Bu jarayonda EXHT, “Art Loss Register”, “Metropolitan Police Service”, Buyuk Britaniyaning tegishli davlat tuzilmalari hamda xalqaro ekspertlar faol ishtirok etdi. Ular hamkorligi natijasida jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan qimmatli tarixiy buyumlar O‘zbekistonga qaytarilmoqda.

Londondagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro tadbirda ham qaytarilgan noyob madaniy meros namunalari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. ishtirok etdi.

Britaniya va boshqa davlatlardan tarixchilar, sharqshunoslar, diplomatlar va madaniyat sohasi vakillari qatnashgan ushbu tadbirda Temuriylar davri tarixi, Amir Temur shaxsiyati va O‘zbekistonning madaniy merosni saqlash bo‘yicha ishlari haqida materiallar namoyish etildi. Britaniyalik aktyor ser Ben Kingsli ishtirokidagi “Temuriylarning oltin davri” yangi mini-filmi premerasi ham taqdim etildi.

WOSCU tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi yangi nashr – Firuza Melvillning “Kembrij universiteti kutubxonalarida Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosi” nomli kitobi ham taqdim etildi.

Tadbirning eng muhim qismi O‘zbekistonga madaniy boyliklarni qaytarish marosimi bo‘ldi. Qaytarilgan eksponatlar orasida Markaziy Osiyo tarixining turli davrlariga oid 10 ta noyob osori-atiqa mavjud. Ular Kushon davri, qadimgi Termiz, buddaviylik san’ati va Sug‘d madaniyati bilan bog‘liq. Ayrim buyumlar milodiy II–VIII asrlarga tegishli. Shuningdek, Temuriylar davriga oid noyob kenotaf ham qaytarilgan meros orasida bor.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning ma’lum qilishicha, ushbu jarayon bir necha oy davom etgan xalqaro hamkorlik natijasidir. Unda turli mamlakatlardan ekspertlar, huquqshunoslar va olimlar ishtirok etgan. O‘zbekistonga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlar aniqlangach, maxsus xalqaro ishchi guruh tuzilgan va qaytarish jarayoni amalga oshirilgan.

Buyuk Britaniya huquq-tartibot organlari vakillari ham madaniy merosni qonuniy egasiga qaytarish muhim ekanini ta’kidladi. Ular bu jarayon san’at sohasidagi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashning bir qismi ekanini qayd etdi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i, detektiv-superintendant Kerri Vudning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya huquq-tartibot organlari uchun madaniy boyliklarni qonuniy egasiga qaytarish jarayonida ishtirok etish san’at sohasidagi noqonuniy aylanmalar va jinoyatlarga qarshi kurashning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qadriyatlarni O‘zbekiston xalqiga qaytarish imkoniyatiga ega bo‘lish katta ahamiyatga ega. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniyat, tarixiy xotira va milliy merosni saqlash va qaytarishga berilayotgan e’tibori bunday xalqaro tashabbuslar uchun mustahkam asos yaratayotgani qayd etildi.

Mutaxassislar qaytarilgan buyumlar orasida tosh haykallar, terrakotalar va devoriy suratlar parchalari alohida ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Ular O‘zbekiston hududidagi qadimiy sivilizatsiya markazlari – Qoratepa, Fayoztepa va Dalvarzintepa bilan bog‘liq.

“Art Loss Register” raisi Jeyms Redkliffning aytishicha, Londondagi jarayondan so‘ng O‘zbekistondan olib chiqilgan madaniy buyumlar saqlanayotgan boshqa davlatlarda ham shunday qaytarish ishlari amalga oshiriladi. Bu esa xalqaro hamkorlik va madaniy merosga mas’uliyatli yondashuv tarixiy adolatni tiklashga hamda xalqlarga o‘zining bebaho qadriyatlarini qaytarishga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonlik olimlar fikricha, bu topilmalar mamlakat tarixining turli davrlarini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Toshkentga olib kelingandan so‘ng, ushbu buyumlar ilmiy tekshiruv, restavratsiya va kataloglashtirishdan o‘tkaziladi hamda xalqaro ilmiy muomalaga kiritiladi.

Tadbir yakunida madaniy merosni qaytarish bo‘yicha rasmiy hujjatlar imzolandi. Tomonlar bu jarayonni tarixiy adolatni tiklash va xalqaro hamkorlikning muhim namunasi sifatida baholadi.