Qatnovlar “Silk Avia” aviakompaniyasi tomonidan haftaning har juma kuni amalga oshiriladi. Buxoro shahridan reys mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da jo‘nab ketadi va soat 09:30 da Sariosiyo shaharchasiga yetib boradi. Qaytish reysi esa soat 10:10 da Sariosiyodan parvoz qilib, soat 11:20 da Buxoroga qo‘nadi.
Ushbu ichki aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, xorijiy va mahalliy sayyohlarga sayyohlarga manzilga yetib borish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish va mamlakat bo‘ylab sayohatlarni yanada qulay tashkil etish imkonini beradi.
Surxondaryo viloyati o‘zining rang-barang turistik imkoniyatlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Sariosiyo aeroporti orqali sayohatchilar go‘zal tog‘ tizmalari, noyob tabiiy maskanlar, ekologik sayr yo‘laklari hamda ichki turizm ixlosmandlari orasida tobora ommalashib borayotgan boshqa diqqatga sazovor turizm obyektlariga tashrif buyurishi mumkin.
Hududiy aviatsiya tarmog‘ini rivojlantirish turizm sohasini yanada taraqqiy ettirish, turistlarning mamlakatda qolish muddatini uzaytirish, mahalliy sayyohlar almashinuvini oshirish hamda mamlakatimizning boy madaniy va tabiiy merosi bilan yaqindan tanishish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.