Bu haqda Prezidentning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan:
- sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va axborot tizimlarini takomillashtirish orqali davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatlashtiriladi;
- sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini taʼminlashdagi ish yurituv jarayonlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida elektron shaklda yuritiladi;
- ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablagʻlarini taqsimlash jarayonlari raqamlashtiriladi.
2026-yil 1-iyuldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga oʻtkazilishi nazarda tutilgan avtomototransportlar va koʻchmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga oʻtkaziladi.
Farmonga koʻra, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha yondashuv joriy etiladi:
- ijro hujjatlari boʻyicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkonini yaratish;
yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash, koʻzdan kechirish bilan bogʻliq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini:
- soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari boʻyicha – soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan;
- garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha davlat ijrochisining topshirigʻiga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirish;
- ijro hujjatlari boʻyicha savdolarni tashkil etish bilan bogʻliq hujjatlarni (garov hujjatlari, xatlov, koʻzdan kechirish dalolatnomalari va boshqalar) elektron platformalar orqali yuborish;
- soliq organining mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilgan xatlash va koʻzdan kechirish dalolatnomalariga asosan realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xatarlarni rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldirish.
Farmonga koʻra, ayrim toifadagi ijro hujjatlari boʻyicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda yoki bedarak yoʻqolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etilguniga qadar tegishli davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxsiga topshirishni undiruvchining huquqi sifatida belgilash va ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi.
2026-yil 1-maydan aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qarzdorlik toʻliq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Muammoli kreditlar boʻyicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.