Bunga qadar barcha soha, jumladan, budjet sohasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish va profilaktika choralariga oid ko‘plab masalalar e’tibordan chetda qolgan edi. Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.

Jumladan, davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratilib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizim shakllantirildi.

Davlatimiz rahbari 2025-yil 5-mart kuni korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbusni ilgari surdi. Bu O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining yangi vektorlarini belgilab berdi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshirilishiga oid vazifalar belgilandi.

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qat’iy sa’y-harakatlar natijasida keyingi to‘qqiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz haj­mi 2,5 karra oshib, 2025-yili 145 mil­liard dollarga, eksport qiymati 43 milliard dollarga yetdi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2026-yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davridagi iqtisodiy o‘sish sur’ati esa bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 180 milliard dollarga yetkazish imkonini bermoqda. 2030-yilga borib esa 240 milliard dollarga yetishi marra qilib olingan. Bu 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish degani.

“Favqulodda holat” yilining ahamiyati

2026-yil O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha “favqulodda holat” yili deb e’lon qilinishiga Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasidagi qat’iy pozitsiyasi asos bo‘ldi. Jumladan, davlatimiz rahbari “Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!

Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”, dedi.

“Favqulodda holat” e’lon qilinishining asosiy sababi — korrupsiyaning davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgani, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqarayotgani hamda jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtirayotgan eng jiddiy tahdid ekanidir. Bu — jamiyat xavfsizligi, inson huquqlarini himoya qilish, davlatning kons­titutsiyaviy tuzumini saqlab qolish hamda iqtisodiy va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tizimli choralar ko‘riladigan o‘ta muhim siyosiy va huquqiy jarayon. Mamlakat qonunchiligi va davlat siyosati doirasida ushbu tushuncha ham huquqiy, ham ramziy-ijtimoiy ma’noda davlat va jamiyat uchun strategik ahamiyatga ega. Zero, korrupsiya va adolatsizlikka qarshi e’lon qilingan favqulodda choralar jamiyatda davlat idoralari va sud tizimiga ishonch muhitini tiklashga xizmat qilmoqda.

Ushbu siyosiy qadam sohada faqat jazo choralari bilan cheklanmay, bu illatning oldini olishda mutlaqo yangi institutsional mexanizmlarni ishga soldi.

“Favqulodda holat” deganda faqat jazo yoki tekshiruvlar ko‘payishini tushunish xato. Agar qarorlar ochiq bo‘lsa, jarayonlar raqamlashtirilsa, nazorat jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilsa, poraxo‘rlikka ehtiyoj ham, imkoniyat ham keskin qisqaradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi, eng avvalo, ong, vijdon va e’tiqoddagi barqarorlik masalasidir. Bu fikr korrupsiyaga qarshi kurashning eng muhim va eng chuqur jihatini — uning ma’naviy-ma’rifiy asosini ifodalaydi. Qonunlar, jazo choralari va nazorat tizimlari muhim, ammo insonning ichki dunyosi o‘zgarmasa, korrupsiyani butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati hamda javobgarligi oshirildi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan choralar keskin tus olmoqda.

Ayni yo‘nalishda ishlayotgan mutaxassislar soni dunyoda milliondan oshib ketgan va ularning faoliyati davlat budjetiga juda qimmatga tushayotgan bir paytda korrupsiya o‘sishda davom etmoqda. Bu esa “korrupsiya — yengilmas, unga qarshi kurashish befoyda” degan dunyoqarash va nigilistik munosabat shakllanishiga olib kelmoqda. Shunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l, nazarimizda, korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi va taktikasini qayta ko‘rib chiqishdir. Mamlakatimizda shu maqsadda “favqulodda holat” e’lon qilindi. Bunda korrupsiyaga qarshi kurash muvaffaqiyatli kechishi uchun amaldorlar dunyoqarashidagi illatlarni ma’naviy-axloqiy fazilatlar bilan almashtirish zarurligi nazarda tutildi.

Mansabdor dunyoqarashining asosini adolat, halollik, ezgulik, yaratuvchanlik, mehr-oqibat, xullas, odamiylik mulki tashkil etmas ekan, korrupsiya yengilmaydi. Demak, unga oddiy hol deb emas, balki jinoyat deb qarash madaniyatini shakllantirish zarur.

Eng oliy hakam — vijdon. Tashqi nazorat (kameralar, tekshiruvlar) bo‘lmagan joyda ham insonni noqonuniy ishdan faqat vij­doni to‘xtatib qoladi. Korrupsiyaga ­qarshi kurashishda ma’naviy mas’uliyat zarur. Shaxs o‘z oilasi, xalqi va Vatani oldidagi mas’uliyatini his etsa, harom boylikdan hazar qiladi. Halol yashash va mehnat qilish ichki ehtiyojga aylanishi kerak. Moddiy manfaatlar yoki qiyinchiliklar qarshisida inson o‘z prinsiplarini sotmasligi — ­e’tiqod belgisi. Shu sababli korrup­siyaga qarshi kurash faqat huquq-tartibot organlarining ishi emas, balki bog‘cha, maktab va oiladan boshlanadigan tarbiya va milliy genofondni asrash masalasidir.

Hozir dunyoda korrupsiyaning zarari qariyb 3 trillion dollarni tashkil etadi. Prezidentimiz 2023-yil dekabrda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida ko‘rilayotgan real zararning aniq hajmini to‘liq ifoda eta olmaydi. Eng yomoni, jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi”.

Transparency International (2026-yil 11-fevral) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Corruption Perception Index (CPI) ko‘rsatkichi 2025-yil yakuni bo‘yicha 124-o‘ringa chiqdi (2016-yilda 158-o‘rinda bo‘lgan). Bu mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratilayotganidan dalolat.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilga borib, Korrupsiyani idrok etish indeksida mamlakatimiz pozitsiyasini kamida 20 pog‘ona yaxshilash maqsadli vazifasi belgilangan. Ushbu ko‘rsatkichga erishish uchun O‘zbekistonning o‘rnini har yili ortib borish tamoyili asosida 4 pog‘onadan ko‘tarib borish maqsad qilingan.

Zarurat va tafsilot

Ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramay, ayrim sohalarda korrupsiya holati saqlanib qolayotgani unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalash zaruratini yuzaga keltirayotgan edi.

Shu ma’noda, 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Zero, hujjatda davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot bilan chirmashib ketgan korrupsiyaga qarshi ta’sirchan choralar belgilandi.

Mazkur qonun qabul qilinishining zarurati yana shundaki, milliy huquq tizimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish hamda xalqaro ­standartlarni joriy etish talabi va ehtiyoji mavjud edi.

Jumladan, birinchidan, jinoyat qonunchiligida “korrupsiyaga oid jinoyatlar”ning aniq huquqiy ta’rifi va muayyan ro‘yxati mavjud emasdi.

Ikkinchidan, javobgarlik muqarrarligini ta’minlash. Korrupsiya sodir etgan shaxs­lar uchun jazo choralarining qat’iyligini oshirish va huquqbuzarliklarga chek qo‘yish zarurati yuzaga kelgan edi.

Uchinchidan, xalqaro standartlarni implementatsiya qilish masalasi. O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlari va ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchilikka moslashtirish lozim edi.

To‘rtinchidan, komplayens (ichki) nazorat va tizimni kuchaytirish: davlat xaridlarida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish hamda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar xavfsizligini kafolatlash ehtiyoji vujudga kelgandi.

Avvalo, mazkur qonun korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qilishini qayd etish zarur.

Ushbu hujjat bilan 3 ta kodeks hamda

6 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga ilk bor “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi kiritildi va unga 18 turdagi jinoyat (jumladan, pora olish, pora berish va hokazo) kiritilishi belgilandi. Korrupsiya jinoyatlari natijasida olingan daromadlarni legallashtirish (Jinoyat kodeksining 243-moddasi) ham rasman korrupsiyaviy jinoyat sifatida baholandi.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi belgilandi.

Shuningdek, korrupsiya holatlari haqida xabar bergan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash tizimi kuchaytirildi.

Yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Jazo choralari kuchaytirildi

Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirildi. Hech qanday yengillik bo‘lmaydi. Endi korrupsiya jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish instituti mutlaqo qo‘llanmaydi. Mahkumlar tayinlangan muddatni panjara ortida to‘liq o‘taydi.

O‘zlashtirish, rastrata qilish yoki firibgarlik orqali korrupsiya sodir etgan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxs­larga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish tartibi qo‘llanmaydi.

Korrupsiyaga oid og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlar javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani munosabati bilan javobgarlikdan ozod etilmaydi, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish muddati uzaytirildi. Firibgarlik va o‘zlashtirish: mansab va xizmat mavqeini suiiste’mol qilib firibgarlik sodir etganlik (168-modda) yoki talon-taroj qilganlik uchun eng yuqori jazo 8 yildan 10 yilgacha, poraxo‘rlik uchun maksimal jazo: javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda pora olish va berish (210-212-moddalar) jinoyatlari uchun jazo choralari 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish etib belgilangan.

Jinoyat kodeksining 8-bo‘limi “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” atamasi bilan to‘ldirildi va unga 18 turdagi jinoiy qilmishlar (iqtisodiy va mansabdorlik jinoyatlari) aniq kiritildi.

Davlat xaridlari tizimida boshlang‘ich narxni asossiz oshirish kabi holatlar uchun ham javobgarlik choralari belgilandi. Davlat xaridlari tizimida tovar yoki xizmatlarning boshlang‘ich narxini asossiz oshirish — davlat mablag‘larini talon-taroj qilish va korrupsiyaga yo‘l ochish deb baholanadi hamda qonunchilikka asosan jiddiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yana bir yangilik, bugun davlat xaridlari maxsus portalida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi elektron modul faoliyat yuritmoqda. U tovar va xizmatlarning real bozordagi o‘rtacha narxini avtomatik hisoblaydi. Buyurtmachi kiritgan boshlang‘ich narxni bozor bahosi bilan solishtiradi. Inson omili ishtirokini cheklab, narxni asossiz oshirishga urinishlarni tizimning o‘zidayoq to‘sib qo‘yadi.

Komplayens-nazorat tuzilmalari

Bugun barcha darajada korrupsiyaga qarshi faol kurashilayotganiga qaramay, juda sekin sur’at bilan kamayib bormoqda. Biroq korrupsiyaga qarshi kurash zaiflashayotgani yo‘q, aksincha, bunga tijorat tuzilmalari (xususiy biznes) ham tobora ko‘proq jalb etilmoqda.

Rivojlangan mamlakatlar amaliyoti korrupsiyaga qarshi kurashishda komplayens-nazorat (compliance control) tizimi tahlili katta samaraga ega ekanini ko‘rsatadi.

Yangi qonun bilan davlat idoralaridagi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari va vazifalari kengaytirildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari:

birinchidan, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki siyosat yuritilishi hamda ushbu sohadagi faoliyat ­muvofiqlashtirilishida bevosita ishtirok etadi;

ikkinchidan, faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini ta’minlaydi;

uchinchidan, tizimda qonunga rioya etish, unga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, korrupsiyaga murosasiz munosabat muhitini yaratish va bu borada aholining ijobiy fik­rini shakllantirish choralarini ko‘radi;

to‘rtinchidan, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, budjet mablag‘lari aylanmasini nazorat qiluvchi hamda shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

beshinchidan, faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, affillanganlik hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshiradi;

oltinchidan, korrupsiya holatlarining oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazilishini hamda qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishini tashkil etadi.

Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda zarur bo‘lgan axborot hamda ma’lumotlar bazalaridan foydalanish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabab hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish, nazorat tadbirlarini mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda tashkil etish kabi qator huquqlarga ega bo‘ldi.

Tashkilot birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda, ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari yuqori turuvchi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etish, shuningdek, kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.

To‘rt ko‘z tamoyili va maxsus reyestr

To‘rt ko‘z tamoyili (ikki kishilik nazorat) moliyaviy va operatsion xavflarni 60 foizdan 80 foizgacha kamaytira oladi. Bu qoida muhim qarorlar va tranzaksiyalarni kamida ikki mustaqil shaxs tasdiqlashini talab qiladi.

Xavfni kamaytirish samaradorligiga quyidagi hollarda erishiladi.

Firibgarlikning oldini olish: til biriktirish ehtimolini keskin kamaytiradi. Bir xodimning yolg‘iz o‘zi tizimdan mablag‘ o‘g‘irlashi yoki ma’lumotlarni o‘zgartirishi imkonsiz bo‘ladi.

Inson xatolarini kamaytirish: charchoq yoki diqqatsizlik tufayli yo‘l qo‘yilgan texnik xatolar ikkinchi nazoratchi tomonidan tez aniqlanadi.

Ichki nazoratni kuchaytirish: xodimlarda mas’uliyat hissini oshiradi. Har bir qadam tekshirilishini bilish suiiste’mollik ­fikridan qaytaradi.

Mazkur qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi. Ushbu tizim jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirish, ­davlat xizmatiga qayta ishga kirish tizimini nazorat qilish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi (IIV) bilan hamkorlikda yuritiladi. IIV sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab 3 ish kuni ichida shaxs haqidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritadi. Korrupsionerlar haqidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida reyestrda saqlanadi.

Reyestrga kiritilgan shaxslar uchun chek­lovlar belgilandi. Unga ko‘ra, ro‘yxatga tushgan fuqarolarga nisbatan sudlanganlik muddati tugagunga qadar quyidagi qat’iy taqiqlar qo‘llanadi:

— davlat xizmatiga qabul qilinish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;

— saylanadigan hamda alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod sifatida ko‘rsatilish;

— davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari va idoralararo kollegial organlarga a’zo bo‘lish;

— shaxs o‘zi ta’sis etgan yoki ustav fondining 50 foizdan ortig‘iga egalik qiladigan shirkatlar bilan davlat xaridlarida hamda davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ishtirok etish;

— davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda hamda davlat ta’lim muassasalarida (maktab, OTM va hokazo) rahbarlik lavozimlarida ishlash.

Daxlsizlik va xavfsizlik kafolatlari

O‘zbekistonda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga maxsus daxlsizlik va xavfsizlik kafolatlari berilishining asosiy sababi ularning o‘z tashkilotidagi yuqori lavozimli mansabdor shaxslar va birinchi rahbarlarning bosimi yoki ta’qiblaridan qo‘rqmay, mustaqil va xolis faoliyat yuritishini ta’minlashdir.

Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bevosita o‘zi ishlayotgan tizimdagi qonunbuzarliklarni fosh etishi sababli ularni ma’muriy va jismoniy xavf-xatarlardan himoya qilish zarur edi.

Nega aynan maxsus kafolatlar zarur edi degan savol tug‘iladi.

Birinchidan, ichki ta’sir va bosimni cheklash, ya’ni nazorat qilinayotgan rahbarlar tomonidan komplayens xodimlarini ishdan bo‘shatish yoki asossiz intizomiy jazoga tortish xavfini yo‘qotish. Maxsus kafolatlar qo‘rquvsiz faoliyat va tizimli shaffof­likni hamda nazoratchilarning rahbar xatolarini ochiq aytishdan qo‘rqmasligini ta’minlaydi. Ichki surishtiruv natijalarini birinchi rahbar yashira olmasligi va ularni yuqori idoralarga taqdim etish majburiyatini anglab yetishga olib keladi.

Ikkinchidan, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish. Tashkilotning birinchi rahbarida korrupsiya alomatlari aniqlangan taqdirda xodimning hech qanday to‘sqinliksiz to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zidan yuqori turuvchi organga chiqa olishini kafolatlash.

Uchinchidan, xizmat vazifasini to‘liq bajarish. Xodimlar xavfsizlikdan xavotir olmay, davlat idoralari obyektlariga erkin kirishi va barcha zarur hujjatlarni talab qila olishi uchun sharoit yaratish.

To‘rtinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, xodimlarni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuv qilish, shuningdek, xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoxud olish faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yozma ruxsati bilan, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.

Beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, shu jumladan, u bilan mehnat shartnomasi tugatilganidan yoki xizmatdan bo‘shatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga va ushlab turishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Oltinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkilot birinchi rahbarlariga nisbatan ta’sirchan vakolatga ega bo‘ldi, tizimda haqiqiy mustaqillik va ­tiyib turish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Bu o‘z navbatida, yuqori bo‘g‘in korrupsiyasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bilan birga xalqaro standartlar talablarini to‘liq bajarish hamda xal­qaro tashkilotlar va investorlar oldida davlat idorasining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Sharif QOBILOV,

IIV Akademiyasi professori,

iste’fodagi polkovnik