Yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berildi. Bu tadbir yurtimizning barcha hududlarini qamrab olib, maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirishga, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uygʻotishga xizmat qiladi, albatta.
Prezidentimizning
“Men ushbu dasturni shunchaki kitob oʻqish musobaqasi emas, balki jonajon
Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning
qoʻliga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagini
barpo etishga albatta qodir boʻladi. Shuning uchun barchangizni ushbu umumxalq harakatida
faol ishtirok etishga chaqiraman”, degan eʼtirofi har bir yurtparvar yurakni
toʻlqinlantirgani rost.
Joriy
yil 3-iyun kuni mazkur umummilliy harakatni Samarqand viloyati boshlab berdi.
Kitobxonlik festivali koʻhna Samarqand shahrida emas, balki qadimiylikda u
bilan tengdosh deb eʼtirof etiladigan Ishtixonda boshlandi.
“Ikki daryo yuvar kokilin...”
Ona
yurt haqida chiroyli tashbehlar axtarib turganimda xayolimga atoqli shoirimiz
Hamid Olimjonning ushbu mashhur misralari keldi:
Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston,
Dostonlarda bitgan guliston —
Oʻzbekiston deya atalur,
Uni sevib el tilga olur.
Chiroylidir goʻyo yosh kelin,
Ikki daryo yuvar kokilin...
Oʻzbekiston zamini koʻplab manbalarda Movarounnahr, yaʼni
ikki daryo — Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida joylashgan tarixiy-geografik
mintaqa sifatida tilga olinadi. Ishtixon esa qadimda Miyonqol nomi bilan
mashhur boʻlib, Zarafshon daryosining Oqdaryo va Qoradaryo tarmoqlari
oraligʻida joylashgan. Men Ishtixon zaminini “Vatan ichra moʻjaz Vatanim!” deya
ardoqlab, mazkur misralarni baralla aytgim keldi:
Quchogʻingni quvonchga
Toʻldirsam shavqim bilan,
Amuga Sir soʻzlasam
Zarafshon zavqim bilan,
Quchogʻingda barq urar
Obod turmush, gul hayot,
Sen yuksalib borursan
Bunyodkor xalqing bilan!..
Ha,
bugun Ishtixon rostakamiga zamonga mos ravishda koʻrkam qiyofa kasb etib
bormoqda! Kitobxonlik festivali ham Ishtixon shahrining naq yuragi boʻlmish
Ustozlar xiyoboniga uzukka koʻzdek yarashib tushgan kitob monumentini ochish
bilan boshlandi. Bir qarashda kitobning tiniq sahifalarini munosib gavdalantira
olgan oppoq tosh ham bu zaminga begona emas. Ulkan kitobning jussasi shu yaqin
oradagi Oqtov tizmalaridagi oq rangli marmar koni karyerlaridagi toshlardan
taroshlangan.
“Kitobdan
minnatdorman”
Mashhur
ijodkorlardan biri “Men oʻzimdagi barcha yaxshi fazilat va xislatlar uchun
kitobdan minnatdorman”, degan edi. Demakki, yurtimizda boshlangan
umummilliy harakatdan koʻzlangan maqsad ham, shubhasiz, juda ulkan va koʻrkam!
Yana
Ustozlar xiyoboniga qaytamiz.
Bundan
50 yillar muqaddam Ishtixon tumaniga rahbarlik qilgan Murod Joʻrayev tashabbusi
bilan bunyod qilingan ushbu istirohat bogʻi, ayniqsa, harorati baland yoz
kunlarida dam oluvchilarni har lahza oʻziga chorlab turadi. Chunki bu manzilda
aholi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xiyobon oʻrtasida moʻjazgina
kutubxona tashkil qilingan boʻlib, soya-salqin oʻrindiqlarda kitob mutolaa
qilib turgan yoshlarni koʻrib yanada zavqing ortadi.
“Yangi
Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat!” shiori ostida mazkur bogʻda oʻtkazilayotgan
kitob festivalini bir soʻz bilan maʼrifat va tafakkur maydoni deb atash mumkin.
Zero, tadbir doirasida tashkil etilgan til boʻyicha savodxonlik tanlovlari,
ijodiy uchrashuvlar hamda “Zakovat” intellektual bellashuvlari bu yerga jam
boʻlganlar koʻnglida kelgusi yorugʻ kunlarga yanada umid uygʻotganiga aslo
shubha yoʻq.
Tadbir
yuzlab oʻquvchi yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni jamlagan
holda juda koʻtarinki ruhda boshlandi. Samarqandning har bir tumani uchun
alohida pavilyonlar bunyod qilinib, javon-javon kitoblar va ular qarshisida
gʻujgʻon yoshlarni koʻrib koʻzing quvnaydi.
Poytaxt
— Toshkenti azimdan tashrif buyurgan mehmonlardan biri, Respublika Maʼnaviyat
va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov ayni damdagi koʻngil kechinmalarini
bunday bayon qildi:
—
Rostini aytsam, hammasidan ham koʻra, peshtoqiga “Kitobxon oila” deb bitilgan
pavilyon menga juda maʼqul boʻldi. Bundagi kitobxon bobo va buvi hamda
nabiralarning maroqli mutolaa bilan mashgʻulligi manzarasi, toʻgʻrisi, meni
hayratga soldi. Agar rassom boʻlganimda, bu manzarani boshqacha mehr bilan,
albatta, qogʻozga muhrlagan boʻlardim. Biz har bir mahallada mana shunday
oilalarni koʻpaytirishimiz kerak. Kitob oʻqigan, bilimga intilgan millat hech
qachon yengilmasligini, qolaversa, “ilmdan boshqa najot yoʻq”ligini hayotiy
misollar asosida hikoya qilib bera oladigan nuroniylarimizga bugun qattiq
suyanmogʻimiz shart, nazarimda. Qolaversa, bugungi axborot xurujlari,
maʼnaviyatimiz va qadriyatlarimizga turli tahdidlar mavjud davrda maʼnaviyat
uch yo toʻrt soat ishlaydigan soha emas, u 24/7 rejimida ishlashi zarur! Bu
esa, shubhasiz, aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bilan
amalga oshadi.
Oʻzbekiston
Milliy kutubxonasi rahbari Umida Teshaboyeva festival jarayonlarini kuzata
turib, oʻz taassurotlarini bunday izohladi:
—
Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start
berilgani ayni muddao boʻldi. Chunki buyuk ajdodlarimiz dunyo ilmi peshvolari
sifatida eʼtirof etib kelinadi. Demak, biz ham ularning davomchilari boʻlib,
maʼrifat orqali oʻzimizning munosib soʻzimizni ayta olmogʻimiz kerak. Yaqinda
Prezidentimiz adabiyot, madaniyat va sanʼat namoyandalari bilan boʻlgan
uchrashuvda sohada kutilayotgan katta yangiliklar haqida gapirib oʻtdi. Mana,
bugun Ishtixonda shu ishlarning uzviy davomi sifatida yirik kitobxonlik festivali
oʻtkazilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda kitobxonlik darajasini
yuksaltirish yoʻlidagi inqilobiy oʻzgarishlardir. Ayniqsa, kitobga oʻrnatilgan
mahobatli monumentni koʻrib hayratga tushdim. U ulkanligi bilan mamlakatda
yagona, desam adashmagan boʻlaman.
Ishtixonda ziyo
sayli
Samarqandda
oʻz jurnalistika maktabini yaratgan ustoz Farmon Toshev boshchiligidagi
mehmonlaru tadbir tashkilotchilari hamrohligida jarayonlarni kuzatishda davom
etamiz. “Zarafshon” gazetasining qalami oʻtkir jurnalisti Gulruh Moʻminova
taʼbiri bilan aytganda, mazkur ziyo saylida yoshlar oʻrtasidagi intellektual
bellashuvlar, bolalar iqtidorini namoyon etgan tanlov hamda kitob taqdimotlari,
yosh rassomlarning ochiq xiyobonda asarlar qahramonlarini tasvirlashi, ijodiy
jamoalar chiqishlari namoyish etilmoqda.
— Har bir shahar, tuman uchun ajratilgan pavilyonlarda kitob bilan bogʻliq sahnalar, koʻrgazmalarni yangicha bir shaklda koʻrsatib berishga harakat qilindi. Ushbu yirik bayram tashkilotchilarini nomma-nom sanashning iloji ham yoʻq, chunki ziyoliman deganning barchasi bu ishga safarbar qilingan, — deydi Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Roʻziyev.
Kitob tarqatgan muallim
Bugungi
kunda mamlakatimizda bor-yoʻgʻi oltita xususiy kutubxona mavjud. Ularning
bittasi Ishtixon tumanida joylashgan.
— 2000-yillarda kutubxonalar faoliyati anchagina
murakkab holga tushgan, kitoblar kam, borlarining aksariyati xarob ahvolga
kelib qolgandi, — deydi “Nodirabonu kutubxonasi” oilaviy korxonasi rahbari
Nodira Esonboyeva. — Oʻzim oʻqituvchiman, lekin yoshligimdan kitob yiqqanman,
ularni asrab-avaylab kelganman. Oʻsha yillari qarasam, uyimda 5 mingga yaqin
sara kitob yigʻilib qolgan ekan. Xayolimga ishdan boʻsh vaqtlarimda odamlarga
kitob tarqatsam-chi degan bir gʻoya keldi. Qoʻlimga ikkita sumka olib, har
birida 20 tadan 40 kitob solib, avval Ishtixon tumanimizdagi turli tashkilot,
korxonalarga kirib, kitob tarqatdim. Muayyan muddatdan keyin kitoblarni olib
ketdim, tabiiyki, ozroq mablagʻ evaziga. Buni qarangki, odamlarning kitob
oʻqishga qiziqishi kuchli ekan. “Yana keling”, deb qolishdi. Shu tariqa men
qatnaydigan korxonalar soni koʻpaydi, geografiyasi ham kengaya boshladi.
Toʻgʻrisi, bundan katta daromad qilib boʻlmaydi, lekin shu kitoblar boʻsh
yotmagani, odamlar uni oʻqiyotgani menga koʻproq zavq berardi. Keyinchalik
ishimni kengaytirmoqchi boʻlib, viloyat hokimiga imtiyoz soʻrab murojaat
qildim. Axir men tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtolmayman, faoliyatim
daromadga moʻljallanmagan. Shundan keyin menga bu borada yoʻl-yoʻriqlar
koʻrsatildi, “Labo” rusumli avtomobilni imtiyozli xarid qildim va
kutubxonachilikni oilaviy tadbirkor sifatida davom ettirib kelmoqdaman.
Festivalning
xorijlik ishtirokchilari
— Biz ushbu tumanda shu yil ish boshladik va bunday
kitobxonlik tadbiri oʻtkazilayotganidan juda xursandmiz, — deydi festival
ishtirokchisi, Samarqand xalqaro kolleji rahbari, xitoylik Shu Shu. — Chunki
bizning mamlakatimizda ham kitobxonlik juda rivojlangan. Har oyning 24-sanasi
kitobxonlik kuni sifatida belgilangan va bu kunda doim kitobsevarlar
yigʻilishib, oʻzlari oʻqilgan asarlari, ularning qahramonlari haqida suhbat
qurishadi. Qolaversa, bizda kitob oʻqigan, bilimli insonga munosabat boshqacha,
yaʼni odamlarning tashqi koʻrinishiga qarab emas, balki asosan bilimiga baho
berishadi va shunga qarab munosabat oʻzgaradi. Shuning uchun koʻpchilikda kitob
oʻqishga, oʻzini rivojlantirishga intilish kuchli.
Oʻzim
haqimda toʻxtaladigan boʻlsam, kitob hayotimning keskin oʻzgarishiga yordam
bergan. Chekka qishloqda tugʻilib oʻsgan oddiygina qizaloq aynan kitoblar
orqali bugun katta kompaniyalarga ega boʻldim. Oʻz tadbirkorlik sohamni
yuritish barobarida qiziqishlarim boʻyicha ham ishlamoqdaman.
“Tugʻromda Humo qushi”
Bir soʻz bilan aytganda, kun davomida qaynoq
mushoiralar, asarlarga oid sahna koʻrinishlari, yosh baxshilardan yangi
aytimlar, sozandayu xonandalarning mumtoz ijrolari, qolaversa, zukko kitobxon
yoshlar bellashuvlari hamda ommaviy diktant tanlovlarida gʻoliblikni qoʻlga
kiritganlarning munosib taqdirlanish jarayonlarini hayajon bilan kuzatdik.
Anjuman yakuni esa quvnoq kuy-qoʻshiqlaru raqslarga ulanib ketdi.
Shu
yurtning bir ijodkori sifatida men ham faxru iftixorga toʻlib-toshdim.
“Kitobga, adabiyotga oshno boʻlgan dillarda faqat yaxshilik yashaydi”, degan
soʻzni koʻp bor eshitganmiz. Ilohim, hayot yoʻllarimiz maʼrifat nurlari ila
yanada charogʻon boʻlib boraversin!
Men
soʻzimni yangi sheʼrim bilan yakunlamoqchiman. Zero, xulosa oʻrnida aytishim
kerak boʻlgan barcha ulugʻvor maqsad va soʻzlarim sheʼrda oʻz ifodasini topgan
boʻlsa, ne ajab!
Yangi Oʻzbekistonda
Dunyolarning oldida
Tili qisiq joyim yoʻq,
Shu tuprogʻim boʻlmasa,
Quyoshim yoʻq, oyim yoʻq,
Tinchlik desa, “xoʻp” dedim
Aksi uchun doim “yoʻq”,
Bor boʻlsa ham zakovat
Jangi Oʻzbekistonda,
Qaror topgay adolat
Yangi Oʻzbekistonda!
Men soʻz aytsam oʻtmishim,
Bugunim yo ertamdan,
Bolam qoʻlimdan tutar,
Ajdodlarim yelkamdan,
Bu zanjir uzilmagay
Bobomeros oʻlkamdan,
Temuriylar tulporin
Changi Oʻzbekistonda,
Kamol topar shunqorim
Yangi Oʻzbekistonda!
Iymon, insof, diyonat —
Soʻzin tanir oʻzbekman,
Avval Haqni va yana
Oʻzin tanir oʻzbekman,
Har manzilda hamisha
Ezgulikdan soʻz debman,
Tugʻromda Humo qushi
Mangu Oʻzbekistonda,
Baxtiyordir har kishi
Yangi Oʻzbekistonda!
Yaxshilik elchisiga
Mudom bagʻri keng bu yurt,
Tarovatu chiroyda
Jannatlarga teng bu yurt,
Yurtparvar yurak uchun
Aʼlosidir eng bu yurt,
Bayrogʻimning mazmundor
Rangi Oʻzbekistonda,
Har manzara maftunkor
Yangi Oʻzbekistonda!
Tuprogʻimga yarashgan
Bahorlarim bor mening,
Duolardan yorishgan
Saharlarim bor mening,
Olamning mehri tushgan
Shaharlarim bor mening —
Buxoroyu Samarqand
Dongʻi Oʻzbekistonda,
Oʻtmish yangilanarkan
Yangi Oʻzbekistonda!
Nurli kunlar nafasi
Kuylanmoqqa munosib,
Ezgu gʻoya zakosi
Siylanmoqqa munosib,
Qalb koʻzimiz ziyosi
Uygʻonmoqqa munosib,
Maʼnaviyat mashʼali
Yondi Oʻzbekistonda,
Yangi hayot boshlanur
Yangi
Oʻzbekistonda!
Orif TOʻXTASH,
Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi