Qolaversa, baliqchilik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, odamlarning go‘sht mahsulotlariga talabini qondirishda muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Baliq yetishtirishda asosiy masala suv ta’minotiga borib taqaladi. Bugun jahon bozorini baliq mahsulotlari bilan ta’minlayotgan yirik davlatlar aynan suv resurslariga boy ekanini ko‘rish mumkin. Ammo hozir qalovini topsang, qor ham yonadigan davrda yashayapmiz. Ilmiy va zamonaviy texnologiyalar orqali muammolarga yechim topish mumkin. Baliqchilik ham shunday, tabiiy suv havzalari cheklangan sharoitda zamonaviy intensiv usuldan foydalanib, hovuzlarda baliq yetishtirish allaqachon ommalashib ulgurdi.
O‘zbekiston sharoitida 8-9 yil oldin bunday texnologiyalarni endigina qo‘llash boshlanganda baliq yetishtirish hajmi nihoyatda past edi. Bozorlarda baliq turlari ham, soni ham kam bo‘lardi, talab ham shunga yarasha bo‘lgan. Aholining baliq iste’moli ko‘rsatkichi haqida-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Ammo baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar boshlangach, sohada zamonaviy intensiv texnologiyalar joriy etildi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy va moliyaviy mexanizmlari shakllantirildi, aholi xonadonlarida baliq yetishtirish faollashdi. Natijada ichki bozorlarimiz mahalliylashtirilgan baliq turlari bilan to‘ldi. Endi eksportni oshirishimiz kerak.
Bugungi kunda suv resurslari cheklangan bo‘lishiga qaramay, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinda turibdi. O‘tgan yili yurtimizda
206 ming tonna baliq yetishtirildi. Ammo bu hali yetarli emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, agar mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinsa, O‘zbekiston sharoitida bu raqamlarni hozirgidan besh barobar oshirish imkoniyati bor.
Prezidentimizning joriy yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan ayni yo‘nalishda belgilangan vazifalar bunga yo‘l ochadi. Unda asosiy e’tibor suv -resurslari cheklangan sharoitda baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada yagona boshqaruv tizimini joriy etish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, intensiv texnologiyalarni keng targ‘ib qilish orqali baliq yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan. Tadbirkorlar uchun esa qator imtiyozlar, qo‘shimcha subsidiyalar ham belgilanganki, bu baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatiga katta yengillik beradi. Bunday harakatlar baliqchilik sohasida qilinayotgan eng katta islohotlardan biri, tarmoqda yangi bosqichga o‘tish davri ekani aytilmoqda.
— Shunchaki yangi vazifalar belgilanmadi, balki baliqchilik sohasidagi mavjud muammolarni aniq mexanizmlar asosida yechib, har bir yo‘nalishi bo‘yicha samaradorlikni oshirishga qaratilgan muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, tarixiy qadam tashlandi, deyish mumkin, — deya sharhlaydi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi Omon Musayev. — Yaqqol isboti, 2026-2027-yillar baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va intensiv texnologiyalarni ommalashtirishning ustuvor davri sifatida belgilanmoqda. Bu davrda davlat tomonidan sohaga keng ko‘lamli moliyaviy, tashkiliy va institutsional yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilgan.
To‘g‘ri, keyingi yillarda yurtimizda baliqchilik ancha rivojlandi, iqtisodiyotning faol tarmoqlaridan biriga aylandi. Ammo sohada qator tizimli muammolar yo‘q emasdi. Farmon bilan ana shularga aniq yechimlar berildi. Masalan, bugunga qadar sohada davlat boshqaruvi bir nechta idoralar o‘rtasida taqsimlangani sababli yagona muvofiqlashtirish mexanizmi shakllanmagan. Suv obyektlaridan foydalanish, ularni ijaraga berish, baliq yetishtirish hajmlarini monitoring qilish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamlarni muvofiqlashtirish va investitsiyalarni jalb qilishda yagona yondashuv yetishmasdi. Bundan tashqari, mavjud suv resurslaridan to‘liq va samarali foydalanilmayotgani, intensiv texnologiyalarning barcha hududlarda bir xil darajada joriy etilmagani, zamonaviy omixta yem ishlab chiqarish quvvatlari cheklangani, naslchilik ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani hamda malakali ixtiolog va baliq kasalliklari bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi tarmoq rivojlanishini cheklab kelmoqda.
Shu bois, birinchi navbatda, baliqchilik sohasida yagona davlat boshqaruvi tizimi joriy etilmoqda. Buning uchun Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish belgilandi. Mazkur markaz baliqchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi asosiy vakolatli tashkilotga aylanadi. Xususan, suv obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish, davlat qo‘llab-quvvatlash choralarini muvofiqlashtirish, monitoring tizimini yuritish, raqamlashtirish ishlarini tashkil etish hamda hududlarda baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yangi markazning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Suv limitlari ishlab chiqiladi
Baliqchilikda asosiy masalalardan biri suv ta’minoti, mavjud suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanishdir. Ayniqsa, zamonaviy intensiv baliqchilikda yil davomida uzluksiz suv yetkazib berish juda muhim. Chunki sun’iy suv havzalari har doim ham tabiiy ko‘llarga yaqin joylashmagan va ularni suv bilan to‘ldirish umumiy tarmoqqa bog‘liq bo‘lib qoladi. Amaliyotda esa yoz, kuz, qish mavsumida ayrim xo‘jaliklarga suv yetkazib berishda uzilishlar kuzatilib, bu baliq yetishtirish hajmi va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu muammoni tizimli hal etish uchun kafolatlangan suv ta’minoti hamda suv obyektlaridan samarali foydalanishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda. Ya’ni endilikda yurtimizdagi suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari hamda tabiiy suv obyektlari yagona tizim asosida boshqariladi. Bunda mazkur suv obyektlari baliqchilikni rivojlantirish maqsadida yangi tashkil etilgan markazga biriktiriladi va ulardan foydalanish bo‘yicha yagona tartib joriy etiladi. Shu orqali hozirgi kunda to‘liq foydalanilmayotgan suv havzalarini iqtisodiy aylanmaga jalb qilish, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish va har bir suv obyektidan yuqori iqtisodiy samara olish ko‘zda tutilgan.
Bu borada tegishli davlat tashkilotlariga aniq vazifalar yuklatilgan. Masalan, Suv xo‘jaligi vazirligi intensiv usulda baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarini doimiy, shu jumladan, kuz-qish davrida suv bilan ta’minlashi kerak. Suv limitlarini belgilash, suvni vaqtida yetkazib berish va baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan suvdan foydalanishni nazorat qilish ham ularning zimmasida.
Ilmiy-tadqiqot institutlari esa baliqchilik xo‘jaliklarida foydalanilayotgan suv me’yorlari va normalarini ishlab chiqadi. Mutaxassislarning aytishicha, bu borada yangi va zamonaviy mexanizmlarni joriy etish ko‘zda tutilgan. Masalan, baliqchilik xo‘jaliklari foydalanayotgan suv sarfi me’yorlari aniqlanib hisobi yuritiladi, turli fasllar uchun talab etiladigan suv miqdori limitlari ishlab chiqiladi. Bu orqali baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan real ehtiyojini qondirish, suv sarfi nazoratini o‘rnatish va ortiqcha sarflashning oldini olish ko‘zda tutilgan bo‘lib, har bir jarayon ilmiy asosda olib boriladi.
Baliqchilikni rivojlantirish markazining asosiy jihati ham shunda — har bir amaliyot ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Qolaversa, hududlarda baliq kasalliklarini tezkorlik bilan aniqlash imkonini beruvchi eng zamonaviy mobil laboratoriyalar tashkil etiladi. Bu ilmiy xodimlarning o‘zi baliqchilik xo‘jaliklariga borib, muammolarni o‘rganadi, ularga joyida yechimlar beradi degani. Mobil sharoitda laboratoriya tahlillari o‘tkaziladi. Ayni paytda baliqchilik tarmog‘ida bunday zamonaviy laboratoriyalar mavjud emas va ularning paydo bo‘lishi, ayniqsa, yurtimizda mavjud olti mingdan ziyod baliqchi fermerning eng og‘riqli masalasini hal qiladi.
Gap shundaki, baliqchilik xo‘jaliklari ko‘pincha suv tarkibini tahlil qilish kabi turli masalalarda respublika laboratoriyasiga borishiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, kasallangan baliqlarni tahlil qilish zarurati yuzaga kelganda, issiq mavsumlarda ularni tashish, birinchidan, juda qiyin masala. Qolaversa, tashib olib borilgan taqdirda ham to‘g‘ri tashxis qo‘yib bo‘lmaydi, chunki baliq tez aynib qolishi mumkin. Har bir hududda tashkil etiladigan mobil laboratoriyalar ayni muammoga yechim bo‘ladi. Endi laboratoriyaning o‘zi baliqchilik xo‘jaliklariga borib, aniq va tezkor tahlillarni amalga oshiradi.
Yem, naslli baliq va zamonaviy texnologiyalar uchun subsidiya
Vazifalar aniq, yo‘nalishlar belgilangan, endi ularni amalga oshirish kerak. Bunda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar asosiy o‘rinni egallaydi, albatta. Shu bois, farmon bilan baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator imtiyoz va subsidiyalar belgilandi.
— Baliqchilik xo‘jaliklariga oltita yo‘nalishda subsidiya mablag‘lari ajratish vazifasi qo‘yildi, — deydi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov. — Birinchi yo‘nalish intensiv usulda faoliyat yuritayotgan baliqchilik xo‘jaliklarining muqobil energiya manbalariga o‘tishini rag‘batlantirish bilan bog‘liq. Bunda xo‘jaliklarga quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi hamda quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 20 foizigacha subsidiya ajratiladi. Qolaversa, energiya tejovchi zamonaviy aeratorlarni xarid qilish xarajatlarining 50 foiziga belgilangan me’yorlar doirasida davlat tomonidan subsidiya beriladi. Bu qo‘llab-quvvatlash intensiv texnologiya asosida gektaridan yuqori hosildorlikka erishgan xo‘jaliklarga tatbiq etiladi.
Naslchilikni rivojlantirish maqsadida yuqori mahsuldor naslli ona baliqlarni xorijdan import qilish xarajatlarining
50 foizigacha bo‘lgan qismi ham subsidiya qilinadi. Bu mahalliy inkubatsiya va naslchilik bazasini mustahkamlash, mahsuldorlikni oshirish kengayadi degani. Shuningdek, yillik quvvati kamida 20 ming tonna bo‘lgan zamonaviy omixta yem ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun uskunalar sotib olish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu ayni paytda baliqchilik sohasidagi eng dolzarb muammolardan biri — sifatli omixta yemga bo‘lgan mahalliy talabni qondirishda muhim. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari soni ortgach, bozorda ham raqobat paydo bo‘ladi. Import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar yem narxini barqarorlashtirib, intensiv baliqchilik samaradorligi yanada oshadi.
Yopiq suv aylanma tizimi texnologiyalarini keng joriy etish esa innovatsion yangiliklardan biri. Ushbu texnologiya yer va suv resurslaridan samarali foydalanishda qulay bo‘lib, ayni paytda yopiq aylanma suv ta’minoti tizimi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida tajriba-sinov tariqasida ishga tushirilgan. Mazkur texnologiyada hovuzlar bir marta suv bilan to‘ldiriladi va doimiy tarzda biologik hamda mexanik filtrlar orqali tozalanadi. So‘ng ushbu suv baliqchilik uchun muqobil manba sifatida ishlatilishi mumkin. Kelgusida yangi texnologiyani aholi xonadonlari va baliqchilik xo‘jaliklarida keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Buning uchun farmon bilan moliyaviy imtiyozlar ham belgilandi. Xususan, yopiq suv aylanma tizimi texnologiyalarini tashkil etish uchun sarflanadigan umumiy xarajatlarning bir qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Bu hali hammasi emas. Yangi tizimda asosiy e’tibor ilmiy va innovatsion yondashuvlarga qaratilyapti. Buning uchun malakali mutaxassislar, ilg‘or xorij tajribasi zarur. Shu bois, baliqchilik xo‘jaliklariga xorijdan jalb qilinadigan mutaxassislar ish haqining bir qismini davlat tomonidan qoplash mexanizmi joriy etilmoqda.
Yiliga 500 ming tonna
Bu imtiyozlar shunchaki berilmayapti. Ulardan amaliyotda foydalangan holda baliqchilik xo‘jaliklarini ko‘paytirish, yurtimizda baliq yetishtirish hajmini karrasiga oshirish kerak. Aniqroq raqamlarga kelsak, 2026-2027-yillarda yurtimizdagi mavjud sun’iy suv havzalarini intensiv usulga o‘tkazish hisobiga baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga yetkazish, gulmohi (forel) va barabaliq (osyotr) kabi yuqori qiymatli baliq turlarini yetishtirish bo‘yicha 2027-yildan boshlab yiliga 20 ming tonna ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Berilayotgan qo‘shimcha imtiyozlar esa bu borada baliqchilik xo‘jaliklari uchun ayni muddao bo‘ladi. Qolaversa, tadbirkorlarga milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi, yirik investitsiya loyihalari uchun davlat kafilligi beriladi hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
“Baliqchilik xo‘jaliklari uchun juda katta imtiyozlar berilyapti, — dedi navoiylik tadbirkor Shuhrat Davronov. — Belgilangan vazifalar yaqin muddatlarga mo‘ljallangani, jumladan, 2026-2027-yillar baliqchilik sohasida ustuvor davr etib belgilangani, ayniqsa, ahamiyatli. Chunki amaliy harakatlar qancha tez bo‘lsa, natijadorlik shuncha erta ko‘rinadi.
Keyingi yillarda xalqimiz baliqchilikda yaxshi tajriba to‘pladi. Yangi va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashni boshladik. Aholi xonadonlarida ham baliq yetishtirish ommalashib boryapti, xullas, daromadli tarmoqqa aylandi. Buning ortidan xalqimizning baliq mahsulotlariga talabi qondirilyapti. Endilikda ana shu ishlarni yanada rivojlantirish, yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan. Bu sohaga yanada ilg‘or texnologiyalar kirib keladi degani.
Bugungi kunda baliqchilik xo‘jaligimizdagi 16 gektar yerda yiliga ikki marotaba hosil olib, 550-600 tonnagacha baliq yetishtiryapmiz. Avvallari baliqni an’anaviy usulda yetishtirgan bo‘lsak, keyinroq yarim intensiv usulga o‘tdik. Sohada berilayotgan imtiyozlardan foydalanib, intensiv usulda ham baliq yetishtira boshladik. Hozirgi kunda nafaqat viloyatimiz, balki yurtimizning barcha hududlariga baliq yetkazib beryapmiz. Endi mahsulotlarimizni xorijga eksport qilmoqchimiz”.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri