Alam va chorasizlik kabi tuyg'ular millionlab yuraklarni qurshab oldi.

His-hayajonlar jo'shib, kimdir aybdorlarni qidirdi, boshqalar yupanch ostonasidan joy egalladi.

Qalblardan otilgan hayqiriqlar hali-hamon ummonlarni toshirmoqda.

Nega shunday bo'ldi? Nega biz bu chempionatda muvaffaqiyat bilan qaytmadik? Biz g'alabaga loyiq emasmidik?

Mungli va allaqanday iztirobli nigohlar so'nggi kunlarda barchamizni qamrab oldi.

Ayrimlar Jahon chempionatiga chiqishimizning o'zi buyuk tarix, futbolchilarimiz borini berib o'ynadi, desa, boshqalar murabbiy mahoratining yo'qligi hamda ba'zi futbolchilarning saviyasini ro'kach qilib xeytlashtirishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda terma jamoa murabbiyi va futbolchilarga qarshi turli salbiy fikrlar va hatto haqoratlarni kuzatdik.

Shularni ko'rganda, o'ylanib qolasan kishi: “Kechagina biz terma jamoamizni Jahon chempionatiga chiqqanida ko'kka ko'tarib, g'urur va iftixorga burkagan edik. Nega bugun mag'lubiyatga uchraganda qirg'oqning narigi tomoniga o'tib, ularga ayovsiz xeytlar yog'dirayapmiz...”.

“Biz kimmiz o'zi? Qanday xalqmiz? Qanday millatmiz?”.

Kecha Yaponiya terma jamoasi Braziliyaga qarshi tengma-teng kurashib, 1:1 hisobida yakun topayotgan o'yinning oxirgi soniyalarida gol o'tkazib yuborib, chempionatdagi yurishini to'xtatdi.

Murabbiydan tortib, futbolchilar va butun yapon xalqi yig'ladi... O'ta alamli mag'lubiyatdan so'ng murabbiy va futbolchilar stadiondagi ishqibozlar va butun xalqidan uzr so'radi.

Qoyil qolish kerak, yaponlar ko'z yoshlarini tiya olmasa-da, terma jamoasini yomonlaganini kuzatmayapmiz. Kuzatmaymiz ham... Tasanno! Mana millat va xalq yakdilligi, hamjihatligi...

Lekin mag'lubiyatdan keyin o'z jamoalarini haqorat qilib, hurmatsizlik ummoniga g'arq qilganlar ham bo'ldi.

Mana Urugvay terma jamoasi futbolchilari aeroportda chipta qidirib sarson bo'lishdi. Nimaga? Chunki mamlakat hukumati o'z  terma jamoasi mag'lubiyatga uchrab, guruh bosqichidan chiqa olmaganidan keyin, ularga atalgan charter samolyotni AQShga yuborishdan bosh tortdi.

Buni qanday tushunish kerak?

Janubiy Koreya ham guruhdan chiqolmagach, mamlakat rahbariyati o'z futbol federatsiyasi va terma jamoasida tekshiruvlar boshlab yubordi.

Buyam yondashuvmi?

Xalqimizda “G'alabaning ming bitta otasi bor, mag'lubiyat esa hamisha etim” degan naql bor.

Tan olish kerak, biz birinchi bor ishtirok etgan Jahon chempionati hammamiz uchun sinovli bo'ldi.

Bunday paytda qanday yo'l tutishimiz kerak, degan savol barchamizni qiynashi turgan gap.

Frantsiyalik yirik olim Gyustav Lebon “biror bir millatning millat sifatida shakllanishi uchun mingyillar kerak”, degan ekan.

Biz – uch ming yillik tarixi sohibi bo'lgan millatmiz, qudratli xalqmiz!

Millatimiz, xalqimizga esa asrlar davomida bag'rikenglik, vatansevarlik, insonparvarlik kabi olijanob xislatlar xos, albatta.

Alohida ta'kid qilish kerak, mana shunday onlarda Davlatimiz Etakchisining  jahon chempionatida terma jamoamiz ishtirokiga munosabati juda ko'pchilikning, xususan, mening ham yuragimga mo''jizali malham bo'ldi. Bu xolis fikr.

Buni aytmaslik ham noto'g'ri.

Yurtda, millatda, xalqning ana shunday mushkul onlarida juda topib aytilgan so'zlar, menimcha, hammamizning hovurimizni bosib, holatga kengroq va chuqurroq qarashga undadi:

“Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a'zolariga ortiqcha his-tuyg'u bilan e'tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo'llab-quvvatlash, ruhini ko'tarish har qachongidan ham muhim” dedi Prezidentimiz.

Aynan, xalqimizga xos ish emas.

Bugun AQShdan qaytgan terma jamoamiz a'zolari aeroportda tantanali ravishda kutib olinishi millatimizning, xalqimizning, har birimizning kim ekanligimizni yana bir bor namoyon etdi, desak buyam ayni haqiqat.

Tan olaylik, matonatli o'g'lonlarimiz maydonda borini berib kurashdi. Ularning oyoqlari ham, qalblari ham momataloq bo'lganini o'zimiz ko'rdik.

Hayotdagi haqiqiy g'olib hech qachon yiqilmaydigan emas, balki har safar yiqilganida yana o'rnidan turib, o'z ustida ishlay oladigan, maqsadi sari kurashishda davom etadigan insondir.

Muvaffaqiyat ortga chekinmaslikda emas, balki qiyinchiliklardan saboq chiqarib, yanada kuchliroq bo'lib qaytishdadir.

Darhaqiqat, biz bu sinovlardan boshimizni g'urur bilan ko'targan holda o'tamiz. Kamchiliklarimizni to'g'rilaymiz.

Biz kuchli bo'lib qaytamiz.

Biz, albatta, ulkan g'alabalarga erishamiz – Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

 

Salim Doniyorov,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist