Bundan kelib chiqadiki, bugun o‘lkamizda yashayotgan hech kim millat va davlatning biror kuni, biror ishiga befarq bo‘lishi mumkin emas. Ayniqsa, bu bayram bo‘lsa, bo‘lib ham Mustaqillik bayrami bo‘lsa, mutlaqo boshqa mohiyat, boshqa bir ahamiyat kasb etadi.
Kuni kecha mustaqilligimizni o‘ttiz beshinchi marta bayramu shodiyona qilib nishonladik. Bayramning o‘zgacha ruhiyat va quvvat bilan o‘tgani har bir qalb va aql egasiga ma’lum. Davlatimiz rahbari ishtirokidagi eng katta tantana, asosan, ikki qismdan iborat bo‘ldi: Prezidentimiz nutqi hamda bayram tadbiri. Bayram namoyishi esa aniq va ravshan ikki qismga ajraldi, nazarimizda: ¬birinchi qism vatanimiz tarixidagi davlatlar zikr etildi va ularning bayroqlari hilpiradi, kechmishimiz hikoya qilindi. Mustaqil yangi O‘zbekiston uch ming yillik davlatchilikning davomchisi ekani ko‘rsatildi. Ikkinchi qism zamonaviy xonanda va boshqalarning chiqishlaridan iborat bo‘ldi.
Prezidentimizning bayramda so‘zlagan tarixiy nutqi 35 yillikning, balki oxirgi 10 yillikning xalq oldidagi hisoboti bo‘lish bilan birga davlat siyosatining kelgusi yillardagi yo‘nalishlarini belgilab beradigan konsepsiyaga aylandi. Uning mohiyatini bir qancha muhim tezislarga ajratgan holda chuqurroq anglash mumkin. Xususan, birinchi asosiy tezis mustaqillik g‘oyasining asosidan iborat bo‘lib, u o‘ziga xos falsafiy mazmunga ham egadir. Ya’ni Prezidentimiz mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin deya istiqlol ne’mati, avvalo, Yaratganning in’omi ekanini ta’kidladi. Agar u qodir qilmaganida edi, bu ne’matga erishmoq mumkin bo‘lmasdi. Ushbu yondashuv davlat mustaqilligi haqidagi e’tiqodning o‘zagi ajdodlarimiz suyangan poydevor bilan birligini va mustahkamligini ifodalaydi.
Ikkinchi falsafiy nuqta shundaki, istiqlol bunyodkori va mustaqillik yutuqlari muayyan shaxs yoki guruhga tegishli deya talqin etilmadi. Balki istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori xalq ekani ta’kidlanishi, barcha g‘alaba va yutuqlar xalqning salohiyati hamda intilishlari mahsuli hisoblanishi e’tirof etilishi xalq davlatning asosi va ildizi, davlat esa elning himoyachisi, xizmatkori va rahbari ekani haqidagi haqiqatni yuzaga chiqaradi.
Uchinchi muhim masala davlat va xalqning birlashuvi falsafasidir. Davlat va xalq jipsligi, o‘zaro ishonchi har qanday zafarning kaliti va boshlanish nuqtasi bo‘lib, bu ikki kuch ajralsa, hech bir maqsad hosil bo‘lmaydi.
To‘rtinchi ahamiyatli jihat, yangi O‘zbekiston davlati va xalqi buyuk tarixning merosxo‘ri hamda ulug‘ davlatlar, ulkan shaxsiyatlarning vorisi ekanining eslatmasidir.
Nutqning beshinchi qismi amalga oshirilgan ishlar tahlilidan iborat bo‘lib, unda Prezidentimiz majburiy mehnatga barham berilgani, iqtisodiy o‘sish natijalari, kambag‘allikka qarshi kurash, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, tibbiyotga berilayotgan e’tibor, ma’naviyatning qo‘llab-quvvatlanishi hamda sportdagi yutuqlarni ta’kidlab o‘tdi.
Nutqning oltinchi qismida istiqboldagi ishlarning asosiy yo‘nalish va g‘oyalari e’lon qilindi. Bunda ta’limni yaxshilash, tibbiyotni rivojlantirish, iqtisodiyotda barqaror o‘sish, tabiatni sifatli himoya qilish, sudlar mustaqilligi va qonun ustuvorligini mustahkamlash, mahallaning hayotdagi amaliy o‘rnini kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekiston nufuzini tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida yuksaltirish bosh maqsad sifatida ko‘rsatildi.
Albatta, tabrik nutqlari, birinchi galda, siyosiy ahamiyatli hodisadir, lekin O‘zbekiston Prezidentining ushbu nutqi hayot haqiqatlarining ko‘zgusi ekani bilan ham ta’sirchanlik kasb etdi. Haqiqatan, yurtimizda oxirgi o‘n yilda ro‘y berayotgan jadal rivojlanish — odamlar hayoti farovonlashgani, ishlab chiqarish va savdo-tijorat o‘sgani, eng asosiysi, davlat idoralarining xalq bilan ishlayotgani hamda biror murojaatning chetda qolmayotganini rad etib bo‘lmaydi. Birgina bu tasnif bilan barcha yutuqlarni qamrab olish imkonsiz ekani tabiiy.
Yarq etib ko‘rinib turgan haqiqatlardan biri xalq ruhi ko‘tarilgani hamda xalqda chindan jipslashish alomatlari paydo bo‘lganidir. Prezidentimiz butun kuch-quvvati, iste’dodi va salohiyati bilan odamlarni birlashtirishga, ularning uxlab yotgan qobiliyat va imkoniyatlarini uyg‘otishga tirishmoqda. Shaxsiy kuzatuv va xulosamga ko‘ra, Prezidentimiz mamlakatimizdagi har bir insonning taqdiri va qismati haqida qayg‘urib ishlamoqda. Hech kimning dilini og‘ritmaslikka, ayni paytda ishlarni aniq va tizimli yo‘lga qo‘yishga, uyg‘oq nazorat bilan maqsadga erishishga intilmoqda. Ya’ni siyosiy boshqaruvda bo‘lsin, qarorlar ijrosini ta’minlashda bo‘lsin, vazifalarni taqsimlashda yoki pirovardida mukofotlashda bo‘lsin — barchasida teran hikmat namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimiz siyosiy ustunligini namoyish qilish haqida umuman o‘ylamaydi, balki faqat oldimizga qo‘yilgan ulkan maqsadlarga erishishni xohlaydi. Maqsadga erishish uchun esa odamlarni azoblash yoki qo‘rqitish shart emas ekan. Balki ularni ishontirish, munosib insonlarni o‘z o‘rniga qo‘yish, mehnat va fidokorlikni rag‘batlantirish, odamlar bilan kirishib, dildan muloqot qilish, kamtarlik va odamiylikni bosh mezon deb belgilab, unga amal qilish, ayni paytda temirdek qattiq intizom lozim. Men aynan shu jihatlarni ko‘ryapman.
Endi bayramning dastlabki kompozitsiyasi va uning mohiyatidagi xabarnoma haqida so‘z yuritsak.
Bayramda Vatanimizning uch ming yillik tarixi varaqlandi. Ayniqsa, tarixiy davlatlarimizning bayroqlari ko‘tarilgani, ularning nomi birma-bir zikr etilgani tantananing g‘oyaviy, siyosiy va falsafiy cho‘qqisi bo‘ldi. Bu kompozitsiya jarayonida aytilgan so‘zlar o‘zining xalqchilligi va asosiysi, millatning yillar mobaynida ko‘ngli tubida yashirinib yotgan dard hamda iftixorlari ifshosi ekani bilan ham dolzarbdir. Ayni shu qism o‘zbek san’atining asl mohiyati va g‘oyasi nima bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi. Ijodkor va qalamkashlar aslida nimani kuylashlari lozimligini bildirdi, shuningdek, butun dunyoga yangi O‘zbekistonning tarixiy ildizini, g‘oyaviy asosini, tafakkuri va qalbi ozod ekanini jar soldi. Zotan, 35 yil ichida birinchi marta bunday bilgi va belgilar bilan istiqlol sahnasining porlashi ilk bora sodir bo‘ldi.
Bu fenomenning uch asosiy jihatini yodda saqlash zarur. Birinchidan, istiqlol bizga begona bir g‘oya emas, bizning jonimiz istiqlol deya tirik, tomirimizda istiqlol degan qon oqadi, yuragimiz istiqlol deb uradi. Ikkinchidan, yoshlar istiqlol qadrini bilishlari va ozodlik g‘oyasini anglashlari, unga sodiq qolib, kelajakda xalqni, millatni va davlatni saqlab qolish hamda yuksaltirish uchun bu tuyg‘ularni o‘zlashtirishlari, ruhiga, hatto sochlarining tolalariyu hujayralarigacha singdirmoqlari shart. Buning uchun tarix haqiqati bilan yashash va nafas olish, tarix sharafi bilan kelajakka, yuksalishga qadam qo‘ymoq shart. Uchinchidan, butun dunyo, O‘zbekistonning o‘zini anglaganini, siyosiy va tarixiy yo‘lini tanlab olganini, uning qanday chuqur mazmuni hamda qanday yengilmas va erkin ruhi borligini bilsin va hech qachon yoddan chiqarmasin.
Albatta, bu shakldagi xulosalarni yana uzoq davom ettirish mumkin
Mustaqillikning 35 yillik to‘yi chindan ham O‘zbekistonda yangi yuksalish, ishonch va e’tiqod davri boshlangani jarnomasi bo‘ldi. Prezidentimizning tarixiy nutqi yurtdoshlarimizning samimiy va sadoqatli, muhabbatli va jasoratli farzandlari qalbida “Bu ulkan ishga qanday qilib hissamni qo‘shsam ekan, qanday qilib Prezidentimizning olamshumul g‘oyalari amalga oshmog‘i uchun xizmat qilsam ekan?” degan tuyg‘ularni jo‘shtiradi, ularni Vatan va millat uchun shay holatga keltiradi.
Akrom MALIK,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori