Prezidentimizning mustaqilligimiz­ning oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda soʻzlagan nutqini tinglaganimizga ham 30 kunga yaqin vaqt boʻlib qolibdi. Ammo oʻsha kun — 28 avgustdan buyon qalbimizni bir daʼvatona fikr nurga, quvonchu faxrga, shukronalik tuygʻusiga toʻldirib turibdi.

“Bir necha yuz yillik orzular roʻyobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana koʻplab quvonch­li va tarixiy voqealarga guvoh boʻlamiz”. Mamlakatimiz yetakchisining bu gapi zamiridagi hayotiy ohangdan olam-olam maʼno, qutlugʻ bir mujdalar tuydik.

Bunda, avvalo, yuz yillik orzular roʻyobga chiqayotgani haqida aytmoq joiz. Agar fikrni bir joyga jamlab tahlil qilsak, keyingi 10 yilda davlatimiz rahbarining tinimsiz mehnati, qatʼiy siyosiy irodasi va eng muhimi, xalqimizga buyuk mehri bilan 100 dan ziyod sohada tub islohotlar amalga oshirilganini fahmlaymiz.

Hozir ularning har birini alohida sanasak, turkum-turkum doston boʻladi. Birgina maʼnaviyat sohasining oʻzida katta oʻzgarishlar guvohi boʻlyapmiz. Bu jajji bolalarimizni maktabgacha taʼlimga qamrab olishdan tortib, aziz farzandlarimizni kitobxonlikka jalb etish, yozuvchi-shoirlarimiz, ziyolilarimizga eʼtibordan mahallalardagi maʼnaviy muhitni qoʻr oldirishgacha boʻlgan qutlugʻ jarayonlarda koʻzga tashlanadi.

Davlatni qudratli qilish gʻoya bilan amalga oshadigan jarayon. Bu gʻoya atrofida butun bir xalq boʻlib birlashish esa maʼnaviy tafakkur bilan roʻyobga chiqadi.

Biz hozirgina Prezidentimizning mustaqillik bayramidagi nutqiga bejiz toʻxtalmadik. Boisi, mazkur konseptual nutq kelgusi oʻn yillikdagi milliy yuksalish yoʻlimizni belgilab bergan muhim siyosiy, ijtimoiy-maʼnaviy hujjat sifatida qalbimizga muhrlandi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida milliy qadriyatlarimizning qayta tiklanayotganini, oʻzligimizni tobora anglab yetayotganimizni mustaqillik bergan ulugʻ neʼmat sifatida baholadi. Yana taʼkidladiki, “Jonajon Vatanimiz azaldan ulugʻ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti boʻlib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik maj­mualari kabi betakror ilmiy-maʼrifiy dargohlarni barpo etdik. Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz”.

Mana shu nuqtada “butun xalqimiz bilan hali yana koʻplab quvonchli va ­tarixiy voqealarga guvoh boʻlamiz” degan qutlugʻ bir ishonch hissi vujudingizni qamrab oladi. “Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz” degan maqsad esa bizni maʼnaviy yuksalishlar haqida fikrlashga undaydi.

Ushbu gaplarni televideniye orqali eshitganimda mamlakatimiz rahbarida milliy va diniy qadriyatlarimizga, ajdodlarimizga ehtirom gʻoyasi kecha paydo boʻlgan emas degan fikrlar xayolimdan oʻtdi. Chunki mamlakatimiz yetakchisi 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida olamshumul nutq soʻzlab, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblashi haqida soʻzlagan va bu borada Oʻzbekistonda qilinayotgan ishlar toʻgʻrisida xabar bergan, Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qarorini ham oʻsha yerda maʼlum qilgan edi. Shundan soʻng Imom al­Buxoriy mangu qoʻnim topgan manzilda birin-ketin binolar qad koʻtara boshladi. Avval ana shu tilga olingan markaz, ortidan Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Mana, endi qarshimizda ulkan meʼmoriy obida — Imom al-Buxoriy majmuasi qad koʻtarib turibdi.

2020-yil hamon yodimizda. Oʻsha yili qish oylaridan birida biz, nuroniylarga Prezidentimizning Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish borasidagi topshirigʻi va bu ishni puxta amalga oshirish rejasi haqida aytilib, oqsoqollardan duo olingandi. Mana shu gapning boʻlganiga 6 yil oʻtibdi. Bizga majmua qurilishi bir qadar choʻzilganday tuyulgandi. Buning sababini ke­yin anglab yetdik. Davlatimiz rahbari har gal Samarqandga tashrif buyurib, majmua qurilishidan xabar olganida, bergan har bir topshirigʻi boʻyicha natija soʻrar va “Xalqimizda yetti oʻlchab, bir kes” degan maqol bor, biz bu yerda qilayotgan ishlarimizda yetmish oʻlchab bir kesishimiz kerak” degan gapni aytar ekan.

Majmua qurilishi tugallanib, foydalanishga topshirilganiga 6 oyatrofida vaqt oʻtdi. Shu orada borib, muborak bu maskanni ziyorat qilganimizda, uni koʻzdan kechirish ancha yuzaki boʻlganini endi angladim. Yaqinda mehmonlar bahonasida Imom al-Buxoriy majmuasiga yana bordik. Bu galgi safarimiz butunlay boshqacha boʻldi — uni erinmasdan tomosha qildik.

Biz bu manzilning mustaqillikdan oldingi va keyingi holati haqida tasavvurga ega edik. Avvallari bu yerda ulugʻ muhaddis qabri joylashgan kichikkina maqbara va uning yonida qurilgan masjid hamda ekilgan bir necha chinorni bilardik, xolos. 1997-yilda hukumatimiz ­allomaning 1225-yilligini nishonlash boʻyicha qaror qabul qilgan va shu qaror asosida 10 gektar yerda yangidan maqbara va 1500 kishi sigʻimiga ega masjid qurilgan.

Endi qarshimizda turgan majmua avvalgisidan mutlaqo farq qiladigan, chinakam maʼnodagi betakror meʼmoriy obidaga aylangan edi. Bildikki, majmua maydoni 45 gektarga kengaytirilibdi, 10 ming kishiga moʻljallangan yangi masjid qurilibdi. Maqbara kengaytirilibdi, balandligi 23 metrga yetkazilibdi. Qadamjoda 14 moviy gumbaz va har biri 75 metrli 4 ta minora qad koʻtaribdi. Eng ilgʻor va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey tashkil etilibdi. Unga oʻtgan paygʻambarlar, jumladan, Muhammad alayhissalomning shajarasi va hayotiga, Imom al-Buxoriyning ilmiy merosiga, hadislar jamlanishi va yozilishi tarixiga oid bebaho maʼlumotlar joylashtirilibdi. Xullas, qarshimizda nafaqat Samarqandda, balki mamlakatimizda ham yagona boʻlgan sanʼat moʻjizasi turardi!

Majmua qurilishi bilan qiziqib, direktor Sahobiddin Arziqulov bilan suhbatlashdik. Uning guvohlik berishicha, maj­mua bosh meʼmori Prezidentimizning oʻzi boʻlgan. Bu yerda bajarilgan har bir ish — kattasidan kichigigacha uning bevosita maslahatlari bilan qilingan. Har tashrif buyurganida avval berilgan topshiriqlar natijasini soʻragan, ortidan esa navbatda bajariladigan vazifalarni tayinlagan.

Angladikki, qurilish materiallarining aksariyati, turli rangdagi qimmatbaho toshlar chet eldan — Italiya, Turkiya, Portugaliya, Gretsiyadan, ustunlar Hindistondan keltirilgan. Hirot oq marmarini esa 16 ta yuk mashinasida afgʻonistonlik birodarlarimiz yuborganini internet manbalaridan oʻzim oʻqiganman. Hunarmand ustalarning ham bir qismi tashqaridan — Turkiya, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan taklif qilingan. Ammo asosiy masʼuliyat samarqandlik mahalliy ustalar zimmasida boʻlgan.

Maqbaraga boʻyoq mutlaqo ishlatilmagan. Peshtoqlardagi arabcha yozuvlar ham quyma holida mahkamlangan. Yogʻoch rangda koʻrinadigan ustunlar aslida toshdan yasalgan. Hamma ishlar qoʻlda bajarilgan. Hamisha moviy rangda jilolanib turadigan hovuzlar mikroiqlimni barqarorlashtirib turadi. 600-yillik chinorlar esa saqlanib qolgan.

Majmua ilgari 12 ming kishiga xizmat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan boʻlsa, endi bu koʻrsatkich 65 mingga yetgan. Viloyat hokimligi maʼlumotlariga koʻra, majmua ochilgan birinchi oydayoq 1 milliondan ortiq ziyoratchi kelgan.

Majmua huzurida turizm markazi mavjud. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis nuqtalari barpo etilgan. Jumladan, 1 ta toʻrt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 176 oʻrinli 22 ta oilaviy mehmon uyi hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur obyektlar toʻliq kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanib, obodonlashtirish ishlari bajarilgan. Majmua hududida 130 mingdan ziyod gul, buta va daraxt koʻchati ekilgan. Qadamjodagi barcha koʻkalamzorlar zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish tizimi orqali parvarishlanadi.

Qutlugʻ maskan yaqinida yangi turizm obyekti — “Kampung Indonesia” (Indoneziya mahallasi) oʻz faoliyatini boshlaganidan xabardor boʻlgan, boshqa islomiy davlatlar ham bunday mahallalar barpo etishi mumkinligini koʻz oldiga ­keltirgan odamda faxrlanishdan boshqa yana qanday tuygʻular kechishi mumkin?

“Sahih al-Buxoriy” Qurʼoni Karimdan keyingi eng ishonchli va moʻtabar manba hisoblangani kabi favqulodda sanʼat asari va meʼmorlikning bebaho namunasi boʻlgan bu majmuaga islom olamining buyuk ziyoratgohi maqomi berilishini umid qilamiz.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu betakror majmua yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Darhaqiqat, ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratadigan qutlugʻ maskanga aylanib bormoqda.

2022-yil avgust oyida boʻlib oʻtgan bir voqea hamon yodimdan chiqmaydi. Oʻshanda Samarqandda “Boqiy shahar” majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlgan, unda Prezidentimiz nutqida mamlakat istiqboli haqida maroq bilan soʻzlagan edi.

Oradan koʻp oʻtmadi. Tarixiy va zamonaviy sharqona arxitektura uslubida qurilgan va 212 gektarni qamrab olgan bu ulkan majmua har yili 2 million sayyohga xizmat qiladigan, bundan ham muhimi, xalqaro forumlar oʻtkaziladigan maskanga aylandi.

Majmua tarkibiga kiradigan Kong­ress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona qurilganida ana shu ulugʻ niyatlar nazarda tutilganmikan deb oʻylab qolaman. Goʻyo butun dunyo xuddi oʻrta asrlarda boʻlgani kabi ilmu maʼrifat istab Samarqandga shoshilayotganday... BMT tasarrufidagi va boshqa xalqaro tashkilotlar tadbirlari, YUNESKO 43-sessiyasi yigʻilishi, SHHT sammiti kabi har yili 20 dan ortiq xalqaro forum oʻtkazilayotgani, chet davlatlar rahbarlari tantanali ravishda kutib olinayotgani Samarqandda Uchinchi Renessans boshlanganining isbotimikan deb hayratlanaman.

Bu tadbirga tashrif buyurgan davlat va jamoat arboblari ham, mutasaddi rasmiy kishilaru olimlar ham shu sabab Samarqand tarixiy obidalarini, jumladan, Imom al-Buxoriy majmuasini tomosha qiladi. Tabiiyki, oʻz mamlakatlariga qaytganidan keyin afsonaviy Samarqandning targʻibotchiyu tashviqotchilariga aylanadi. Bu holatni koʻz oldimga keltirar ekanman, beixtiyor qalbim gʻururga toʻladi. Yurt yetakchisining “Qilsa boʻlar ekan-ku!” degan gaplarini ichimda takrorlayman, hayajonlanaman.

Muhim ahamiyatga molik yana bir maʼlumot yodimga keldi. Oʻtgan yili davlatimiz rahbari qaroriga koʻra kalom ilmi asoschilaridan biri, taʼlimotida din, shariat va ahkomlarning bosh maqsadi inson manfaatlariga xizmat qilish, unga yengillik yaratish va uni ikki dunyo saodatiga boshlash ekani taʼkidlangan Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlangan. Ushbu qaror asosida buyuk alloma mangu qoʻnim topgan maskanda 10,2 gektar hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etishga kirishilgan edi.

Prezidentimiz joriy yilning mart oyida Samarqandda boʻlganida Imom Moturidiy majmuasiga ham tashrif buyurdi va qilinayotgan ishlarni sinchiklab oʻrganib, qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Davlatimiz rahbarining har bir masalaga bu qadar batafsil, sinchkovlik va qunt bilan yondashuvida ulugʻ bir hikmat koʻraman. Balki bu fazilatlar buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlgan insonparvarlik gʻoyasining Prezidentimiz tomirlarida joʻsh urayotgani natijasidir deb xayol qilaman. Alloh peshonasini ­siylayman ­degan xalqiga uning munosib farzandini rahnamo qilib yuboradi!

Bu gigant ilmiy-maʼrifiy inshootlarning qurilishi yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi zalvorli qadamlardir, asrlarga tatigulik islohotlardir. Ular Alloh tomonidan bir insonga yuqtirilgan buyuk tafakkurning meʼmoriy hosilasidir. Ana shuning uchun ham Prezidentimiz gʻoyalari navbatma-navbat amalga oshmoqda. Xalqimiz maʼnaviy barkamolligi uchun beminnat xizmat qilmoqda.

Uchrashuvlarning birida davlatimiz rahbari kelajagimizni yaratishga hozirlanayotgan yoshlarga yelkasini tutib berishga tayyor ekanini aytganini eslayman. Qoʻlida or-nomusimiz ramzi — mamlakatimiz bayrogʻini mahkam ushlagan, qalbida yurt tinchligi, vatan obodligi, xalq farovonligi yoʻlida chinakam fidoyiligini ibrat qilib koʻrsatayotgan yalovbardor rahbarimizni nega qoʻllab-quvvatlamaylik, nega kamarbasta boʻlmaylik?! Nega Prezidentimiz uchun biz ham yelkamizni tutib bermaylik?! Bu borada har birimizning — nuroniylarning ham, oʻrta boʻgʻin va yosh avlodning ham oʻz burchlari va vazifalari bor. Zero, ularni aniq va vaqtida bajarish Vatanimizga va Prezidentimizga sadoqatimizning yorqin dalili boʻladi.

Suyun KARIMOV,

Sharof Rashidov nomidagi

Samarqand davlat universiteti professori,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi