Jo‘natmani qabul qilib olgan Chernogoriya fuqarosi esa Toshkentda qo‘lga olindi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda 25 yoshli Chernogoriya fuqarosi Yakkasaroy tumanidagi pochta bo‘limida Germaniyadan kelgan jo‘natmani qabul qilib olgan vaqtida to‘xtatilgan.
Jo‘natma xolislar ishtirokida belgilangan tartibda tekshirilganda, sport anjomlari ichiga yashirilgan 3 kg «Klefedron» va 1 kg «gashish» giyohvandlik vositalari aniqlangan. Ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davomida fuqaroning Yakkasaroy tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan.
U yerdan esa 30 gramm «Alfa-PVP»dan iborat 11 dona tayyor zakladka, shuningdek, zip-paketlar, elektron tarozi va boshqa buyumlar topilgan.
Holat yuzasidan xorijiy fuqaroqa nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.