Gʻafur Gʻulom asarlari kirib bormagan oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerak. Ijodkordan qolgan adabiy meros miqyosi va mohiyati nihoyatda katta. Vafotidan 17 yil oʻtib, 1983-yili adib xonadoni uy-muzeyga aylantirilgan. Uy dastlab qanday boʻlsa, shundayligicha saqlangani oʻsha davr arxitekturasining oʻziga xosligidan soʻzlaydi.

Tarixiy maskan adabiy ekspozitsiya va memorial majmuani qamrab olgan. Maxsus stend­larda ijodkorning tarjimalari va akademik sohadagi faoliyati namunalari namo­yish etilgan. Muzeyning uchinchi zalidan xalqning Gʻafur Gʻulomga muhabbati va hurmatini namoyon etadigan eksponatlar oʻrin egallagan.

Koʻrgazma zalida shoirning bolaligi, oʻsmirligi oʻtgan XX asr boshlaridagi Toshkent tasviri, eski shahar manzaralaridan tortib, umrining soʻngiga qadar boʻlgan voqealar aks etgan. Gʻafur Gʻulom savod chiqargan oʻsha davr maktablarining koʻrinishi, oʻquv qurollari, boʻyralar ekspozitsiyaga qoʻyilgan. Mis koʻza, laganlar, moyjuvoz kabi roʻzgʻor buyumlari butun oilaning kuniga yaragan boʻlsa, siyoh­don, kuldon, telefon, yozuv mashinkasi, dunyo yangiliklaridan xabardor qilib turadigan radiopriyomnik asosan adibga asqatgan.

Shoir yashagan uyning shinamgina maketi — ramziy xona ekspozitsiya zalining bir burchagidan oʻrin olgan. Uning toqli shifti, taxmonga yigʻilgan koʻrpachalar, choʻgʻ solib ishlatilgan dazmol, qoʻyingki, barchasi koʻp farzandli oilaning el qatori kun kechirganini aks ettirib turadi.

Murabbiylik, oʻqituvchilik, jurnalis­tik faoliyatidan guvohlik beruvchi suratlar ­Gʻafur Gʻulomning bolalikdan tinib-tinchimagani, tirikchilik koʻyida turli yumushlarni qilib ketaverganini yana bir bor yodga soladi. Yozuvchi asarlariga ishlangan suratlar, “Shum bola” qissasiga bagʻishlangan boʻlim, ayni paytda butun dunyoga mashhur bu asarning qoʻl­yozmasi, uning “Dovdirash” nomli birinchi nashri, turli tillardagi tarjimasi adabiyot ixlosmandlari uchun qiziqarli boʻlishi aniq.

Ekspozitsiyalar orqali Gʻafur Gʻulomning ilmiy faoliyatiga doir maʼlumotlar adibning chindan-da birinchilardan boʻlib akademiklik unvoniga munosib boʻlganini koʻrsatadi. 60 yillik yubileyi tantanalari aks etgan fotosuratlar esa hukumatning shoirga yuksak hurmatini tarixga muhrlagan. Turkman, qozoq ijodkorlari sovgʻa qilgan milliy kiyimlar nafaqat millatimiz, balki koʻplab xalqlarning Gʻafur Gʻulomga samimiy mehrini ifodalab turibdi. Chet el nashrlarida shoir haqida chop etilgan maqolalarni koʻrib, yana bir karra faxrlanasiz.

Haykaltarosh Rayhon ­Shoabdurasulova “Shum bola” asariga ishlagan haykal — ­Qoravoyning tandirdan chiqib turgan holati asarga ishlangan filmni yodga soladi. Urush yillarida yozilgan sheʼrlar, yetimlik iztirob­lari aks etgan suratlarning barchasi bizni Gʻafur Gʻulom olamiga yaqinlashtiradi.

Memorial qism esa 6 xona: bolalar va kattalar yotoqxonasi, ijodxona, mehmonxona, dam olish xonasi va kutubxonadan iborat. 12 ming­ga yaqin eksponat joy olgan uy-muzeyga har yili oʻn minglab vatandoshimiz va xorijiy mehmonlar keladi.

“Men tugʻilganimda otam Gʻulom ­Mirza Orif 35 yoshda, onam Toshbibi Shoyusuf
21 yoshda ekan. Otam adabiyotga juda qiziqar ekan. Uyimizga oʻzbek shoirlari va xattotlaridan Xislat, Shomurod kotib va boshqalar kelib yurganini es-es bilaman. Fargʻona vodiysidan keladigan shoirlar ham: Muqimiy, Toshxoʻja, Asiriy, Furqat, Muhyi va boshqalarning biznikiga koʻp kelganini aytadi. Otam “Mirza” va “Gʻulom” taxalluslari bilan talay sheʼrlar yozgan. Onam ham oʻzbekcha, tojikcha adabiyotlarni oʻqib, anglay oladigan zehnli xotinlardan edi”, deb yozgan edi adib xotiralarida.

Dadasi Gʻulom Mirza Orif baʼzi manbalarda dehqon sifatida koʻrsatilgan. Keles atroflarida oʻzining 5-6 tanob yerida ekin ekib, dehqonchilik bilan shugʻullangan. Dehqonchilik mavsumi boʻlmagan paytlarda esa shaharda odamlarga ariza yozishda yordamlashgan. Uch tilni bilgani sabab ismining yoniga orif laqabi qoʻshib aytilgan.

Gʻafur Gʻulom 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qoladi. Boz ustiga oʻsha paytda Birinchi jahon urushi boshlangan edi. Uch singilga gʻamxoʻrlik qilish katta farzand sifatida Gʻafurning chekiga tushadi. Koʻchada turli yumushlarni bajarib, oila boqish bilan bir qatorda avval eski maktabda, keyin rus-tuzem maktabida oʻqiydi.

Asli besh yoshidan eskicha yozuvda savodi chiqqanda yosh Gʻafur kutubxonadan oʻzi yiqqan pullarga kitob sotib olib (oʻsha paytlari kutubxonalarda kitoblar sotilgan ham), hech qayerini shikastlamay oʻqir va qaytarib olib borsa, kitob sotuvchi boshqasiga almashtirib berar edi. Eksponatlar qatorida Gʻafur Gʻulom arabiy imloda oʻqigan kitoblari asl nusxasida keltirilgan. Ular orasida Navoiyning “Devon”i hamda Jomiyning “Haft avrang”i ham bor.

Eksponatlar orasida Gʻafur Gʻulomning shaxsiy kutubxonasidan 2000 ga yaqin kitobni Toshkentdagi 90-maktabga sovgʻa qilgani toʻgʻrisida gazetada chop etilgan maqola ham bor. Shoir bolalarni juda yaxshi koʻrganidan ijodida bolalarga bagʻishlangan asarlarning ham alohida oʻrni bor. “Ikki bolalik”, “Bilaman”, “Seni Vatan kutmoqda” sheʼrlari, “Siz mening yoshligimsiz”, “Turgʻun va oʻrdak”, “Tongotar qoʻshigʻi”, “Bir gʻuncha ochilguncha” kabi bolalarga bagʻishlangan sheʼriy toʻplamlari shular jumlasidan.

Uy-muzey eksponatlari oʻtmishni koʻz oldimizda yaqqol gavdalantirib, moziy qaʼridan soʻzlaydi. Unga quloq tutsangiz, koʻplab ishlarda oʻzini sinab koʻrgan Gʻafur Gʻulom 1923-yili bosmaxonada harf teruvchi, soʻng ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik pedagogik kursda oʻqib, Oʻrdadagi “Urfon” oʻrta maktabi yonidagi bolalar uyida oʻqituvchi sifatida ishlagani maʼlum boʻladi. “Gʻafur Gʻulom — maʼrifatparvar” ekspozitsiyasida adibning bolalar uyidagi faoliyatidan hikoya qiluvchi fotosuratlar va xat-hujjatlar oʻrin olgan.

Adib nazm bilan faylasuf shoir darajasiga koʻtarilgan boʻlsa, nasrda “Shum bola” qissasi, “Mening oʻgʻrigina bolam” singari hikoyalari orqali xalq turmushi va ruhiyatini yaxshi biluvchi mohir nosir ekanini ham namoyish etgan. Uning kuldirib yigʻlatadigan va yigʻlatib kuldiradigan hajviy hikoya va qissalari el orasida mashhur.

“Gʻafur Gʻulom — buyuk alloma” ekspozitsiyasida uning ilmiy faoliyati koʻrsatib berilgan. Shoir oʻzidan oldin oʻtgan ijodkorlarning faoliyatiga qiziqish bildirib, asarlari ustida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazgan. Ular orasida Alisher Navoiy ijodi ustunlik qilardi. Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni nasriy bayonini yozib, oʻzbek kitobxonlariga taqdim qiladi. Shuningdek, “Navoiy va bizning davr”, “Folklordan oʻrganaylik” tadqiqotlarini, “Jaloliddin dramasi haqida”, “Muqimiy” maqolalarini yozadi.

“Shum bola”, “Hasan Kayfiy” kabi hajviy asarlariga ishlangan karikaturalar, “Yodgor” qissasining ilk nashri, gazetalarda bosilgan varianti, “Ikki akt” dostonining qoʻlyozma va matbuotda ilk eʼlon qilingan nusxalari “Gʻafur Gʻulomning nasriy ijodi” ekspozitsiyasidan oʻrin olgan.

“Oʻzbekni jahonga tanitgan shoir” ekspozitsiyasida adib nafaqat oʻzbek shoirlari, balki qozoq, rus, qirgʻiz, tojik shoirlari bilan ham yaqin aloqada boʻlgani, ular ijodiy safarlarda tez-tez koʻrishib turgani, ijodiy hamkorlik qilgani aks ettirilgan.

Adibning qaysi qardosh til vakilini koʻrsa, oʻsha tilda suhbatlashib ketadigan ­darajada kirishimli boʻlgani haqida Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir bunday yozadi: “Men ­Gʻafur Gʻulom bilan talay gurunglarda, toʻylarda, yigʻinlarda, hasharlarda, safarda va mehmondorchiliklarda boʻlganman. U hayotni bilar, odamlarni bilar edi, adab va udumdan toʻla xabardor, shevalarni bilar, qardosh tillarni bilar, turkman duch kelsa — turkman, tatar uchrasa — tatar, Nozim Hikmat kelsa — turk, qozoq roʻbaroʻ boʻlsa — qozoq, tojik davrada — tojik, Aleksey Surkov koʻrinib qolsa yo mehmon boʻlsa — rus... U nechogʻliq munis, nechogʻliq mushfiq, dilkash, hozirjavob, xushtaʼb, xushchaqchaq, hazilkash (oʻz oʻrnida), suhbati qoyilmaqom, sadoqatli doʻst”.

Eksponatlarda Gʻafur Gʻulomning oʻzbek tarjimachiligiga qoʻshgan hissasi ham ­beqiyos ekani toʻlaqonli ochib berilgan. Pushkin, Lermontov, Nozim Hikmat, Shota Rustaveli, ­Nizomiy Ganjaviy, Shekspir, Dante, Pyer Bomarshe, Lope de Vega va jahon adabiyotining boshqa vakillari asarlarini oʻzbek kitobxonlariga taqdim qilgan. Shekspirning “Otello” va Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi” asarlari aynan Gʻafur Gʻulom tarjimasida teatr sahnasiga olib chiqilgan.

Shoir Ikkinchi jahon urushi davrida ham barakali ijod qilgan, oʻz daʼvatlari bilan jangchilar va front ortidagilarni ruhlantirgan. “Sen yetim emassan”, “Seni kutyapman, oʻgʻlim!”, “Vaqt”, “Kuzatish”, “Ayol”, “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak” sheʼrlarini yozgan. “Seni kutyapman, oʻgʻlim!” sheʼrida shoir front ortida qahramonona mehnat qilgan otalarning sabri va kuchini madh etadi. Shuningdek, “Sharqdan kelmoqdaman” toʻplamidan joy olgan “Bahaybat”, “Gʻalabachilar qoʻshigʻi”, “Xotin” sheʼrlarining mohiyatini ham ayni mavzu tashkil qiladi.

Urushdan keyingi yillardagi “Yangi sheʼr­lar”, “Oʻzbekiston olovlari”, “Onalar”, “Oʻzbek xalqi gʻururi”, “Tong qoʻshigʻi”, “Yashasin, tinchlik!”, “Bu — sening imzong”, “Dunyo minbaridan” nomli sheʼriy toʻplamlarida tinchlik qadri, oʻzbek xalqining mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari haqida kuylagan.

Sharq mumtoz sheʼriyatini ham, Yevropa va rus lirikasini ham mukammal bilgan ustoz shoir ijodida yangicha toʻlqin, alohida oqim, oʻziga xos uslub mujassam. Gʻarbu Sharq ohangini oʻziga singdirgan ushbu mushtaraklikka turkona xarakterning qorishuvi jahon poetik madaniyati sahnida oʻzbek xalqining ham munosib oʻrin egallashiga sabab boʻldi. Uni fidoyi, bolajon, mehnatkash, insonparvar xalqimizning badiiy timsolini ham sheʼrda, ham nasrda yoritgan buyuk soʻz ustasi, deyish mumkin.

Uy-muzey hovlisining yuqori qismida shoirning 1983-yilda tayyorlangan haykali qad rostlagan. Ayni kunlarda tavalludiga 123-yil toʻlgan akademik Gʻafur Gʻulom siymosi bugungi yosh, zabardast, ulkan maqsadlarni koʻzlagan avlodlarga boqib, “Siz, axir, osmonni olmoq boʻlsangiz, Ne uchun yelkamni tutib bermayin”, deb turibdi goʻyo...

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri