Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bir necha oy avval mazkur bogʻchaga tashrif buyurib, mavjud sharoitni oʻrgangan va uni zamonaviy talablar asosida yangilash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Bu galgi Buxoroga tashrifi davomida u bogʻchada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Topshiriqlar doirasida homiylik mablagʻlari hisobidan 10,5 milliard soʻm yoʻnaltirilib, qariyb 50-yillik bino tubdan rekonstruksiya qilindi.
Yangi sharoitlar natijasida hududdagi 3–6 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkazildi.
Qurilish ishlari davomida taʼlim-tarbiya jarayoni toʻxtatilmadi. Bolalar vaqtincha 17-maktabga koʻchirilib, mashgʻulotlar uzluksiz davom ettirildi.
Bugun muassasada bolalar uchun milliy standartlarga javob beradigan zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan.