Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlab, “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur anjuman mamlakatimiz yosh shoirlari, yozuvchilari va musavvirlarini birlashtirgani, ona Vatanimizni, eng ulugʻ va eng aziz boʻlgan mustaqilligimizni tarannum etish uchun ularga ijodiy muhit va sharoit yaratib bergani ayni haqiqat.

Tadbirni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev tabrik soʻzi bilan ochib, yaqin uch yil ichida Qoraqalpogʻistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan yetmish sakkizta farmon va qaror qabul qilinganini alohida taʼkidladi.

Aholining elektr energiyasiga ehtiyojini toʻliq taʼminlash hamda energetika sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Beruniy, Qoʻngʻirot tumanlarida shamol elektr stansiyalari qurilmoqda.

Qipchoq sohilida Amudaryo uzra muhtasham temir yoʻl koʻprigi qurildi. Qoraqalpogʻistonda sanoat sohasi rivojlanayotir. Isitish batareyalari zavodi hamda Nukus bazalt tolasi ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.

Yaqin yillarda 3,5 milliard dollarlik investitsiya kiritiladi. 

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Qadimiy va navqiron Ellikqalʼa tumanida bahor gul ochgan faslda chagʻalaylar emin-erkin suzib yurgan Aqchakoʻl sohilida oʻtkazilgan tanlov, oʻz navbatida, yoshlarga oid islohotlar samaradorligini oshirish, ularning qiziqishi va qobiliyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan badiiy adabiyotni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar, adabiyot va maʼnaviyat sohasidagi islohotlarga alohida toʻxtaldi.

Butun umri va ijodi davomida ozodlikni orzu qilgan, xalq manfaatlarini oʻylagan va xalqqa xizmat qilishni kuylagan Berdaq shoir aytganidek, baxtli-shodon, isteʼdodli, har ishni puxta oʻylaydigan, esli-hushli, xalqimizning dastyori boʻlib, gʻurur-iftixor bilan koʻklarga magʻrur boʻylaydigan yoshlarimiz bor.

Davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori sharofati bilan oʻzbek-qoraqalpoq adabiy aloqalari rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyobonida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining ulugʻ siymolari bilan birgalikda qoraqalpoq adabiyotining ham uch ulugʻ namoyandasi — Berdaq, Ibroyim Yusupov va Toʻlepbergen Qaipbergenovga muhtasham yodgorlik oʻrnatildi, Nukus shahrida Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi ochildi.   

2024-yilda davlatimiz rahbarining “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur tarixiy qarorga binoan Ajiniyozning toʻliq “Asarlar” kitobi oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr etildi, Ajiniyozning ibratli hayoti va ijodi yoritilgan badiiy film suratga olindi. 2019-yilda Oʻzbekiston Qahramonlari Ibroyim Yusupov va Toʻlepbergen Qaipbergenov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi. Har ikki ulugʻ ijodkorning “Tanlangan asarlar”i koʻrkam shaklda nashr etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildli kitoblar majmuasining 34-38-jildlari qoraqalpoq adabiyotiga bagʻishlangan.

2021-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Nazm boʻstoni” turkumida Berdaqning “Yurt gʻamxoʻri kerak menga”, Kengesboy Karimovning “Masofalar”, Baxtiyor Genjamurodning “Yurakning oʻtli osmoni”, Sogʻinboy Ibrohimovning “Yoʻl oʻrtasi”, yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” loyihasi asosida Sarvinoz Musatdinovaning “Karvon yoʻllari”, Allayar Darmenovning “Oy doʻst” sheʼriy toʻplamlari oʻzbek tilida nashr etildi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy” romani, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning “Ibroyim Yusupov” roman-essesi oʻzbek tilida nashrdan chiqdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” turkum kitoblari loyihasi asosida Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyevning “Burgut choʻqqi” nomli roman, qissalar va hikoyalar toʻplami oʻzbek tilida chop etildi.

2026-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Muratboy Nizanovning “Tanlangan asarlar”i nashr qilinib, oʻzbek kitobxonlariga tuhfa etildi.

* * *

Tadbir munosabati bilan Aqchakoʻl boʻyida Ellikqalʼa tumani ovul fuqarolar yigʻinlari, sanʼat maktablari, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha tarbiya tashkilotlari milliy taomlar, kashtalar, xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalarini namoyish etdi. Aqchakoʻlning obod etilgan, dam olish maskani va tomoshagohga aylantirilgan sohili boʻylab qator qoʻyilgan yogʻoch soʻrilarda oʻtirgan piru badavlat otaxon va onaxonlar el-yurt tinchligini tilab duo qildi, kelinchaklar dasturxon yozib, choy damlagan, yosh-yalang dastyorlar xizmatga shay. Aqchakoʻl sohili xalq sayli bilan gavjum.

Ellikqalʼa mamlakatimizning koʻp millatli tumanlaridan biri. Oʻzbekcha, qoraqalpoqcha, turkmancha, qozoqcha, tatarcha, ruscha, ozarbayjoncha milliy liboslar koʻzni yashnatadi. Karnay-surnaylar, nogʻorayu doiralar, qoʻbizu dutorlar, chanqovuzlar, rubobu torlar musiqalari koʻngilni shod etadi. Bir yonda axaltekin zotli noyob tulporlar mingan chavandozlar asl toylarning suluvligini namoyon etib, ot ustida magʻrur turibdi. Aqchakoʻl osmoni uzra pagʻa-pagʻa bulutlar karvoni. Gʻir-gʻir esayotgan shamol koʻl suvlarini bir maromda mavjlantirgan. Gala-gala chagʻalaylar husni jamoli bilan suvning mavjlariga koʻrk bagʻishlaydi. Koʻlning oʻrtasida suzayotgan oq kema yurakni orziqtiradi.

Ushbu manzaralarni yosh musavvirlar moyboʻyoqda tasvirlashga tutingan. Shoirlarning lablari pichirlab, sheʼriy satrlar toʻqishga chogʻlangan. Yozuvchilar yozilajak hikoyalari uchun manzaralarni xotirasiga muhrlashga intilgan. Xullas, ijodiy muhit qaynagandan-qaynadi. 

Qirgʻoqqa tikilgan oq oʻtovlar erganaklari mehmonlar uchun qoraqalpoqning begʻubor koʻngliday ochiq.       

Kunning ikkinchi yarmida anjuman ahli Ellikqalʼa tumani ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi hududida barpo etilgan Abdulla Oripov bogʻiga koʻchdi. “Aqchakoʻl ilhomlari” tanlovining tamal toshini qoʻygan ustoz Abdulla Oripov nomida bogʻ bunyod etilgani ayni muddao. Boqqa kiraverishda elimiz ardogʻidagi shoir siymosi tushirilgan surat ostiga ustozning mashhur toʻrtligi bitilgani barchaning eʼtiborini tortdi:

Guldan gulga qoʻnib sahar palladan

Bolari bol yigʻar guldan, daladan.

Shoir ham bolari boʻlsaydi agar,

Ishin boshlar edi Ellikqalʼadan.

 

Abdulla Oripov bogʻi ramziy maʼnoda gullab-yashnayotgan sheʼriyat bogʻi, adabiyot bogʻidir. Bu bogʻ, albatta, Toshkentda bunyod etilgan Adiblar xiyoboni bilan chambarchas bogʻliq. Uning gullari va koʻchatlari Adiblar xiyobonidan keltirilgan desak, mubolagʻa emas. Yozuvchi, shoirlar va jamoatchilik vakillari Ellikqalʼa tuprogʻiga ezgu niyatlar bilan mevali daraxt koʻchatlarini ekdi.

Har sohada yangilik, har yonda bahor, har chamanda gullab-yashnash degandek, Ellikqalʼadagi bunyodkorlik tadbir ishtirokchilariga yanada koʻtarinki ruh, ijodiy zavq bagʻishladi.

Ayniqsa, Ellikqalʼa tumanidagi madaniyat saroyida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning byusti ochilishiga bagʻishlangan tadbir barchani hayajonlantirdi. Ustozning yodgorlik byusti shaklida bugungi avlodga boqib turgan nurli siymosi goʻyo: “Bu buyuk Vatanning qadriga yetinglar!” deb nasihat qilayotgandek. Beixtiyor ustoz shoir hayotlik vaqtida “Aqchakoʻl ilhomlari” anjumaniga kelayotib, Amudaryo koʻprigi ustida aytib yuborgan sheʼri yodimizga tushdi:

 

Kimligimni bilardim ozroq,

Bilar edim suyukligimni.

Amudaryoni koʻrganda biroq

Bilib qoldim buyukligimni!

 

Anjuman doirasida mehmonlarning Ellikqalʼaning diqqatga sazovor maskanlari, tarixiy obidalari, yangi qurilgan inshootlari bilan tanishuvi tadbir mazmunini yanada boyitdi. Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqalʼa fakultetida tashkil etilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf muzeyi eksponatlari bilan tanishuv, Boʻston shaharchasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Matnazar Abdulhakimning “Darsdan soʻng” sheʼri asosida bunyod etilgan “Ustozga ehtirom” haykali ziyorati yosh ijodkorlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Ellikqalʼa tumani boʻylab uyushtirilgan sayohatdan soʻng yosh ijodkorlar ­tumandagi sanʼat maktabi darsxonalarida tanlovning asosiy sharti boʻyicha ijodiy bellashuvni davom ettirdi. Ularga qirq besh daqiqa davomida Aqchakoʻl mavzusida yangi sheʼr, yangi hikoya yoki badiiy qatra yozish vazifasi topshirildi. Musobaqa nihoyatda qiziqarli boʻldi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoirlari boʻlgan ustozlardan tuzilgan hakamlar hayʼati yosh ijodkorlarning yozma ishini oʻrganib chiqdi va munosib baholadi. Eng muhimi, Vatan mavzusida yangi sheʼrlar, nasriy va rangtasvir asarlarga poydevor qoʻyildi.

Ertasi kuni tuman markazidagi sanʼat saroyida “Aqchakoʻl ilhomlari” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 

Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda yosh ijodkorlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar,  mamlakat miqyosida tashkil etilgan ­“Aqchakoʻl ilhomlari” tanlovining ahamiyati va kutilayotgan natijalar haqida gapirdi:

— “Oltin konidan oltin chiqadi” deganlaridek, soʻz dargʻalariga beshik boʻlgan bu diyordan, albatta, Alisher Navoiy, Berdaq, Ajiniyoz, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov vorislari yetishib chiqishiga ishonamiz. Ibroyim ogʻaning “Ayt sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan” sheʼrida ushbu ezgu niyatning amalga oshishiga komil ishonch izhor etilgan. Uni ustoz Abdulla Oripov oʻzbek tiliga tarjima qilgan:

 

Men uni tinglasam, qolmay toqatim,

Koʻnglimda sayragan mastona bulbul.

Men uni tinglasam, tuqqan elatim

Yer jannati boʻlib koʻringay butkul.

 

Yulduzlarni yerga qaratmoq boʻlsang,

Yomon shoirlarni uyaltmoq boʻlsang,

Agar men oʻlganda tiriltmoq boʻlsang,

Ayt sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan.

 

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan qoraqalpogʻistonlik ijodkorlarga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,   Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov va boshqalar soʻzga chiqib, gʻoliblarni tabrikladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning umr yoʻldoshi Hanifa Mustafoyeva Abdulla Oripov bogʻi bunyodkorlariga, Abdulla Oripov byusti ijodkorlariga, ustozdan meros boʻlib qolgan “Aqchakoʻl ilhomlari” tanlovini yangidan uyushtirgan tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.

Hakamlar xulosasiga koʻra, tanlovda eng isteʼdodli ijodkorlar aniqlandi. Respublikaning barcha hududlaridan kelgan 44 ishtirokchining har biriga diplom, statuetka, esdalik sovgʻalar va kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlari va raqslari bilan tadbir ishtirokchilariga oʻzgacha zavqu shavq bagʻishladi.

Bizningcha, tanlovda qatnashgan barcha ijodkor gʻolib boʻldi. Ular  yorqin taassurotlar va hayajon ogʻushida Aqchakoʻlda charx urib uchib yurgan chagʻalaylar bilan xayrlashib, uylariga mamnun va masrur qaytdilar.

Biz ham mazkur tanlovdan oʻzgacha taassurot bilan qaytar ekanmiz, koʻnglimizda quyidagi sheʼriy satrlar uygʻondi.

 

Yondi bahor Ellikqalʼa roʻyida,

Bulbul sayrar Aqchakoʻlning boʻyida.

Gʻazal toʻqir bulbulzabon shoirlar

Oʻzbek bilan qoraqalpoq toʻyida.

 

Dilda joʻshdi Aqchakoʻl ilhomlari,

Tilda ulugʻ ustozlarning nomlari:

Ibroyim ham Abdulla Orif sheʼri,

Otajonning “Suvora” inʼomlari.

 

Avliyolar Boʻstonga dam urgan “Suf”:

Jamolidan oftob boʻlgan kusuf.

Osmonlarda mangu navqiron qoʻshiq —

Ellikqalʼa qushi Muhammad Yusuf.

 

Oltin qoʻshiq yangrayotir, soz tilla,

Yurt madhini kuylagan ovoz tilla.

Aqchakoʻl ilhomlariga avj bergan

Valijon ham ustozi Neʼmatulla.

 

Gul ochilib yashnayversin, Boʻstonim,

Ellikqalʼa — eng goʻzal gulistonim.

Qoʻshiq yangrar Aqchakoʻlning boʻyida,

Baxtim mening,

jonim Oʻzbekistonim!

Rustam MUSURMON,

Oʻzbekistonda xizmat

koʻrsatgan madaniyat xodimi,

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri