Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar boʻyicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi

    Mamlakatimizda tadbirkorlik va biznesni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator aniq choralar ishlab chiqilgan.

    Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar boʻyicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

    Yaqinda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta koʻchmas mulk obyektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

    Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari uchun soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.

    Shuningdek, energetika yoʻnalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

    Tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – yaʼni, auksion savdo tizimi yoʻlga qoʻyildi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish doirasida qonunchilikni uygʻunlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilib, 2030-yilgacha moʻljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.

    Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Uning tarkibida Amerika Qoʻshma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 dan ortiq nufuzli hakamlar oʻrin olgan.

    Investorlar uchun yana bir muhim koʻrsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy oʻquv yurtlari soni 200 tadan ortdi.

    Oʻzbekistonda 90 dan ortiq davlatlarga vizasiz rejim joriy etildi.