Bu haqida tolonews.com saytida maqola eʼlon qilindi.

Maqolada aytilishicha, muassasa Afgʻoniston fuqarolari uchun xorijda, xususan, Pokistonda davolanishga muhim muqobil tibbiy markazga aylanmoqda.

Shifoxona maʼmuriyati maʼlumotiga koʻra, muassasada 25 ta ixtisoslashgan boʻlim va 40 nafardan ziyod shifokor faoliyat yuritmoqda. Bu yerda nevrologiya, ortopediya, urologiya va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatilmoqda.

Shifoxona matbuot xizmati vakili Azizbekning aytishicha, soʻnggi ikki yil davomida mamlakatning turli hududlaridan 134 mingdan ortiq bemor tibbiy yordam uchun murojaat qilgan.

Mutaxassislar qayd etishicha, bemorlarning aksariyati qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari hamda irsiy xastaliklar bilan murojaat qilmoqda. Davolanuvchilarning asosiy qismi Afgʻonistonning shimoliy viloyatlaridan keladi.

Bemorlar esa shifoxonadagi xizmatlar sifatini ijobiy baholamoqda. Ularga koʻra, muassasaning Afgʻoniston chegarasiga yaqin joylashgani davolanish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirgan.

Faryob viloyatlik Najibulla shifoxonadagi xizmatlar narxi aholi uchun maqbul ekanini taʼkidladi. Balx viloyatlik Ahmadulla esa ilgari Pokiston, Hindiston yoki Eronga borish katta xarajat talab qilgan boʻlsa, endilikda sifatli tibbiy xizmatni yaqin masofada olish imkoniyati paydo boʻlganini aytdi.

Juzjon viloyatlik Muhammadxon ham shifoxonadagi zamonaviy jihozlar, malakali shifokorlar va davolash natijalarini yuqori baholab, bunday muassasalar aholi uchun katta yengillik yaratayotganini bildirdi.

Qayd etilishicha, ayniqsa Pokistonga borish imkoniyatlari cheklangan hozirgi sharoitda tobora koʻproq afgʻon fuqarolari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam uchun Afgʻon-Oʻzbekiston qoʻshma bozori shifoxonasini tanlamoqda.