xabar beruvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda ragʻbatlantiriladi.

    Xabar beruvchini himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qaror Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, tergovga qadar tekshiruv organlari, surishtiruv organlari, dastlabki tergov organlari, prokuratura organlari va sud tomonidan qabul qilinadi.

    Taʼqib va zoʻravonlik holatlari haqida xavfsirash uchun yetarli asoslar boʻlganida xabar beruvchiga himoya choralarini taʼminlovchi davlat organlari tomonidan himoya orderi beriladi.

    Xabar beruvchilarning xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va ularning hududiy organlari tomonidan taʼminlanadi.

    Jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 2-may sanasiga qadar davom etadi.