Dastlab tuman hokimligi binosida butunlay yangicha usul va tartibda ish boshlagan “Smart qabulxona” faoliyati bilan tanishdik. Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ushbu qabulxona davlat xizmatlarini raqamlashtirish va aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan.
“Smart qabulxona” — fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularni sun’iy intellekt yordamida avtomatik tahlil etish hamda mas’ul xodimlar bilan soniyalar ichida to‘g‘ridan to‘g‘ri (video va ovozli) aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi interaktiv platformadir. Mas’ullarning ta’kidlashicha, ushbu yangi tizim hokimlik tashkilotlaridagi aholi navbatlarini qisqartirish va murojaatlarni hal etish tezligini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.
“Uning ishlash tartibi qanday?” degan savol ko‘pchilikka qiziq, albatta. “Aqlli” qabulxonaga murojaat bilan kelgan fuqaro bu yerdagi maxsus interaktiv monitor (terminal)ga yaqinlashishi bilan uni shartli “Madina” ismli virtual yordamchi ovozli salomlashish orqali kutib oladi. Fuqaro o‘zining shaxsini tasdiqlash uchun tizimga JSHSHIR va telefon raqamini kiritadi. Shundan so‘ng murojaatchi o‘zini qiynayotgan muammo yoki taklifni aytadi. Qurilma uning gaplarini matnga aylantiradi va sun’iy intellekt yordamida soniyalar ichida tahlil qiladi. Boshqacha aytganda, ariza mazmuni o‘rganilib, uni tegishli soha bo‘yicha (masalan, qurilish, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, ijtimoiy himoya va h.k.) avtomatik ravishda tasniflaydi.
Keyingi bosqichda murojaat mazmuni va yo‘nalishiga qarab, unga mas’ul hokimlik xodimi aniqlanadi. Shundan so‘ng ariza tafsilotlari soha vakili xizmat telegram botiga hamda parallel ravishda (nazorat uchun) hokimlik mas’ullari telegram guruhiga tezkor xabar yoki bildirishnoma shaklida yuboriladi. Bundan xabardor bo‘lgan mas’ul xodim telefoni yoki kompyuteri orqali birgina tugmani bosib, hokimlik kutish zalidagi terminalda turgan fuqaro bilan jonli video yoki ovozli aloqaga chiqadi. Muhimi, masala bartaraf etilgunga qadar nazoratda bo‘ladi.
Mazkur qabulxonaning yana bir afzalligi, har bir murojaat avtomatik tarzda bazaga yoziladi va tuman rahbariyati qaysi sohada muammolar ko‘pligi hamda xodimlarning ish faoliyatini maxsus boshqaruv paneli (Dashboard) orqali kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Ha, bugun raqamlashtirish kirib bormagan soha, tarmoq qolmadi hisob. Hayotimiz unga bog‘lanib, “aqlli” texnologiyalardan keng foydalanish davr talabi bo‘lib bormoqda. Bu yerda ichki ishlar idoralariga murojaat yo‘llash uchun o‘rnatilgan smart-qurilma sohadagi eng so‘nggi yangiliklardan biri bo‘ldi. Ayni shu uskuna orqali Sergeli tumanidan yurtimiz va xorij fuqarolari uch — o‘zbek, rus va ingliz tilida mazkur tuman va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi yoki Ichki ishlar vazirligi navbatchilik -qismlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn murojaat yo‘llashi mumkin.
— Qurilmadan foydalanish juda oddiy va oson, — deydi Sergeli tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi, leytenant Sabina Qahramonova. — Fuqaro dastlab muloqot tilini, keyin esa murojaat yo‘llanadigan ichki ishlar idorasini tanlaydi. Qurilma fuqaro shaxsini aniqlagach, bir oz o‘tib ekranda tanlangan navbatchilik qismi inspektori ko‘rinadi va unga murojaat qilinadi. Xodim masalani bartaraf etish choralarini ko‘radi. Aytaylik, shikoyat Sergeli tumanidagi bironta mahallada sodir bo‘lgan jinoiy ishga doir bo‘lsa, o‘sha hudud ichki ishlari xodimi tezkor xabardor qilinadi. E’tiborli jihati, bu yerda fuqaro ichki ishlar xodimining ishi va muomala madaniyatini baholash imkoniga ham ega bo‘ladi.
Endilikda Sergeli tumanidagi har bir maktab va sinf bo‘yicha o‘quvchilar davomati, ularning darsdagi ishtiroki va odobi, shuningdek, bu yerdagi mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi faoliyati onlayn kuzatiladi, nazorat qilib boriladi. Bu kabi ishlar esa mazkur hududda yaqinda faoliyat boshlagan Vaziyatlar markazi tomonidan bajariladi. Sergeliga tashrif davomida davlatimiz rahbari ushbu markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishib, tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.
Sergeli tumani hokimi maslahatchisi Saidahror Yunusovning aytishicha, yangicha uslubda faoliyat olib borayotgan mazkur markaz hududdagi tashkilotlar faoliyatida ilg‘or tajribalarni qo‘llash, sohalarni rivojlantirish, pirovardida yuqori natijalarga erishish, aholiga qulaylik yaratish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlash va yechim topishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Markaz faoliyatining birinchi yo‘nalishi — “Aqlli tuman” platformasi. U orqali tumanda aholi bilan ishlash yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy holatni raqamli nazorat qilish, ish jarayonida sun’iy intellektdan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. To‘planayotgan ma’lumotlar asosida xavf-xatarlar oldindan aniqlanayotir. Yana bir jihat, davlat idoralari bilan korxonalar o‘rtasida tezkor aloqa o‘rnatildi.
Ikkinchi yo‘nalish hisoblangan “Xavfsiz tuman” tizimi doirasida Ichki ishlar vazirligining “Qalqon” platformasi va “Mening inspektorim” mobil ilovasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Balit” platformasidan keng foydalanishga kirishilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tumanda boshqaruv qarorlarining qabul qilish tezligi 35 foiz oshishiga, yo‘l-transport hodisalari 20 foiz kamayishiga, favqulodda vaziyatlarning bartaraf etilishi 25-30 foiz tezlashishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yo‘l-yo‘lakay yer usti metrosi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan ham tanishgan edi. Hokimlik binosidan chiqib, shu yerga bordik.
Bu yerda 137 ta tadbirkorlik subyekti, avtoturargoh, 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, metro ostiga o‘rnatilgan yuzta o‘rindiq, sayr qilish maydonlari, do‘konlarga kirish uchun ikki tomonlama yo‘laklar va turli chiroqlar aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulayliklar yaratish barobarida ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Mazkur manzilda ko‘nglimiz yayradi: ozodalik, yashillik, gulu gulzorlar. Do‘konlarda salqin ichimliklar, muzqaymoqdan tortib, qahvaning istalgan xiligacha sotilmoqda. Turli badiiy va ilmiy adabiyotlarga boy kitob do‘koni ishlab turibdi. Uning mutolaa uchun ajratilgan qismida yigit-qizlarni uchratib xursand bo‘ldik.
Ayni maskanda yaqinda ish boshlagan tadbirkor Ahror Qodirov bilan suhbatlashdik.
— Shu paytgacha mahsulotlarimizni sotish uchun joy muammo edi, — deydi u. — Prezidentimizning biz, tadbirkorlarga qaratayotgan alohida e’tibori tufayli savdo nuqtasiga ega bo‘ldik. Bundan juda mamnunmiz. Hozir bu yerda erkaklar yozgi oyoq kiyimlarini sotyapmiz. Rejalarimiz katta. Ularni amalga oshirishda davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar qo‘l kelishi shubhasiz.
Kechki salqin bilan Sergelini kezdik. Ko‘chada hayot qaynayapti. Yangi O‘zbekiston nafasi kirib kelgani shundoq seziladi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan o‘zgarish va yangilanishlardan aql shoshadi, yurak hapriqadi.
Ko‘cha-ko‘yda yurgan odamlarning ko‘zida xotirjamlik. Bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikdan, hayotimiz go‘zallashib, farovonlashib borayotganidan, obodlikdan, yaratilgan qulayliklardan, inson qadri ulug‘lanayotganidan, ertangi kunga ishonchdan darak.
O‘ndan ortiq xorijiy davlatda bo‘lib, u yerlardagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishganman. Bugun Sergelida yaratilgan imkoniyatlar ularning hech biridan qolishmaydi. Bu barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi o‘n yilda mazkur tumanda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo etilgan. Joriy yilda hududni rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m ajratilgan. Aholi uchun beshta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘i ishga tushirilgan. Yil oxirigacha 750 million dollar investitsiya jalb etilishi kutilmoqda. Ushbu raqamlar ham ishlar ko‘lami kengligi, bardavomligi, bu yer yanada gullab-yashnashidan so‘zlaydi.
Hududdagi Yangi Sergeli ko‘chasiga yetib borganimizda kun botgandi. Tuman hokimligi vakili Shamshoda Ibragimovaning aytishicha, Yangi Sergeli ko‘chasining 2,1 kilometr qismidagi infratuzilma obyektlari to‘liq yangilangach, hududdagi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari 24/7 rejimida ishlashga o‘tkazilgan. Bu yerda do‘konlar, nuroniylar maskani bunyod etilgani, bolalar o‘yingohi tashkil qilinib, turli zamonaviy attraksionlar o‘rnatilgani, bir so‘z bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlar muhayyo ekanligi barchaga manzur bo‘lmoqda.
— Farzandlarim kun bo‘yi ishda, kechki payt uyda bo‘ladi, — deydi shu ko‘chada yashovchi, 65 yoshni qarshi olayotgan Zamira Xaldarova. — Ular avvallari, charchoqdanmi, ishdan so‘ng shahar markaziga sayrga borishga erinardi. Xonadonimizga yaqinroq hududda tunu kun ishlaydigan joyning o‘zi yo‘q edi. Mana, hududimizda 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan ajoyib maskan tashkil etildi. Yashirmayman, bundan farzandlarim, nevaralarim xursand bo‘lganini ko‘rib, quvonchdan ko‘nglim bo‘shagan damlar ham bo‘ldi. Bizga bu kabi qulayliklarni yaratishda bosh-qosh bo‘layotgan davlatimiz rahbariga sergelilik ota-onalar nomidan minnatdorlik bildiraman.
...Oqshom cho‘kdi. Yangi Sergeli ko‘chasi yanada gavjumlashib bormoqda. Bu yerdagi favvoralar, rangli chiroqlar ko‘zni quvnatadi. Dilga xush yoquvchi musiqa ohangidan kayfiyatu ruhiyatingiz ko‘tariladi. O‘g‘il-qizlarning o‘yin-kulgusini kuzatar ekanman, bolaligim esga tushadi. U paytlari bunday shart-sharoit va imkoniyatlarni hatto orzu ham qilib bo‘lmasdi. Bugun ular haqiqatga aylanganini ko‘ryapmiz.
Ha, keyingi yillarda mamlakatimiz, jumladan, Sergelida ilgari tasavvur ham etib bo‘lmaydigan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning samarasi aholi turmush tarzi va kayfiyatida namoyon bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Xolmurod SALIMOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri