Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidovaning maʼlum qilishicha, ayni vaqtda taksomatlar Respublika OITSga qarshi kurashish markazi binosida, Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda, shuningdek, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Samarqand va Fargʻona viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi aeroportlarida hamda Jizzax viloyatidagi Zomin sanatoriysida oʻrnatilgan.
Shu kunga qadar 300 nafardan ortiq fuqaro ushbu taksomatlar orqali soʻlak yordami bilan OIV infeksiyasi boʻyicha oʻzini mustaqil tekshiruvdan oʻtkazgan.
Test bepul, maxfiy va tibbiyot xodimi ishtirokisiz oʻtkaziladi. Tekshiruv uchun qon topshirish yoki maxsus laboratoriya uskunalaridan foydalanish talab etilmaydi. Natija taxminan 20–40 daqiqa ichida olinadi.
Taksomatdan foydalanish uchun fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatini skaner qilib, soʻlak testini oladi va tekshiruvni mustaqil amalga oshiradi. Shaxsiy maʼlumotlardan belgilangan tartibda fuqaro bilan qayta aloqa oʻrnatish, tibbiy maslahat berish va zarur xizmatlarga yoʻnaltirish uchun foydalaniladi.
Agar test natijasi musbat chiqsa, bu yakuniy tashxis hisoblanmaydi. Fuqaro natijani tasdiqlash uchun hududiy OITSga qarshi kurashish markaziga murojaat qilib, qoʻshimcha laboratoriya tekshiruvdan oʻtishi lozim. Tashxis tasdiqlangan taqdirda, bemor bepul tibbiy nazoratga olinadi va antiretrovirus davolash xizmatlari bilan taʼminlanadi.
Qayd etilishicha, taksomatlarni joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi OIV infeksiyasiga qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirishga oid qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.