Maʼlum boʻlishicha, Muhammadiy Aʼzamjonov 1996-yilda Andijon viloyatining Andijon shahrida tugʻilgan. U 2018-yilda Janubiy Koreyada joylashgan SEJONG institutiga oʻqishga kirgan. Oʻqish davomida mavsumiy ishlar bilan shugʻullanib yurib, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning gʻoyaviy rahnamolari taʼsiriga tushgan.
2020-yilning fevral oyida Turkiyaga oʻtib, Istanbul shahridagi madrasada diniy taʼlim olib radikallashgan, oktyabr oyida Suriyadagi “Tavhid val jihod katibasi” jamoatiga qoʻshilgan va jangovar tayyorgarlikdan oʻtgan.
Hozirda Suriyaning Idlib shahrida jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani haqida maʼlumot olingan. Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan Muhammadiy Aʼzamjonovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qidiruv eʼlon qilingan.