Sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflar bildirildi

    “Bizning asosiy maqsadimiz – Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

    Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʻz zimmasiga olmoqda.

    Bu tamoyillar oʻtgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʻyildi.

    Davlatimiz rahbari sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qator aniq takliflarni bildirdi.

    Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi taʼkidlandi. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.

    Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud Oʻzbekiston sud-huquq tizimida alohida oʻringa ega boʻladi.

    Uchinchidan, yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlar ham bekor qilinadi.

    Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25-yildan 49-yilgacha, yaʼni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar toʻliq saqlab qolinadi.