Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab 2028 yil 31 dekabrga qadar Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan:
- terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarib, realizatsiya qilingan tayyor charming har bir detsimetr kvadrati uchun 350 so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi;
- poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 mln so‘m, biroq bir korxona uchun bir kalendar yilida 50 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi;
- poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari qiymatining 50 foiz qismi, biroq bir kalendar yilida Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 10 ming AQSH dollari, boshqa davlatlar uchun 5 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
- yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan me’yorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.
2026 yil 1 sentabrdan:
- davlat xaridlarida ishtirok etadigan korxonalarga mahsulot ishlab chiqarishda kooperatsiya asosida mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish o‘rinlari soni, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan savdo belgisi va brendiga ko‘ra qo‘shimcha ball berish va 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etish tartibi joriy etiladi;
- davlat buyurtmachilari uchun davlat xaridlari elektron tizimi orqali xarid qilinadigan maxsus poyabzallarning davlat xaridlari tavsifida muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi axborotni joylashtirish talabi joriy etiladi.