Prezidentimizning mustaqilligimizning oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda soʻzlagan nutqini tinglaganimizga ham 30 kunga yaqin vaqt boʻlib qolibdi. Ammo oʻsha kun — 28 avgustdan buyon qalbimizni bir daʼvatona fikr nurga, quvonchu faxrga, shukronalik tuygʻusiga toʻldirib turibdi.
“Bir necha yuz yillik orzular roʻyobga chiqayotgan bu betakror makonda butun
xalqimiz bilan hali yana koʻplab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh boʻlamiz”. Mamlakatimiz yetakchisining bu gapi zamiridagi hayotiy
ohangdan olam-olam maʼno, qutlugʻ bir mujdalar tuydik.
Bunda, avvalo, yuz
yillik orzular roʻyobga chiqayotgani haqida aytmoq joiz. Agar fikrni bir joyga jamlab
tahlil qilsak, keyingi 10 yilda davlatimiz rahbarining tinimsiz mehnati, qatʼiy
siyosiy irodasi va eng muhimi, xalqimizga buyuk mehri bilan 100 dan ziyod sohada
tub islohotlar amalga oshirilganini fahmlaymiz.
Hozir ularning har
birini alohida sanasak, turkum-turkum doston boʻladi. Birgina maʼnaviyat
sohasining oʻzida katta oʻzgarishlar guvohi boʻlyapmiz. Bu jajji bolalarimizni
maktabgacha taʼlimga qamrab olishdan tortib, aziz farzandlarimizni
kitobxonlikka jalb etish, yozuvchi-shoirlarimiz,
ziyolilarimizga eʼtibordan mahallalardagi maʼnaviy muhitni qoʻr oldirishgacha
boʻlgan qutlugʻ jarayonlarda koʻzga tashlanadi.
Davlatni qudratli
qilish gʻoya bilan amalga oshadigan jarayon. Bu gʻoya atrofida butun bir xalq
boʻlib birlashish esa maʼnaviy tafakkur bilan roʻyobga chiqadi.
Biz hozirgina
Prezidentimizning mustaqillik bayramidagi nutqiga bejiz toʻxtalmadik. Boisi,
mazkur konseptual nutq kelgusi oʻn yillikdagi milliy yuksalish yoʻlimizni
belgilab bergan muhim siyosiy, ijtimoiy-maʼnaviy hujjat sifatida qalbimizga
muhrlandi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida milliy qadriyatlarimizning qayta
tiklanayotganini, oʻzligimizni tobora anglab yetayotganimizni mustaqillik
bergan ulugʻ neʼmat sifatida baholadi. Yana taʼkidladiki, “Jonajon Vatanimiz
azaldan ulugʻ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti boʻlib kelgan.
Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi,
Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi betakror
ilmiy-maʼrifiy dargohlarni barpo etdik. Bu muhtasham va tabarruk maskanlar
bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli
eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom
ettiramiz”.
Mana shu nuqtada “butun
xalqimiz bilan hali yana koʻplab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh
boʻlamiz” degan qutlugʻ bir ishonch hissi vujudingizni qamrab oladi. “Biz
bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz” degan maqsad esa bizni
maʼnaviy yuksalishlar haqida fikrlashga undaydi.
Ushbu gaplarni
televideniye orqali eshitganimda mamlakatimiz rahbarida milliy va diniy qadriyatlarimizga, ajdodlarimizga ehtirom gʻoyasi
kecha paydo boʻlgan emas degan fikrlar xayolimdan oʻtdi. Chunki mamlakatimiz
yetakchisi 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida
olamshumul nutq soʻzlab, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl
insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblashi haqida
soʻzlagan va bu borada Oʻzbekistonda qilinayotgan ishlar toʻgʻrisida xabar
bergan, Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish
toʻgʻrisida qarorini ham oʻsha yerda maʼlum qilgan edi. Shundan soʻng Imom
alBuxoriy mangu qoʻnim topgan manzilda birin-ketin binolar qad koʻtara
boshladi. Avval ana shu tilga olingan markaz, ortidan Hadis ilmi maktabi
tashkil etildi. Mana, endi qarshimizda ulkan meʼmoriy obida — Imom al-Buxoriy
majmuasi qad koʻtarib turibdi.
2020-yil hamon yodimizda. Oʻsha yili qish oylaridan birida biz,
nuroniylarga Prezidentimizning Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish borasidagi
topshirigʻi va bu ishni puxta amalga oshirish rejasi haqida aytilib,
oqsoqollardan duo olingandi. Mana shu gapning boʻlganiga 6 yil oʻtibdi. Bizga
majmua qurilishi bir qadar choʻzilganday tuyulgandi. Buning sababini keyin
anglab yetdik. Davlatimiz rahbari har gal Samarqandga tashrif buyurib, majmua
qurilishidan xabar olganida, bergan har bir topshirigʻi boʻyicha natija soʻrar
va “Xalqimizda yetti oʻlchab, bir kes” degan maqol bor, biz bu yerda
qilayotgan ishlarimizda yetmish oʻlchab bir kesishimiz kerak” degan gapni
aytar ekan.
Majmua qurilishi
tugallanib, foydalanishga topshirilganiga 6 oyatrofida vaqt oʻtdi. Shu orada
borib, muborak bu maskanni ziyorat qilganimizda, uni koʻzdan kechirish ancha
yuzaki boʻlganini endi angladim. Yaqinda mehmonlar bahonasida Imom al-Buxoriy
majmuasiga yana bordik. Bu galgi safarimiz butunlay boshqacha boʻldi — uni
erinmasdan tomosha qildik.
Biz bu manzilning
mustaqillikdan oldingi va keyingi holati haqida tasavvurga ega edik. Avvallari
bu yerda ulugʻ muhaddis qabri joylashgan kichikkina maqbara va uning yonida
qurilgan masjid hamda ekilgan bir necha chinorni bilardik, xolos. 1997-yilda hukumatimiz
allomaning 1225-yilligini nishonlash boʻyicha qaror qabul qilgan va shu qaror
asosida 10 gektar yerda yangidan maqbara va 1500 kishi sigʻimiga ega masjid
qurilgan.
Endi qarshimizda
turgan majmua avvalgisidan mutlaqo farq qiladigan, chinakam maʼnodagi betakror
meʼmoriy obidaga aylangan edi. Bildikki, majmua maydoni 45 gektarga
kengaytirilibdi, 10
ming kishiga moʻljallangan yangi masjid qurilibdi. Maqbara kengaytirilibdi,
balandligi 23 metrga yetkazilibdi. Qadamjoda 14 moviy gumbaz va har biri 75
metrli 4 ta minora qad koʻtaribdi. Eng ilgʻor va zamonaviy axborot
texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey tashkil
etilibdi. Unga oʻtgan paygʻambarlar, jumladan, Muhammad alayhissalomning
shajarasi va hayotiga, Imom al-Buxoriyning ilmiy merosiga, hadislar jamlanishi
va yozilishi tarixiga oid bebaho maʼlumotlar joylashtirilibdi. Xullas,
qarshimizda nafaqat Samarqandda, balki mamlakatimizda ham yagona boʻlgan sanʼat
moʻjizasi turardi!
Majmua qurilishi
bilan qiziqib, direktor Sahobiddin Arziqulov bilan suhbatlashdik. Uning
guvohlik berishicha, majmua bosh meʼmori Prezidentimizning oʻzi boʻlgan. Bu
yerda bajarilgan har bir ish — kattasidan kichigigacha uning bevosita
maslahatlari bilan qilingan. Har tashrif buyurganida avval berilgan
topshiriqlar natijasini soʻragan, ortidan esa navbatda bajariladigan
vazifalarni tayinlagan.
Angladikki, qurilish materiallarining aksariyati, turli rangdagi
qimmatbaho toshlar chet eldan — Italiya, Turkiya, Portugaliya, Gretsiyadan,
ustunlar Hindistondan keltirilgan. Hirot oq marmarini esa 16 ta yuk mashinasida
afgʻonistonlik birodarlarimiz yuborganini internet manbalaridan oʻzim
oʻqiganman. Hunarmand ustalarning ham bir qismi tashqaridan — Turkiya, Markaziy
Osiyo mamlakatlaridan taklif qilingan. Ammo asosiy masʼuliyat samarqandlik
mahalliy ustalar zimmasida boʻlgan.
Maqbaraga boʻyoq
mutlaqo ishlatilmagan. Peshtoqlardagi arabcha yozuvlar ham quyma holida
mahkamlangan. Yogʻoch rangda koʻrinadigan ustunlar aslida toshdan yasalgan.
Hamma ishlar qoʻlda bajarilgan. Hamisha moviy rangda jilolanib turadigan
hovuzlar mikroiqlimni barqarorlashtirib turadi. 600-yillik chinorlar esa
saqlanib qolgan.
Majmua ilgari 12
ming kishiga xizmat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan boʻlsa, endi bu koʻrsatkich
65 mingga yetgan. Viloyat hokimligi maʼlumotlariga koʻra, majmua ochilgan
birinchi oydayoq 1 milliondan ortiq ziyoratchi kelgan.
Majmua huzurida
turizm markazi mavjud. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma
yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis nuqtalari barpo
etilgan. Jumladan, 1 ta toʻrt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 176
oʻrinli 22 ta oilaviy mehmon uyi hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur obyektlar
toʻliq kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanib, obodonlashtirish ishlari
bajarilgan. Majmua hududida 130 mingdan ziyod gul, buta va daraxt koʻchati
ekilgan. Qadamjodagi barcha koʻkalamzorlar zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish
tizimi orqali parvarishlanadi.
Qutlugʻ maskan
yaqinida yangi turizm obyekti — “Kampung Indonesia” (Indoneziya mahallasi) oʻz
faoliyatini boshlaganidan xabardor boʻlgan, boshqa islomiy davlatlar ham bunday
mahallalar barpo etishi mumkinligini koʻz oldiga keltirgan odamda
faxrlanishdan boshqa yana qanday tuygʻular kechishi mumkin?
“Sahih al-Buxoriy”
Qurʼoni Karimdan keyingi eng ishonchli va moʻtabar manba hisoblangani kabi
favqulodda sanʼat asari va meʼmorlikning bebaho namunasi boʻlgan bu majmuaga
islom olamining buyuk ziyoratgohi maqomi berilishini umid qilamiz.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu betakror
majmua yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Darhaqiqat,
ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va
maʼrifat nurini taratadigan qutlugʻ maskanga aylanib bormoqda.
2022-yil avgust
oyida boʻlib oʻtgan bir voqea hamon yodimdan chiqmaydi. Oʻshanda Samarqandda
“Boqiy shahar” majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlgan, unda
Prezidentimiz nutqida mamlakat istiqboli haqida maroq bilan soʻzlagan edi.
Oradan koʻp
oʻtmadi. Tarixiy va zamonaviy sharqona arxitektura uslubida qurilgan va 212
gektarni qamrab olgan bu ulkan majmua har yili 2 million sayyohga xizmat
qiladigan, bundan ham muhimi, xalqaro forumlar oʻtkaziladigan maskanga aylandi.
Majmua tarkibiga
kiradigan Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona qurilganida ana shu ulugʻ
niyatlar nazarda tutilganmikan deb oʻylab qolaman. Goʻyo butun dunyo xuddi
oʻrta asrlarda boʻlgani kabi ilmu maʼrifat istab Samarqandga
shoshilayotganday... BMT tasarrufidagi va boshqa xalqaro tashkilotlar
tadbirlari, YUNESKO 43-sessiyasi yigʻilishi, SHHT sammiti kabi har yili 20 dan
ortiq xalqaro forum oʻtkazilayotgani, chet davlatlar rahbarlari tantanali
ravishda kutib olinayotgani Samarqandda Uchinchi Renessans boshlanganining
isbotimikan deb hayratlanaman.
Bu tadbirga
tashrif buyurgan davlat va jamoat arboblari ham, mutasaddi rasmiy kishilaru
olimlar ham shu sabab Samarqand tarixiy obidalarini, jumladan, Imom al-Buxoriy
majmuasini tomosha qiladi. Tabiiyki, oʻz mamlakatlariga qaytganidan keyin
afsonaviy Samarqandning targʻibotchiyu tashviqotchilariga aylanadi. Bu holatni
koʻz oldimga keltirar ekanman, beixtiyor qalbim gʻururga toʻladi. Yurt
yetakchisining “Qilsa boʻlar ekan-ku!” degan gaplarini ichimda takrorlayman,
hayajonlanaman.
Muhim ahamiyatga molik yana bir maʼlumot yodimga keldi. Oʻtgan yili
davlatimiz rahbari qaroriga koʻra kalom ilmi asoschilaridan biri, taʼlimotida
din, shariat va ahkomlarning bosh maqsadi inson manfaatlariga xizmat qilish,
unga yengillik yaratish va uni ikki dunyo saodatiga boshlash ekani taʼkidlangan
Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlangan. Ushbu qaror
asosida buyuk alloma mangu qoʻnim topgan maskanda 10,2 gektar hududda Imom
Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, ilmiy markaz, kutubxona,
muzey va avtoturargoh bunyod etishga kirishilgan edi.
Prezidentimiz
joriy yilning mart oyida Samarqandda boʻlganida Imom Moturidiy majmuasiga ham
tashrif buyurdi va qilinayotgan ishlarni sinchiklab oʻrganib, qoʻshimcha
topshiriqlar berdi.
Davlatimiz
rahbarining har bir masalaga bu qadar batafsil, sinchkovlik va qunt bilan
yondashuvida ulugʻ bir hikmat koʻraman. Balki bu fazilatlar buyuk
ajdodlarimizdan meros boʻlgan insonparvarlik gʻoyasining Prezidentimiz
tomirlarida joʻsh urayotgani natijasidir deb xayol qilaman. Alloh peshonasini
siylayman degan xalqiga uning munosib farzandini rahnamo qilib yuboradi!
Bu gigant ilmiy-maʼrifiy inshootlarning qurilishi yangi Oʻzbekistonni
barpo etish yoʻlidagi zalvorli qadamlardir, asrlarga tatigulik islohotlardir.
Ular Alloh tomonidan bir insonga yuqtirilgan buyuk tafakkurning meʼmoriy
hosilasidir. Ana shuning uchun ham Prezidentimiz gʻoyalari navbatma-navbat
amalga oshmoqda. Xalqimiz maʼnaviy barkamolligi uchun beminnat xizmat qilmoqda.
Uchrashuvlarning
birida davlatimiz rahbari kelajagimizni yaratishga hozirlanayotgan yoshlarga
yelkasini tutib berishga tayyor ekanini aytganini eslayman. Qoʻlida
or-nomusimiz ramzi — mamlakatimiz bayrogʻini mahkam ushlagan, qalbida yurt
tinchligi, vatan obodligi, xalq farovonligi yoʻlida chinakam fidoyiligini ibrat
qilib koʻrsatayotgan yalovbardor rahbarimizni
nega qoʻllab-quvvatlamaylik, nega kamarbasta boʻlmaylik?! Nega
Prezidentimiz uchun biz ham yelkamizni tutib bermaylik?! Bu borada har
birimizning — nuroniylarning ham, oʻrta boʻgʻin va yosh avlodning ham oʻz
burchlari va vazifalari bor. Zero, ularni aniq va vaqtida bajarish Vatanimizga
va Prezidentimizga sadoqatimizning yorqin dalili boʻladi.
Suyun KARIMOV,
Sharof Rashidov
nomidagi
Samarqand davlat
universiteti professori,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi