“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Bangkok shahridan uchib kelgan xorijiy yoʻlovchining qoʻl yuki va bagaji belgilangan tartibda nazoratdan oʻtkazilgan.
Tekshiruv davomida yuklar orasiga yashirilgan 12 dona polietilen oʻramlar aniqlandi. Ushbu oʻramlar xolislar ishtirokida ochib koʻrilganda, ichida yashil rangli, oʻtkir hidli modda borligi maʼlum boʻldi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga koʻra, mazkur modda 6,3 kilogrammdan ortiq ogʻirlikdagi quritilgan marixuana ekani tasdiqlandi.
Ushbu modda Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositalari toifasiga kiradi.
Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Eslatib oʻtamiz, “Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida 15 ta holatda qariyb 30 kg. giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 18 kilogrammga koʻpni tashkil etadi.